Muqaddas kunlarda qibraylik Dilnuraga yordam qo‘li cho‘zildi (video, suratlar)

Jamiyat 22:53 / 18.06.2017 19783

17 iyun kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ining bir necha guruhlarida muborak Ro‘zai Ramazon kunlarida qibraylik Dilnura ismli nogiron qizga va uning kam ta'minlangan oilasiga yordam qo‘lini cho‘zish so‘rab joylangan postlar joylandi. 

"Assalomu alaykum, gapni nimadan boshlashni ham bilmayman. Bir kam ta'minlangan oila yordamga muhtoj. Qibray tomonlarda propiskasiz yashashadi, birovlarning molini boqishadi va shu tariqa miya suyagida muammosi bo‘lgan nogiron qizlari bilan kun kechirishadi. Qiz 12 yoshda, aqlli, quvnoq, lekin mustaqil harakatlana olmaydi va ko‘zida ham nuqsoni bor. Ular uch yildan beri nogironlar aravachasiga navbatga turishadi, ammo besamar... Tibbiy muolajalarni olishga imkon yo‘q. Yordam berish imkoniga ega bo‘lgan kishilar sado berishsa, yaxshi bo‘lardi. Qizchaga nogironlar aravachasi va Toshkentda davolanishga erishishga yordam berishingizni so‘rayman".

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu murojaatga juda ijobiy munosabatda bo‘lib, Dilnuraga yordam qo‘lini cho‘zishni istaganlar ko‘pchilikni tashkil qildi - kimdir pul bilan, kimdir esa sovg‘a-salomlar bilan. 

Bugun bu mavzuda yana bir post qo‘yilib, unda shunday deyilgandi: 

"Hurmatli guruhdoshlar, men bugun bu oilada bo‘ldim... ushbu muqaddas kunlarda bizni shunday xayrli ishga yo‘naltirgan post  muallifiga rahmat. Oila boshlig‘i Abdumalik aka uyda yo‘q ekanlar, pul topish ilinjida mol boqish bilan band ekanlar. Telefon orqali suhbatlashdik. U murojaatga befarq bo‘lmay, yordam qo‘lini cho‘zganlarning barchasiga minnatdorchilik bildirdi. Aytishlaricha, kechaning o‘zidayoq aravacha bilan bog‘liq muammo hal qilingan. Bu postni o‘qigan amerikalik yurtdoshlarimizdan biri qizchaga nogironlik aravachasini yo‘llagani ma'lum bo‘ldi, shu kunlarda uni yetkazib berishadi. Men yana qanday muammolar borligi, qanday yordam kerakligi haqida so‘radim. Ular hozircha boshqa shoshilinch narsa yo‘qligini aytdilar. Kelgusi hafta shifokorga ko‘rinishmoqchi, uyog‘i keyin ma'lum bo‘ladi. Dilnura va uning onasi bilan suhbatlashdim. Bilishimcha, u avval maktabga qatnagan, hozirgi manzilga ko‘chishganidan keyin esa imkon bo‘lmagan. Propiska muammosi. Harakatlanish imkonining cheklanganligi (hisoblab ko‘rsam, eng yaqin oradagi maktab 7-8 kilometr kelar ekan, qishda yoki yomg‘irli havoda buning umuman iloji yo‘q). Qizga kitoblar, albomlar va shu kabi o‘quv qurollari kerak. Uning o‘zi shuni juda xohlaydi. Ko‘ylak, soch to‘g‘nog‘ichlari va umuman qizlarga kerakli taqinchoqlar...".

Ma'lum bo‘lishicha, hozirga qadar Dilnura uchun 5 million atrofida pul va ko‘plab sovg‘a-salomlar to‘plangan. Postlar ostida izoh qoldirayotganlar o‘zbek xalqi bilan faxrlanishlari, shunday yoshlarni tarbiyalagan ota-onasiga minnatdorchilik bildirishgan. Yana kimlardir shu ulug‘ kunlarda savob qilish uchun sanoqli kunlar qolgani, bunday imkoniyatdan foydalanib qolish kerakligini yozishgan. 

Qizning oilasiga pul va sovg‘alar topshirilgan video va suratlar tarmoqda taqdim etildi. 

Ko‘proq yangiliklar: