Toshkentda tilla taqinchoqlarga «dam solib qo‘yadigan» firibgar ayol qidirilmoqda

Jamiyat 13:33 / 17.06.2017 26123

2017 yilning 11 iyun kuni soat 14:00 da, Olmazor tumanida yashovchi Sohib Tolmasov (shaxslarning anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismining «102» xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, xonadoniga ikki nafar noma'lum shaxslar bosqinchilik yo‘li bilan kirishib, turmush o‘rtog‘i Nargiza Tolmasovani urib, jami narxi 5.000.000 so‘mlik tilla taqinchoqlarni egallashganligi to‘g‘risida xabar bergan. 

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan Tolmasova bilan o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, u turmush o‘rtog‘idan qo‘rqqan holda tilla taqinchoqlarini talon-toroj qilib ketilganini o‘ylab topganini tan olgan, aslida shu kuni bir nafar osiyo millatiga mansub noma'lum ayol, eski narsalarni sotib olishini vaj qilib, uyga kirganligini va Tolmasovani bolalari kasalligini, shu sababli tilla taqinchoqlariga «dam solib qaytarish» mumkinligiga ishontirib, tilla taqinchoqlarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi hamda hodisa joyidan noma'lum tomonga yashiringanligi aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya'ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li qo‘lga kirtish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ushbu jinoyatni sodir etgan noma'lum shaxsni aniqlash yuzasidan chora tadbirlar ko‘rilmoqda. 

Ushbu shaxsni kimdir tanisa va turar joy manzilini bilsa yoki uning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: