Samarqanddagi sobiq zavod o‘rnida Samarkand city erkin turistik hududi tashkil etiladi

O‘zbekiston 22:53 / 17.06.2017 17104

«Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi mobaynida shahardagi Amir Temur ko‘chasida joylashgan «Alpomish» MChJ (sobiq «Krasnyy dvigatel» zavodi)ning bino va inshootlarini hamda ular joylashgan va tutashgan yer maydonlarini Samarqand shahar hokimligi balansiga berilishi va «Alpomish» MChJga teng qiymatli bino-inshootlar berilishi yoki uning qiymatini belgilangan tartibda to‘lanishi belgilab berilgan edi», — dedi Samarqand shahar hokimi V.Rahimov 16 iyun kuni jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Samarqand shahar hokimining farmoyishi asosida «Alpomish» MChJning bino va inshootlarini qabul qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, hududda to‘liq xatlov ishlari olib borildi.

MChJning bino va inshootlarini, ular joylashgan hamda tutashgan yer maydonlarini shahar hokimligi balansiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Viloyat hokimligi, Samarqand shahar hokimligi va «Alpomish» MChJ ta'sischilari (ular orasida rossiyalik va xitoylik tadbirkorlar ham bor) o‘rtasida kelishuv bayonnomasi tuzildi.

«Alpomish» MChJga Gagarin ko‘chasidagi 3582 kv. metr bo‘lgan 5 qavatli ma'muriy bino va yordamchi bino-inshootlarga doimiy egalik qilish huquqi berildi. 

«Alpomish» MChJning hududida Samarkand city erkin turistik hududini tashkil qilish, loyihani amalga oshirish muddatini, moliyalashtirish manbalarini, loyiha ijrochilarini, zavod hududini yangi qurilish ishlariga tayyorlash mexanizmlarini aniqlash bo‘yicha topshiriqlar ijrosi tegishli tartibda olib borilmoqda, dedi shahar hokimi V.Rahimov matbuot anjumanida.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan «Alpomish» MChJ hududida Samarkand city erkin turistik hududni tashkil etish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilib, viloyat hokimligiga, Davlat qurilish va arxitektura qo‘mitasiga, TIF «Milliybank»ka kelishish uchun kiritilgan.

Samarkand city erkin turistik hududida zamonaviy mehmonxonalar va boshqa turistik infratuzilma obektlarining qurilishini moliyalashtirish uchun xorijiy strategik (Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoy) hamda mahalliy investorlarni jalb qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi, dedi bu boradagi so‘zlarini yakunlar ekan, Samarqand shahar hokimi Vohid Rahimov.

Ko‘proq yangiliklar: