Markaziy bank tijorat banklari ustidan vasiylik rejimi o‘rnatishi mumkin

O‘zbekiston 23:30 / 17.06.2017 44757

2017 yil 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va kapitallashuv darajasini oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qaror matniga ko‘ra, tijorat banklari kapitallashuv darajasini ta'minlash, bank tizimi moliyaviy barqarorligini oshirish va ularning investitsion loyihalar va tadbirkorlikni moliyalashtirishda ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida, Markaziy Bank, Moliya vazirligi va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 2017 yilda tijorat banklarida davlat ulushlarining O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 500 millon AQSh dollari ekvivalentiga oshirilishi haqidagi taklifi ma'qullangan.

Ilovaga ko‘ra, eng ko‘p mablag‘ «Agrobank»ka berilmoqda — 100 mln. AQSh dollari. Ro‘yxatda shuningdek, «Milliy bank»  (51 mln.), «Asaka bank» (70 mln.), «O‘zsanoatqurilishbank» (71 mln.), Xalq banki (65 mln.), «Qishloq qurilish bank» (46 mln.), «Ipotekabank» (60 mln.), «Mikrokreditbank» (30 mln.) va «Turonbank» (7 mln.) bor.

Tijorat banklarining nizom jamg‘armalariga yo‘naltirilayotgan O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari ularning nizom jamg‘armasida mablag‘lar kiritilgan kundagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o‘rnatilgan kurs bo‘yicha hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga likvidlik taqchilligi yuzaga kelgan vaziyatlarda tijorat banklariga 3 oygacha muddatga ta'minotsiz kreditlar berish mexanizmini joriy etish vazifasi yuklatildi. Bu kreditlar faqatgina to‘lovlarning uzluksizligini ta'minlash maqsadida likvidlikni ta'minlash uchun beriladi va ularni banklar kredit berish yo‘lida sarflashi mumkin emas. 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ta'minotsiz kredit olganidan so‘ng mijozlarning to‘lovlarini uzluksiz ta'minlay olmagan tijorat banklari ustidan vasiylik rejimi o‘rnatishga haqli ekanligi prezident qarorida belgilab qo‘yildi.

Ko‘proq yangiliklar: