Samarqand shahrida tramvay yo‘nalishlari tarmog‘i kengaytiriladi

O‘zbekiston 16:33 / 16.06.2017 10303

16 iyun kungi matbuot anjumanida jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan, Samarqand shahar hokimi V.Rahimov shaharda tramvay qatnovi yanada kengaytirilishini ta'kidlab o‘tdi.

«Ayni paytda Sartepa massivi va Temir yo‘l vokzali yo‘nalishida tramvay qatnamoqda. Tramvay yo‘li yotqizilgunga qadar bu odamlarga yoqmadi, «tramvay shaharda boshqa transport qatnoviga xalaqit beradi», deya uning qurilishini bekor qilishni so‘rab prezidentning virtual qabulxonasiga yozganlar ham bo‘ldi», — dedi anjumanda shahar hokimi V.Rahimov.

«Lekin vaqt o‘tib ravshanlashdiki, tramvay odamlar uchun ham, mahalliy byudjyet uchun ham, atrof muhit uchun ham o‘ta foydali, xavfsiz va qulay transport bo‘lib chiqdi», — dedi u.

«Tramvayni xavfsiz transport dedim, fursatdan foydalanib, yaqinda u bilan bog‘liq shaharimizda ro‘y bergan noxush voqea haqida izoh berib o‘tsam. Ayni paytda tramvay haydovchilarining barchasi Toshkentdan kelishgan. Ularning yoniga ikki-uch nafar mahalliy stajyorlar qo‘yganmiz. O‘sha kuni ehtiyotsizlik oqibatida burilishda tramvay o‘z izidan chiqib ketib, o‘rtadagi ustunga urilgan va uni qulatgan. Hech kimning joniga hech qanday zarar yetkazilgani yo‘q», dedi Samarqand shahri hokimi V.Rahimov.

«Vokzaldan Sartepagacha tramvay muvaffaqiyatli qatnab turgan bo‘lsa, ayni paytda Rudakiy ko‘chasi bo‘ylab Siyob bozori tomon tramvay yo‘li yotqizish ishlari olib borilmoqda. Kelgusida tramvay yo‘nalishini Gagarin ko‘chasi va Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab, Narpay yo‘li ko‘chasi orqali Kimyogarlar qo‘rg‘onigacha yetkazish mo‘ljallangan», dedi V.Rahimov.

«Ayni paytda Samarqand temir yo‘l muhandislari kasb-hunar kolleji bazasida tramvay haydovchilari tayyorlash bo‘limi ochilgan. Yaqin kunlarda shahrimizda qatnayotgan tramvaylar soni esa 35 taga yetkaziladi», dedi shahar hokimi.

Ko‘proq yangiliklar: