Nazarboyev global kriptovalyuta yaratishni taklif qildi

Iqtisodiyot 18:04 / 16.06.2017 12746

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev X-Ostona iqtisodiy forumida xalqaro kriptovalyuta yaratish vaqti kelganini ma'lum qildi.

«Xalqaro hisob-kitob birligini joriy etish haqidagi masalani jiddiy ko‘rib chiqish vaqti keldi. U dunyoni valyuta urushlari, savdo munosabatlaridagi anglashilmovchiliklar, chayqovchilikdan qutqaradi, bozordagi o‘zgarishlar ehtimolini pasaytiradi», - dedi u.

Nazarboyevning ishonch bildirishicha, bunday valyuta «emissiyaning oddiy transparant mexanizmiga ega bo‘lishi kerak, u o‘zining iste'molchilari nazoratida» turishi kerak.

«Raqamlashtirish, blokcheyn kabi texnologiyalar rivojini e'tiborga olsak, bunday hisob-kitob birligini kriptovalyuta ko‘rinishida yaratish mumkin. Muhimi, u aniq aktivlar orqali ta'minlashga asoslangan bo‘lishi lozim», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Qozog‘iston prezidentining ta'kidlashicha, global valyutani markaziy banklar o‘rtasida kelishuvni, masalan, BMTning maxsus tashkil etilgan qo‘mitasida joriy etish orqali yaratish mumkin.

«(Ushbu tashkilotda – tah.) barcha davlatlarning teng huquqli, adolatli vakolatxonalari va uning missiyalari bo‘lishi kerak. Masala, albatta, oddiy emas. Biz muloqot qilishimiz va uning yechimini topishimiz kerak», - deya xulosa qildi Nazarboyev.

 

Ko‘proq yangiliklar: