Xitoyda milliarder bo‘lish tobora xavfli bo‘lib bormoqda

Jamiyat 01:22 / 16.06.2017 23556

Moliya kompaniyasi yetakchisini Xitoyning o‘lib ketgan sobiq rahbari bilan yaqin qarindoshligi ham qutqara olmadi.

AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi bilan ishbilarmonlik munosabatlari o‘rnatishga uringan moliya magnati U Siaohuey yo‘qolib qoldi. Pekindagi kompaniya esa rais «shaxsiy sabablarga ko‘ra» o‘z xizmat vazifasini ado etolmasligini e'lon qildi.

OAV esa uning qo‘lga olingani va tutqunlikda saqlanayotganini xabar berdi. Biroq, nima uchun u qamoqda? U o‘z kirdikorlari va partiya s'yezdi oldidan tozalash ishlari qurboni bo‘ldimi? Chunki janob Uning konglomerati xorijda qimmatbaho mehmonxonalarni qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan, xususan, «Nezavisimaya gazeta»ning yozishicha, biznesmenni xorijliklar bilan shubhali bitimlar imzolagan uchun qo‘lga olishgan.

U Siaohueyning karerasi juda ajoyib edi. Avtomobil sug‘urtachisi sifatida ish boshlagan U bugungi kunga kelib «Anbang» moliyaviy tizimini yaratgan va uning aktivlari 300 milliard AQSh dollariga baholanmoqda. Uning shaxsiy aloqalari har qanday ko‘ngilsizliklardan himoya qilishi kerakdek. Chunki Xitoyning ayni paytda vafot etgan sobiq yetakchisi, iqtisodiy islohotlar arxitektori Deng Siaopingning nevarasiga uylangan.

Amerikada ham «Anbang» raisining juda jiddiy tanishlari bor. U AQSh prezidenti ma'muriyatining biznes ishlari bo‘yicha maslahat kengashi rahbari Stiven Shvartsmandan mehmonxonalar sotib olgan. O‘tgan yilning noyabrida esa U Jared Kushner — Trampning kuyovi va maslahatchisi bilan uchrashgan. O‘shanda xitoylik ishbilarmon Kushnerga qisman tegishli Manhettandagi bir binodan ulush sotib olmoqchi bo‘lgan. Bu kelishuvni rad etishga to‘g‘ri kelgan, chunki prezident maslahatchisi tomonidan ba'zi bir etika qoidalari buzilayotgani ommaviy axborot vositalari tomonidan shov-shuv qilindi.

New York Times’ning ta'kidlashicha, Uning hibsga olinishi AQSh va Xitoy uchun jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradi. Xitoy uchun oqibatlar ravshan: «Anbang» bilan bog‘liq banklar aksiyalari bahosi kechadan boshlab pastga qulay boshladi.

Uni hibsga olish haqida dastlab Xitoyning Caijing mahalliy jurnali xabar berdi. Ushbu hibs «Anbang» konglomerati ustidan olib borilayotgan tergovning tarkibi qismi bo‘lgan. Gap shundaki, bu kompaniya pul mablag‘larini boshqarish bo‘yicha chayqov mahsulotlarini bozorga yetkazuvchi asosiy ta'minotchi bo‘lgan. Bu esa ko‘plab xitoylik investorlarni o‘ziga jalb qilgan.

Biroq sug‘urta bozorini tartibga soluvchi kompaniya harakatlarida qonunga xilof jihatlarni topgan va unga uch oy mobaynida yangi sug‘urta mahsulotlarini sotishni taqiqlab qo‘ygan.

Hozircha U bilan bog‘liq ish nima bilan yakunlanishi noma'lum. Kompaniyaning moliyaviy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashuvchilarning to‘riga ilingan ba'zi bir direktorlari bir necha kunga yo‘q bo‘lib qolgan va yana ishga qaytib o‘z ishlarini davom ettiraverishgan.

Siao Jianhua — eng mashhur bankirlardan birining taqdiri esa og‘irroq. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, u yanvar oyida Hongkongdagi hashamatli mehmonxonalardan birida xitoylik politsiyachilar tomonidan qo‘lga olingan va XXR hududiga olib kirilgan. Shundan beri u omma oldida ko‘rinish bermagan. 2012 yil siyosiy mojaro markazida qolib ketgan milliarder Syuy Ming esa 2015 yilda qamoqxonada 44 yoshida vafot etadi.

«Anbang» kompaniyasi esa xitoylik investorlardan pul yig‘ib, uni xorijda tasarruf eta boshlagan. O‘tgan yili xorijda ko‘chmas mulk xarid qilish uchun 6 milliard dollar sarflangan.

Uning qo‘lga olinishi Pekin uchun juda bir nozik vaqtda ro‘y berdi. Kuzda kommunistik partiyaning XIX s'yezdi bo‘lib o‘tadi. Unda yangi avlod rahbarlari saylab olinadi. S'yezdoldi davrida partiya siyosiy va moliyaviy barqarorlikning saqlanishiga birinchi navbatda e'tibor qaratmoqda.

«Nezavismaya gazeta» bilan suhbatda MDU Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti direktori muovini Andrey Karneyev «Anbang» raisining hibsga olinishiga Caijing jurnalida chop etilgan materiallar sabab bo‘lganini aytib o‘tgan. Bu nashr avval ham kompaniyaning shubhali operatsiyalari haqida materiallar e'lon qilib turgan. Taxmin qilinishicha, fosh etuvchi xarakterdagi materiallar jurnalga korrupsiyaga qarshi kurashuvchi bosh organ — intizomni tekshirish bo‘yicha markaziy komissiya rahbari Vang Tsishang tomonidan yetkazilib turilibdi. «Partiya moliyaviy sohada tartib joriy etishga kirishganga o‘xshaydi», — deydi ekspert.

Xitoylik boylarning xorijda qo‘lga kiritayotgan narsalari ichida futbol klublari ham bor. Xitoylik boyvachchalardan biri Li Yonghong shu yilning aprelida Italiyaning «Milan» klubi egasiga aylandi. Hozircha shunisi ma'lumki, u «Milan»ni rivojlantirish uchun 1 milliard yevro sarflamoqchi. Guardian’ning yozishicha bu borada Xitoy hukumati tomonidan biror e'tiroz bildirilmagan. Biroq Silvio Berluskoni tomonidan 31 yil mobaynida boshqarilgan klubning yirik miqdordagi qarzlari vaziyatni og‘irlashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: