GM Uzbekistan ikki yangi modeldagi avtomobilni ishlab chiqarishni o‘zlashtiradi

Fan-texnika 14:43 / 16.06.2017 57080

GM Uzbekistan QK 2018-2021 yillarda yengil avtomobillarning ikki yangi modelini ishlab chiqarishni o‘zlashtiradi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni “Avtomobil sanoatini 2017-2021 yillarda yanada rivojlantirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarorni imzoladi. 

Prezident qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini 2017-2021 yillarda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Dastur sohada amalga oshiriladigan sarmoyaviy loyihalar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi.

Qarorga ko‘ra, GM Uzbekistan QK 2018-2020 yillarda yangi yengil avtomobilni seriyali ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha birinchi loyihani amalga oshiradi. Loyiha qiymati 143,8 mln. dollarga teng, xorijiy sarmoyalar va kreditlar hajmi esa 60,5 mln. dollarni tashkil etadi. Liniya quvvati yiliga 46 ming avtomobillar teng.

Qiymati 130,8 mln. dollar bo‘lgan ikkinchi loyiha 2019-2021 yillarda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida yiliga 43 mingta yangi avtomobilni chiqarish bo‘yicha quvvatlar tashkil etiladi.

Shu bilan birga, qarorda GM Uzbekistan QK aynan qanday yangi modellarni ishlab chiqarishi haqida hech narsa deyilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: