AQSh senati Eronga qarshi sanksiyalar haqidagi qonun loyihasini qabul qildi

Jahon 07:45 / 16.06.2017 4982

AQSh senati Eronga qurol-aslaha yetkazishda ishtirok etganlik uchun sanksiyalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Hujjat zarur miqdordagi ovoz yig‘a olgan.

Qonun loyihasi matniga ko‘ra, AQSh prezidenti Eronning ballistik raketa yoki boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurollari yaratishi dasturiga aloqasi bo‘lgan yoki ko‘mak ko‘rsatgan shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritishi kerak. Sanktsiyalar kiritishga moliyaviy xizmatlar, moddiy va texnologik qo‘llab-quvvatlash, raketalarni yaratish uchun materiallarni tashishni tashkillashtirish kabi xatti-harakatlar asos bo‘lishi mumkin. Sanktsiyalar ostiga tushgan shaxslar AQSh vizasi ololmaydilar, amerikaliklarga esa bunday odamlar bilan ishchi munosabatlar o‘rnatish taqiqlanadi. Bunday shaxslarning AQShdagi mol-mulki va aktivlariga taqiqlov qo‘yiladi.

Qonun loyihasiga AQSh prezidenti Eronga "tank, zirhli texnika, yirik kalibrli artilleriya qurilmalari, jangovar aviatsiya, zarba beruvchi vertolyotlar, harbiy kemalar, raketa va raketa tizimlari" yetkazib berishda ishtirok etganlarni "qora ro‘yxat"ga kiritishi majburligi haqidagi band kiritilgan.

Eron qurolli kuchlarining nufuzli qismlari – Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga nisbatan sanksiyalar kiritish alohida ko‘zda tutilgan. Sanktsiyalar, shuningdek, korpus bilan hamkorlik qiluvchi xorijiy shaxslarga ham taalluqli bo‘ladi.

Ushbu qonun loyihasiga, shuningdek, Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni qat'iylashtirish haqidagi tuzatish kiritilgan. Endi bu qonun loyihasi vakillar palatasi tomondan ko‘rib chiqiladi va agar ma'qullansa, AQSh prezidentiga imzolashga topshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: