«Xavfsiz shahar» tizimi Xitoy ko‘magida joriy etiladi

Jamiyat 19:28 / 15.06.2017 6084

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida «Xavfsiz shahar» tizimini joriy etishning kelgusi istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov «Xavfsiz shahar» tizimini joriy etishga taalluqli  ishlarni  batafsil muhokama qilish uchun mamlakatga kelgan Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi («CASIC»)  delegatsiyasi bilan muzokara olib borar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoyga tashrifi tufayli ikki do‘st mamlakat hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilganini ta'kidladi. 

Delegatsiya a'zolarining ushbu tashrifi ana shu hamkorlikning mantiqiy davomi ekanligini qayd etdi. Vazir davlat rahbari Sh.Mirziyoyev tashrifi chog‘ida Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasida bo‘lib, «Xavfsiz shahar» tizimining taqdimot marosimi bilan qiziqib qolganini eslatdi.
 
Umuman olganda, O‘zbekiston  Respublikasi  IIV, xususan, IIV huzuridagi respublika «Qo‘riqlash» birlashmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Toshkent shahar  IIBB mutaxassislari «Xavfsiz shahar» apparat-dastur kompleksini tatbiq etish borasida muayyan tajribaga ega. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining so‘zlariga qaraganda, hali bu yo‘nalishda ko‘p ish qilindi, deb bo‘lmaydi, ammo eng asosiysi, poytaxtda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda jamoat xavfsizligi darajasini oshirish yo‘lida dastlabki qadamlar qo‘yildi. Ushbu  yo‘nalishda vazirlik tizimi mutaxassislari yuqori texnologiyalar ishlab chiqaruvchi Rossiya Federatsiyasi hamda Xitoyning boshqa kompaniyalari mutaxassislari bilan ham hamkorlik qilishgan. Lekin bugungi kunda aynan Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi mutaxassislarining ishlanmalari ma'qul ko‘rilyapti. 

Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi Bosh direktori o‘rinbosari, delegatsiya rahbari Sun Sin o‘z navbatida korporatsiyaning faoliyati, ishlanmalari va mahsulotlari qaysi sohalarda, shu jumladan, davlat va jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgani haqida gapirib berdi. 

U O‘zbekiston IIV rahbarini Xitoy aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi xodimlari respublika IIV bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning ba'zi jihatlarini muhokama qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: