San'atkor soliq to‘lamaydi?! Mavzu davom etadi...

Jamiyat 12:30 / 11.06.2017 171757

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov qo‘shiqchilarning soliq to‘lashi kerakligi mavzusini yana davom ettirdi va o‘z pozitsiyasini yanada kengroq bayon qildi. U shu mavzudagi ikkinchi maqolasida birinchi maqoladan keyin bildirilgan e'tirozlarga javoblar qaytargan.

Maqolani savol bilan boshlamoqchiman: 

O‘zbekiston Qahramoni unvoni nufuzliroqmi yo ayrim artistlarimizning «O‘zbekiston xalq artisti» unvonimi?

Urush qatnashchilari davlat tomonidan ko‘rsatiladigan imtiyozga loyiqmi yoki to‘rt muchasi soppa-sog‘ «xizmat ko‘rsatgan artist»larimizmi?

Doimiy parvarishni talab qiladigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota-onadan biri ko‘mak va ardoqqa muhtojroqmi yoki biror tayinli qo‘shig‘i bo‘lmasa-da, somon qo‘shilgan «loysuvoq»qa arzimasa-da, o‘zlarini «Somon yo‘li galaktikasida xizmat ko‘rsatgan megayulduz» hisoblovchi «otarchi»lar?

Nega unda solishtirishda birinchi sanalganlar daromadidan soliq to‘lashda qisman imtiyozga ega-yu, «O‘zbekkonsert»ning tegishli litsenziyasini qo‘lga kiritgan barcha turdagi san'atkorlar Soliq kodeksiga ko‘ra, to‘y-tomoshalardan topgan daromadlaridan soliq to‘lashdan to‘liq ozod qilingan?

Kuni-kecha Kun.uz saytida e'lon qilingan «Ozodbek Nazarbekov to‘g‘ri gapirdi, lekin...» maqolasi san'atimizning yosh va o‘rta avlod vakillariga murojaat edi. Agar ularni bir futbol jamoasiga qiyoslansa, uning sardoriga murojaat — aslida butun jamoaga murojaat hisoblanganidek, gap faqat Ozodbek Nazarbekov haqida emas edi. Bilamiz, ushbu san'atkorimiz shak-shubhasiz, zamonaviy san'atimizning darg‘asi hisoblanadi, juda ko‘p narsada aksariyatga o‘rnak bo‘lib kelgan, kelayapti, bo‘la oladi. Maqolaning so‘ngida «gapirmang», deganimda ham u kishi nazarda tutilmagandi. Albatta, O.Nazarbekov, Sh.Qayumov, G‘.Yoqubov kabi ustoz san'atkorlarning har qancha so‘zga chiqishga haqlari bor. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik o‘quvchilar maqola mohiyatini noto‘g‘ri tushunib, yoppasiga Ozodbek Nazarbekovni tanqid ostiga olishgan, o‘zlaricha talqin qilishgan. Yana bir marta takrorlayman, maqola O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov haqida emas. 

Maqola e'lon qilinganidan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlar orasida «jurnalistlar birovning pulini sanashi yaxshi emasligi», «otarchilarning soliq to‘lashi bilan jurnalist emas, soliq idoralari shug‘ullanishi kerakligi» haqida o‘zbekona koyishnamo maslahatlaru izohlar ham uchrayapti. Shu narsa oydinlashayaptiki, litsenziya uchun haqni to‘lab qo‘ydikmi, soliqdan ozodmiz yoki litsenziya to‘lovi — o‘sha soliq degani, deb tushunuvchilar juda ko‘p ekan.

To‘g‘ri, san'atkorlar konsertu tomoshalari uchun soliqdan ozod ekanligi Soliq kodeksining 180-moddasi, 1-bo‘lim, 8-bandida belgilab qo‘yilgan. Ideal jamiyatda xalqning e'tiboridagi, o‘zini vatanparvar, xalqparvar hisoblovchi har qanday odam bir yilda vijdon amriga bo‘ysunib deklaratsiya to‘ldiradi, qancha daromad qilganiyu ulardan qancha soliq to‘laganini ochiq-oydin ko‘rsatadi.

Boz ustiga, o‘tgan safar «O‘zbekkonsert» davlat muassasasidagi o‘sha tadbirda Madaniyat vazirligi qoshida qanaqadir umumiy jamg‘arma ochilib, hamma o‘sha yerga pul to‘lasin, degan taklif yangragan edi. Bu juda to‘g‘ri taklif, lekin bu holatda faqat san'atkorlarga qulay bo‘lishi o‘ylanayapti. «Bepul xizmat qilganimiz uchun hurmatimiz qolmayapti, joni achishib, pul to‘lab qo‘yishsa, hurmat-izzatimizni joyiga qo‘yishar balkim», degan iddao bor.

Ammo, hurmat pulga sotib olinmaydi-ku? Hurmat faqat o‘sha san'atkorlarimizning qo‘shiqlarida tarannum etilayotgan jo‘mardlik, halollik, to‘g‘rilik, rostgo‘ylik bilan qo‘lga kiritiladi, deb yurar ekanman. 

Bu yerda bir qiziq jihat bor: shuni san'atkorlar va ularning ayrim tarafdorlari mutlaqo tushunishmayapti. Nega endi bu taklif faqat tekin tadbirlar uchun qo‘llanilishi kerak? Dollarda haq to‘lanadigan to‘y-tomoshalar esa e'tibordan chetda qolishi kerakmi? Aslida, o‘sha narsa pullik tadbirlar uchun qo‘llanilsa, to‘g‘ri bo‘lmaydimi? Ana o‘shanda san'atkorlarimizning hurmati, xuddi bir paytlardagi katta artistlarimiz darajasiga ko‘tarilarmidi. 

Yig‘ilishda tilga olib o‘tilgan fakt — o‘sha dasturxon uchun pulga sotib olinadigan non va suv ishlab chiqaruvchilar soliq to‘lashadi. Farq shu yerda emasmi? Keling, soliq mavzusiga qaytaylik va Soliq kodeksiga murojaat qilaylik. 

Kodeks 180-moddasining birinchi bandiga ko‘ra, konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyasi bo‘lgan shaxslardan tashqari diplomatlar, xalqaro nohukumat tashkilotlarni mansabdor shaxslari, shuningdek, mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, milliy xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari, ichki ishlar organlari hamda bojxona organlarining oddiy xizmatchilari va boshliqlari tarkibiga kiruvchi shaxslar, Konstitutsiyaviy sudning, umumiy yurisdiksiya sudlarining va xo‘jalik sudlarining sudyalari, shuningdek, prokuratura organlarining mansab darajalariga ega bo‘lgan xodimlari — ularning xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan daromadlari bo‘yicha soliqdan to‘liq ozod!

Anglayapsizmi?! Artistlarimiz o‘sha diplomatlar, prokurorlar, sudyalar, huquq-tartibot idoralari kabi topayotgan daromadiga solinadigan soliqdan to‘liq ozod. Ya'nikim, hattoki soliqchi daromadidan soliq to‘laydi — artist esa — YO‘Q.

Endi qarang, olingan daromadidan QISMAN ozod qilinganlar ro‘yxatida kimlar bor (ular daromadining 4 ta minimal ish haqi miqdorigacha bo‘lgan summasi — 600 ming so‘mgacha bo‘lgan qismidan soliq to‘lamaydi, bundan yuqori qismidan TO‘LAYDI):
• «O‘zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan shaxslar, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan shaxslar.
• urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanuvchi ularga tenglashtirilgan shaxslar.
•  bolalikdan nogiron bo‘lib qolganlar, shuningdek, I va II guruh nogironlari.
•  ikki va undan ortiq o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari bor yolg‘iz onalar.
•  ikki va undan ortiq o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari bor va boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olmaydigan beva ayol va beva erkaklar.
•  bolaligidan nogiron bo‘lgan, doimiy parvarishni talab qiladigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota-onadan biri.

Yuqorida sanalgan toifadagi kishilarga qisman imtiyoz taqdim etilib, oyiga 600 ming so‘mdan yuqori daromad topganda soliqqa tortilib turilganida, bir kunda «birrov»da buning o‘n-yigirma barobarini topib yurgan san'atkorlarimiz o‘rnida bo‘lganimda, yumshoqroq qilib aytganda, salgina uyalardim...

Vaziyat, albatta, nazorat ostiga olinishi kerak. Ko‘ryapmiz-ku, san'atkorlarimiz baribir noshukr. Balkim ularni shuncha boshimizga ko‘targanimiz yetar? Balkim tizimga o‘zgartirishlar kiritish vaqti yetgandir, nima dedingiz? Albatta, ular soliq to‘lashlari shart va bu jarayonni nazorat qilishning samarali mexanizmini ishlab chiqish zarur.

Har qanday insonda, har qanday tashkilotda soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami — STIR bor. O‘sha bo‘yicha faoliyat ko‘rsatish kerak. Hamma artist yuridik shaxs bo‘lib, aytaylik, YaTTlar singari hisob-raqam ochishsin. Yoki shunday ijodkorlar (aktyor, artist, raqqosa, yozuvchi-shoir, bastakor, rassomlar va haykaltaroshlar) ning barchasi uchun alohida bir yuridik shaxs maqomi o‘ylab topilsa. 

Ana shunday maqomda bankda hisob-raqam ochilsin va davlat tadbiri uchun pulni ham, konsertlardan tushumni ham, odamlar ham to‘y-tomoshasiga aytgani uchun gonorarni ham, reklama (darvoqe, buning solig‘idan artistlarimiz ozod emas) va xayriya ortidan topgan daromadini ham o‘sha yerga to‘lashsin. Mijozlar bilan kichik shartnoma tuzilsin, bo‘nak olinsin, xizmat ko‘rsatilgach, mijozga chek berilsin. Zarurat bo‘lsa buxgalter yollansin.

Faqat to‘y-tomosha emas, albomi, diski sotilgani, internetda taronalari, ringtonning savdosidan tushadigan pullar ham shu yerga to‘plansin — albatta, bu ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lishi mumkin, biroq xorijdagi hamkasblaringiz daromadi aynan shunday tartibga solinadi. 

Ana shunda yig‘ilgan pullardan qonunchilikda belgilanadigan ma'lum bir soliq to‘lanishi kerak. Bo‘ldi! Barcha pullar iqtisodiyotimiz ichida aylanadi, soliqlari to‘lanadi, O‘zbekiston iqtisodiyoti ravnaqiga (ya'ni, xalqqa) xizmat qilinadi, qo‘shiqlarda tarannum etilayotgan vatanparvarlik real hayotda ham namoyish etib beriladi.

Hozir esa, vijdonan ayting, to‘ylardan topayotgan daromadingizning hammasi ham O‘zbekistonning real iqtisodiyoti ravnaqi uchun xizmat qilayaptimi yoki yashirin (xufyona) iqtisodiyot uchun? Vijdonan, ichingizda o‘z-o‘zingiz uchun javob bering-chi?

Odamlar to‘yimga kelgan san'atkorga dollar beraman, deb qonunni buzib, «qora bozor»da dollar almashtirib yurmasligi kerak. So‘mda, plastikda, firmasidan pul o‘tkazish yo‘li bilan ham to‘yga chaqira olishsin. Chunki davlat idoralari anavi tuzilishi taklif etilgan jamg‘armaga, albatta, pulni ko‘chiradi. Shunday ekan, nega ularga mumkinu, xalqqa mumkin emas? San'atkorlarimizdan kimdir mana shunday takliflarni o‘rtaga tashlaganida haqiqiy millatparvar, xalqparvar, vatanparvar kishining fikrini bildirgan bo‘lardi.

Tushunamiz, studiya xarajatlari bor, klip xarajatlari bor. Radio-televideniyeda qo‘shiqni aylantirish xarajatlari bor. Bitta qo‘shiqni tanitishning o‘zi bo‘lmaydi. Doim e'tiborda bo‘lmasa, san'atkorning «narxi» tushishini ham hamma biladi. Hamma artist ham o‘z niyatiga yeta olmaydi. Bu yo‘lda juda ko‘pchilik sinib, tang ahvolga tushib qoladi, faqatgina mehnat qilganlar va omadlilar ko‘zlagan marrasiga erishadi, degan fikrlar ham yangrayapti. 

Buning otini — shou-biznes, deb qo‘yibdilar. Barcha (ishlab chiqarish, savdo-sotiq sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan) biznesmenlarda ham ahvol shunaqa — kimdir sinadi, kimdir muvaffaqiyatga erishadi. Ularning ham yoppasiga barchasi ravnaq topib ketmaydi. Ular ham reklamaga, tanilishga pul tikishadi. Faoliyat ko‘rsatish uchun litsenziya olishadi va... soliq to‘lashadi.

Farqi — ular mahsulotini sotishadi, sizlar esa... iste'dodingizni. Ularning mahsuloti dasturxonni bezasa, sizning o‘zingiz to‘yxonaga fayz kiritasiz.

«Televizorda bitta klip namoyishiga falon yevro to‘layapman» deyayotganlar qiziqib ko‘ringlar-chi, boshqa biznesmenlar uchun reklamaning daqiqasi necha pul ekan? Bir klip davomiyligidagi (3 daqiqalik) reklama qanchaga tushar ekan? Hammagayam oson emas non topish... Birgina san'atning noni qattiq emas.

Viloyatliklar, ayniqsa, falon restorandagi bir to‘yga «Ozodbek kelibdi», deb eshitib qolasiz. Yoki «Yulduz Usmonova kelibdi», deyishadi. Bilasizmi, avtomatik ravishda menda ham, bu yangilikni eshitgan boshqasida ham «to‘y egasi juda boy ekan», degan fikr keladi va bu rost bo‘lib chiqadi. Qizig‘-a, san'atkorlarimiz xalqqa xizmat qilishyaptimi yoki puli ko‘plarga? Artistlarimiz xalq deganda faqat boy insonlarni tushunishadimi? Albatta, bu xato...

Endi litsenziya masalasiga to‘xtalsak...

«O‘zbekkonsert»ning litsenziyasi esa bu qadar qimmat bo‘lmasligi kerak. Lisenziya uchun to‘langan haqning 70 foizi estradani rivojlantirish fondiga, 30 foizi esa davlat byudjyetiga tushar ekan. Unvoniga qarab, katta pul evaziga litsenziya berilib, Ozodbek Nazarbekovday «bozori chaqqon» artistlarimizdan pul undiramiz, deb o‘z vaqtida xalq artisti unvonini olgan keksa avlod vakillari umuman konsert berolmaydigan qilib qo‘yilmoqda. 

Bizning-cha, «O‘zbekkonsert»ning litsenziyasi nomiga — 1 minimal ish haqi evaziga bo‘lishi kerak. Lisenziya to‘lovi hamma uchun BIR XIL va arzon bo‘lishi kerak. Masalan, xalq artisti, xizmat ko‘rsatgan artist unvonlarini san'atkorlar mehnat qilib olishgan. Bu ularga qo‘shimcha to‘lov emas, aksincha, imtiyoz keltirishi kerak emasmi?! XALQ ARTISTI va XIZMAT KO‘RSATGAN artistning o‘zi e'tirofli unvon. Unga yana litsenziya — bu davlat ishonib topshirgan unvonni tahqirlash emasmi? Unvon olgan katta artistlar, shuningdek, «E'tirof», «Nihol», «Kamolot» tanlovlarida g‘olib chiqqan yoshlar avtomatik bepul litsenziyaga ega bo‘lishlari kerak.

Hozirgi sharoitda eng qimmat litsenziyani kiritganlarga chet eldayam konsert berish imkoni taqdim etilar ekan. «O‘zbekkonsert» umuman bu narsaga — san'atkorlarning chet eldagi faoliyatiga, topayotgan puliga aralashmasligi kerak. Bu adolatdan emas, axir! Hammayam chet elda konsert bera olmaydi. Buning o‘zi katta e'tirof, «O‘zbekkonsert» hozircha O‘zbekistonning ichinigina nazorat qilsa ham yetarli.
 
Yoki yaxshi homiylar tarafidan katta-katta pul tikilib, shou-biznes loyihasi sifatida sun'iy ko‘tarilgan, ekranlardan tushmaydigan xonandalar va guruhlar paydo bo‘lmoqdaki, ularning allambalo kiyinishlari, qo‘shiqlari yoshlarimiz ongini zaharlamoqda. Bot-bot gapirilayotgani bilan barcha gap havoga uchmoqda, bunga qarshi samarali kurashish yo‘li o‘ylab ham topilmagan, oqibati o‘ylab ham ko‘rilmayapti. Puli yo‘q iqtidorlar esa chekkada mung‘ayib turishga, bora-bora san'atdan kechishga majbur.

Xullas, san'atkorlarga noo‘rin taqdim etilgan 100 foizlik soliq imtiyozi olib tashlanib, og‘zaki kelishuvlardan qochib, litsenziyani formallashtirish, ko‘rsatgan xizmat uchun to‘lovni yig‘ib, tasarruf etish san'atkorning o‘z gardaniga yuklansa, davlat idoralari san'atkorlarimizga bosim qila olmasdi: xuddi dasturxonga non va suv pulga sotib olinganidek, artist ham puli to‘lanib olib kelinardi.

«Iya, unaqada artistlar umuman to‘lamaydi-ku?!», deya ko‘rmang aslo. To‘laydi, avvalo ularning barchasi — vatanparvar. Ikkinchidan, to‘lashni istamasa ham to‘latsa bo‘ladi, yo‘li ko‘p. Ana, Messi va Krishtianu Ronaldu ham to‘lashyapti, hech vaqo urgani yo‘q ularni...

Shuhrat Shokirjonov

Ko‘proq yangiliklar: