Yana bir marta al-Bag‘dodiyning o‘limi haqida xabar tarqaldi

Jahon 12:40 / 11.06.2017 36911

IShID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy Suriyaning Raqqa shahrida amalga oshirilgan aviazarbalar vaqtida halok bo‘lgan. Bu haqda Daily Mail nashri Suriyadagi telekanalga asoslangan holda xabar tarqatdi.

Hozircha jangarilarning targ‘ibot vositasi bo‘lmish Amaq bu ma'lumotni tasdiqlamadi.

Iyun oyi boshida Suriya kurdlarining harbiy bo‘linmalari IShID poytaxti sanalmish Raqqa shahrini qamal qilishni boshlagandi. Hujum boshlagan otryadlar «arab-kurd» otryadlari sanalayotgan bo‘lsada, asosiy ishlarni kurdlar bajarmoqda.

Bundan oldinroq razvedka xizmatlari Iroqdagi Mo‘sul qamal qilingach, IShID rahbari bu shahardan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Keyinroq u qamaldan chiqish vaqtida qo‘lga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo Pentagon bu xabarni tasdiqlamadi.

Qayd etish kerakki, keyingi yillarda bir necha marta nashrlar al-Bag‘dodiyning qattiq yaralangani yoki vafot etgani haqida xabarlar bergan, ammo bu xabarlarning hech qaysisi tasdig‘ini topmagan.

Ko‘proq yangiliklar: