2020 yilgi Olimpiada dasturiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi

Sport 17:01 / 10.06.2017 8963

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ayollar va erkaklar o‘rtasidagi (gender) teng huquqlikka maksimal erishish maqsadida Tokioda o‘tadigan 2020 yilgi yozgi Olimpiada dasturiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda XOQ saytida ma'lum qilindi. 

Ta'kidlanishicha, dasturga 15 ta yangi sport turi qo‘shilgan, bunda aralash yo‘nalishlar miqdori 9 tadan 18 tagacha ko‘paygan. Bu o‘zgarishlar avval faqat erkaklar ishtirok etgan akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, yelkanli sport va merganlik sport turlariga taalluqli bo‘ldi.

Shuningdek, og‘ir atletikachilar o‘rtasida gender farqlarni minimallashtirish maqsadida erkaklar o‘rtasidagi musobaqalardan bir vazn toifasi istisno qilindi.   

Ushbu Olimpiada ayollar o‘rtasida rekord sondagi musobaqalarni taklif qiladi. 
Bu choralar evaziga Olimpiadada rekord miqdordagi ayol sportchilar ishtirok eta oladilar. Ularning soni 5176 nafarni tashkil qiladi va bu barcha ishtirokchilar sonidan 48,8 foiz demakdir. Riodagi oxirgi Olimpiadada ayol sportchilarning ulushi 45,2 foizni, 2012 yil Londonda esa 44,2 foizni tashkil qilgan. Tokiodagi rekord ko‘rsatkichga erkaklar o‘rtasidagi musobaqalardan bir qismining ayollar o‘rtasidagi musobaqalar bilan almashtirilgani evaziga erishildi.     

XOQ prezidenti Tomas Baxning aytishicha, Tokiodagi 2020 yilning 24 iyulidan 9 avgustigacha o‘tadigan Olimpiada "navqironroq, shaharboproq" bo‘ladi va ko‘proq ayol sportchilarni o‘z ichiga oladi.  

Olimpiada dasturiga 4x100 metrga aralash kombinatsiyalashgan suzish, 4x400 metrga aralash yugurish, kamondan o‘q otish, dzyudo, triatlon bo‘yicha aralash musobaqalar, shuningdek, stol tennisida aralash juftlar musobaqalari kiritildi. Suzishda, shuningdek, ikkita yo‘nalish – erkaklar o‘rtasida 800 metrga va ayollar o‘rtasida 1500 metrga suzish musobaqalari qo‘shildi. Shuningdek, dasturga ayollar va erkaklar o‘rtasidagi "uchga uch bo‘lib" basketbol o‘ynash, velosportda trekda "medison" yo‘nalishi bo‘yicha ayollar va erkaklar o‘rtasidagi musobaqalar, qilichbozlik bo‘yicha ayollar va erkaklar o‘rtasida jamoaviy musobaqalar qo‘shildi. Shu tariqa dasturda 16 ta yangi yo‘nalish paydo bo‘ldi, og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bir yo‘nalish chiqarib tashlandi.     

Yo‘nalishlar ko‘payganiga qaramasdan, 2020 yilgi Olimpiadada Riodagidan kamroq sportchi ishtirok etadi. Eng katta o‘zgarishlar yengil atletikaga taalluqli bo‘ladi, bu sport turida sportchilar kvotasi 105 o‘ringa kamaydi. Shuningdek, og‘ir atletikada kvota 64 o‘ringa, erkin kurashda 56 o‘ringa, yelkanli sportda 30 o‘ringa, merganlik sportida 30 o‘ringa, akademik eshkak eshishda 24 o‘ringa, suzishda 22 o‘ringa, suv polosida 18 o‘ringa kamayadi. "Uchga uch" formatidagi basketbol kiritilgani sabab sportchilar soni 64 nafarga ko‘payadi.

Ko‘proq yangiliklar: