Farg‘onada mudhish qotillik: ota-bola qo‘shni yigitni pichoqlab o‘ldirdi

Jamiyat 10:15 / 09.06.2017 22876

Hovli uylari ro‘parama-ro‘para edi. Muattar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) derazani ochib, ko‘chada turgan sinfdoshiga ko‘zi tushdi-yu, o‘zini ichkariga oldi. Maktabda o‘qib yurgan kezlari Abduqodirga yoqishini sezardi. Bitiruv arafasi yo‘lidan chiqib, sevgi izhor qilganida kulib qo‘ya qoldi. “Bor-e, toshingni ter”, deyishga tili bormadi. Ko‘nglini cho‘ktirib qo‘yishni istamadi. Taqdir taqozosi bilan aynan Abduqodirga qo‘shni yigitga turmushga chiqdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Turmush o‘rtog‘i Inomjon Muattarni jonidan ortiq ko‘rar, u ham umr yo‘ldoshiga mehr qo‘ygan edi. Qiz farzand ko‘rishdi. Tinch-totuv turmushlariga hech narsa rahna sola olmaydiganday edi. Inomjon otasi Ikromjon aka bilan dasht yerdagi fermer xo‘jaligida yotib qolib ishlar, ota-bola besh-olti kunda bir marta uylariga kelib-ketib turishardi.

So‘nggi paytlarda Abduqodir ko‘cha-ko‘yda Muattarning ortidan qolmaydigan, derazasi qarshisida termulib turadigan bo‘lib qoldi. Biron marta gap otmagani, nojo‘ya harakat qilmagani bois Muattar bunga e'tibor bermay yurdi. Qolaversa, turmush o‘rtog‘iga gap ochsa, o‘rtada mojaro chiqishini o‘ylab, indamadi.

Avgust oyining boshi. Soat o‘n birlarda Inomjon dashtga – ishga ketdi. Muattar ota-onasidan xabar olmoqchi bo‘lib, qaynonasidan ruxsat so‘radi. Kechki payt soat oltilarda onasining qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilishdi. U “Inomjon shekilli, lekin ovozi o‘xshamayapti”, deya telefonni qiziga uzatdi. Muattar ovozidan Abduqodirni tanidi. “Boshqa odam ekan”, deya telefonni qaytarib berdi. Sojidaxon opa qizining qo‘lidan telefonni qaytarib olishi bilan: “Kimsiz? Qizimni tinch qo‘ying!”, deya tanbeh berayotganida o‘g‘li Homidjon kirib keldi.

-  Kim bilan bunaqa ohangda gaplashayapsiz?

-  Kimligini aytmadi, mana o‘zing gaplashgin, - deb telefon raqamini aytib berdi. Lekin Abduqodir telefonini o‘chirib qo‘ygan edi. Homidjon kuyovdir, degan o‘yda Inomjonning raqamini terdi. Otasi Ikrom aka “O‘g‘lim dalaning ichida, nima gap?”, deb so‘ragan edi, “O‘zim shunday, hol-ahvol so‘ramoqchi edim”, deya Homidjon gapni chuvalashtirishni istamadi.

-  Ering qo‘ng‘iroq qilmagan bo‘lsa, kim bo‘lishi mumkin? – Homidjon singlisiga tikildi.

-  Sinfdoshim Abduqodir, hol-jonimga qo‘ymayapti, - dedi Muattar.

Kechqurun soat o‘nlarda nihoyat Abduqodir qo‘ng‘irog‘iga javob berdi.

-  Hoziroq menga uchragin, - tayinladi Homidjon.

“Men keldim”, degach ko‘chaga chiqdi. Birozdan keyin qaytib kirdi.

-  Sendan kechirim so‘ramoqchi bo‘libdi, - dedi singlisiga. – Qo‘ng‘iroq qiladi.

Darvoqe, Abduqodir telefonda Muattarga “Meni kechir, o‘zingni ehtiyot qil, endi tinch qo‘yaman”, dedi.

Biroq, kelasi kuni soat beshlarda ota-onasining uyidan qaytayotgan Muattarning ro‘parasidan chiqdi. Yonidan yerga qarab o‘tayotganida esa “Hali gaplashamiz”, deb yuragini taka-puka qildi. Muattar shu kuni uydan chiqmadi. Ertalab soat besh yarimlarda ko‘chani supura boshladi. Abduqodirni ko‘rdi-yu, ichkariga shoshildi. U yo‘lini to‘sdi:

-  Gaplashib olishimiz kerak.

-  Siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q, - Muattar cho‘rt kesdi.

Odatda Inomjon dashtligida u ayvonda, qaynonasining yonida qizchasi bilan yotib turardi. Kechqurun soat o‘nlarda yotoqxonasiga kirib, qizchasiga ko‘ylakcha tikdi. Dazmollash uchun hovlidan cho‘michdan suv olib, ortiga qaytdi. Dahlizda paydo bo‘lgan Abduqodir qo‘shnisining kelinini bir qo‘lida og‘zini yopib, ikkinchisi bilan qo‘lini qayirdi. “Ovozing chiqmasin!” deb yotoqxonaga sudradi. Qaynona cho‘chib uyg‘onib, yonboshiga qaradi. “Shu paytgacha yotmabdi”, deya kelinining yotoqxonasi derazasidan mo‘raladi. Divanda qo‘shni yigit yonida o‘tirganini ko‘rdi-yu, qarg‘ish yog‘dirib, eshikka yurdi. Abduqodir eshikni ichkaridan qulflab, derazadan ko‘chaga sakradi. Shovqindan uyg‘ongan Ikromjon aka hovliga chiqdi. 

-  Abduqodir yashshamagur, keliningizni yotog‘iga kiribdi.

Joni halqumiga kelgan qaynota “Og‘zimni kaftida yopib, qo‘limni qayirdi”, deya yig‘lamsirab turgan kelini va xotini bilan qo‘shnining hovlisiga kirib bordi.

-  Nima balo, yarim kechasida.., - Abduqodirning onasi Salimaxonning gapi chala qoldi.

-  Iflos o‘g‘lingni chaqir, chiqsin!

-  Nima bo‘ldi? Bugun uyga kelgani yo‘q. Amakisi bilan novvoyxonada yotib ishlayapti.

-  Yaramas, kelinimni yotoqxonasida nima qiladi yarim kechasi? Chavaqlab tashlayman, uni!

To‘s-to‘polonga qo‘ni-qo‘shni to‘plandi. Ikromjonni, xotinini tinchlashtirishga harakat qilishdi. Ko‘pchilik bo‘lib shashtidan tushirishdi, uylariga kiritib yuborishdi.

Tong sahar Ikromjon qudalarini telefonda chaqirdi. “Qizingizni olib keting”, dedi. Muattar qizchasini bag‘riga bosib ketgach, o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qildi-da, tez yetib kelishni tayinladi. Ota-onasining so‘zlari Inomjonning dilini o‘rtadi. Qaynotaning uyiga yo‘l oldi. Qaynog‘asi, qaynonasi, jufti halolining gaplariga ishondi. G‘azabi qaynadi. “Abduqodirni o‘ldiraman!”.

Otasi ikkalasi qo‘shnining xonadoniga kirishdi. Salimaxonni qisti-bastiga olishdi. Abduqodir yo‘qligiga ishonch hosil qilgachgina, tashqariga chiqishdi.

Salimaxon ukasining uyiga yig‘lab bordi. “O‘g‘limga tuhmat qilishyapti, mayib qilib qo‘yishmasin”. Hotamjon opasinikiga borib turdi. Birozdan keyin jiyanini topib berishni talab qilib, yana bostirib kirgan ota-bolani “Qonuniy hal qilaylik”, deya yo‘lga solishga harakat qildi. Ammo ularning hech narsadan qaytmaydigan alpozdaliklarini ko‘rib, IIB hudud nozirini qidirib ketdi. Mahalla posbonidan telefon raqamini olib, qo‘ng‘iroq qildi.

-  Ota-bolaning shashti yomon, tinchitmasangiz bo‘lmaydi.

-  Men uzoqdaman. Bo‘pti, jiyaningiz ariza yozsin.

Kelasi kuni Inomjon otasi bilan kirganda Abduqodir uyda edi. Hotamjonni chetga surib qo‘yishdi. Gaplariga quloq solishmadi. Ikromjon aka Abduqodir bilan yoqalashib, mushtlasha ketdi. Qo‘shnilar ajratib qo‘yishdi. Hotamjon telefonda hudud noziri bilan bog‘landi.

-  Ota-bola jiyanimni uyiga yana bostirib kirishdi. Abduqodir qarindoshimiznikida jon saqlayapti.

-  Men yarim soatda boraman. Jiyaningiz uyiga kelib tursin.

Kechki payt soat beshlarda Inomjon velosipedda ko‘chadan suv olib qaytayotib, qarindoshlari bilan uyiga kirib ketayotgan Abduqodirni ko‘rib qoldi.

-  Anavi iflos qaytdi, - deya oshxonadan pichoq olib, tashqariga yugurdi.

Ortidan otasi chiqdi. Yo‘llarini to‘sgan Salimxonning yuzini Ikromjon pichoqda tilib yubordi. Bu safar na qo‘shnilar, na Hotamjon va qarindoshlar pichoq bilan qurollangan ota-bolaga bas kela olishmadi. Inomjon Abduqodir ichkaridan berkitib olgan xona eshigini ocholmagach, ko‘cha derazasini sindirdi. Derazadan kirganida Abduqodir eshikdan qochdi. Ota-bola ko‘chada uning ortidan quvishdi. Yetib olib, urib yiqitishdi. Inomjon yotgan joyida Abduqodirning ko‘ksiga ikki-uch marta pichoq sanchdi, yuzini tilib tashladi. Shu tariqa bir inson hayotdan ko‘z yumdi.

Sud majlisida Furqat tumani, Shunqor QFYda yashovchi Inomjon Asronov aybiga to‘liq, uning otasi Ikromjon Asronov qisman iqror bo‘lishdi. Qasddan yosh yigitning umriga zomin bo‘lgan qotil ota-bola uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Qishloq fuqarolar yig‘ini raisi, oqsoqollar chetda turmay, ularni murosaga keltirishga uringanlarida, mahalla posboni, hudud noziri paysalga solmay, g‘azab otiga mingan ota-bolani shashtidan tushirish chorasini ko‘rganlarida qotillikning oldi olingan bo‘lur edi. Xizmat vazifasiga loqayd qaraganlarga nisbatan tegishli prokuror nazorati choralari qo‘llanildi. 

Ko‘proq yangiliklar: