Hindistonning ShHTga kirishi nima beradi?

Jahon 08:35 / 08.06.2017 11347

Hindiston Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) to‘laqonli a'zosiga aylanmoqda. U tashkilotga Pokiston bir vaqtda kirmoqda. Mamlakat bu voqeaga anchadan beri tayyorgarlik ko‘rib keldi: 2005 yilda ShHT kuzatuvchisiga aylandi. Jovaharlal Neru nomidagi Universitetning Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, Yevroosiyo fondi direktori professor Arun Moxanti TASS’ga bergan intervyusida Hindistonga transmintaqaviy tuzilmaga kirish nima berishi, bu ShHTning boshqa a'zolari va jahon siyosatidagi umumiy kuchlar muvozanatiga qanday ta'sir ko‘rsatishi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Hindistonda ShHTga kirishga qanday qarashmoqda?

— Hindiston – mintaqaviy va global katta maqsadlarga ega davlatdir. ShHT – Yevroosiyo makonidagi eng yirik mintaqaviy tashkilot bo‘lib, u xavfsizlikni ta'minlash, terrorizm bilan kurash, mintaqaviy va global miqyosda tinchlik hamda barqarorlikni ushlab turishda muhim o‘rin tutadi.

Shuni aniq aytish mumkinki, bu tashkilotga a'zolik mamlakatimizga uzoq muddatli istiqbolda foyda beradi, shuningdek, butun mintaqada tinchlik va farovonlikka xizmat qiladi. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ta'kidlaganidek, “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zoligimiz, Hindistonning ishtirokchi davlatlar bilan munosabatlarining tabiiy davomidir, hamda Hindiston kelajagida mintaqaning o‘rnini ko‘rsatib beradi”.

— Hindistonga tashkilotga kirish nima beradi va bu uning boshqa a'zolariga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

— Barcha foydada qoladi: tuzilma ham, unga a'zo mamlakatlar ham. ShHT o‘z faoliyatida ikki muhim yo‘nalishga ega: sa'y-harakatlarni birlashtirgan holda xavfsizlikni kuchaytirish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash. Terrorizm qurboni bo‘lgan Hindiston, ShHT a'zosi sifatida u bilan birgalikda kurash borishdan juda manfaatdor. Shuningdek, Hindiston Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda mintaqaviy barqarorlikni ushlab turishga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Umuman olganda, aminmanki, ShHT yanada nufuzli va kuchliroq bo‘lib bormoqda. 

— Hindiston uchun ShHT doirasidagi hamkorlikda energetika sohasi qanday o‘rin tutadi?

— ShHT o‘zining banki va energetika klubiga ega bo‘lgani tufayli, tashkilot a'zolari bor bo‘lgan infratuzilmadan bu sohadagi o‘z manfaatlarini qondirishda teng huquqlilik asosida foydalanishlari mumkin. Rossiya – energomanbalarni yetkazib beruvchi yirik davlat, Hindiston va Xitoy – katta iste'molchi davlatlar. ShHT doirasidagi o‘zaro muvofiqlashuv jahon energetika bozorida barqarorlikni ta'minlaydi va barcha davlatlarga – uning ishtirokchilariga foyda keltiradi.

— ShHT Afg‘onistondan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari ketganidan so‘ng mintaqada xavfsizlikni ta'minlashda qanday o‘rin tutadi? Hindiston bunga o‘z hissasini qo‘shishi mumkinmi?

— Afg‘oniston va Markaziy Osiyo Hindiston uchun strategik ahamiyatga ega. ShHT Afg‘onistondagi vaziyatga o‘z ijobiy ta'sirini asta-sekinlik bilan oshirib bormoqda. ShHTning bu davlat bo‘yicha muloqot guruhi – mintaqani yaqin oylar va yillar davomida barqarorlikka yetaklashda katta o‘rin tutuvchi mexanizmdir.

— Hindistonning ShHTga kirish jahon siyosatida qanday oqibatlarga olib keladi?

— Umuman olganda, Hindistonning kirishi ShHTning dunyodagi siyosiy nufuzini yanada oshiradi va rivojlanayotgan davlatlarga uning iqtisodiy jozibadorligini ko‘paytiradi, sababi u ularning tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiyalashga xizmat qilib, ko‘p vektorli tashqi siyosatlarini mustahkamlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: