Birinchi million sari qadam tashlash borasidagi tavsiyalar

Light 11:16 / 08.06.2017 28199

Italiyalik bir milliarderdan hammasini boshidan boshlashga to‘g‘ri kelganda qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz deb so‘rashdi. U yaxshi kostyum xarid qilish uchun yetarli bo‘lgan ilk 500 dollarini qo‘lga kiritish uchun har qanday ishga kirishishini aytib javob berdi. U bu kostyumda yaxshi ish topishga yordam bera oluvchi ishbilarmon kishilarni uchratish mumkin bo‘lgan ziyofatlarga borishini aytgan.

Mening yoshim 40 ga yaqinlashib qoldi. Hayotim davomida besh joyda ishladim (hozirda shaxsiy biznesimga egaman), ulardan to‘rttasiga o‘z aloqalarim orqali erishganman. Faqat birgina holatda rezyume yo‘llab, ishga joylashganman.

Shunday bo‘lsa-da, aloqalar va tanish-bilishlar o‘zidan o‘zi kelmaydi. Agar siz boshqalarga nisbatan ochiq va do‘stona munosabatda bo‘lsangiz, bu albatta sizga foyda keltiradi. Bo‘sh vaqtingizda Deyl Karnegining "Qanday qilib do‘st orttirish va odamlarga ta'sir o‘tkazish mumkin?" nomli kitobini mutolaa qilsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Kitobdagi tavsiyalarni ziyofatlarda qo‘llang va bu haqiqatda ish berishiga ishonch hosil qiling. Siz yangi odamlarni uchratasiz, ular bilan til topishasiz, ularning hayoti haqida savollar berasiz va ular ham asta-sekin siz tomon talpinishadi. Odamlar sizning iltimosingizni kutib o‘tirmay, o‘zlari yordam taklif qila boshlashadi.

Rahbarimdan qanday qilib savdo sohasida bunday muvaffaqiyatlarga erishgani haqida so‘raganimda u kollejni tugatganidan so‘ng qandaydir darajalar ketidan quvmay, limuzin haydovchisi bo‘lganini aytdi. O‘sha paytlar u endigina Karnegining kitoblarini o‘qigan va uni hayotdan qo‘llab ko‘rishga qaror qilgan damlari bo‘lgan. U yo‘lovchilar bilan suhbatni "Nimalar bilan shug‘ullanasiz?" degan savoldan boshlagan. Birgina oddiy savol unga yaxshi foyda keltirgan.

E'tibor bering, u "Qayerda ishlaysiz?" deb so‘ramagan. Kichik farq bor: ishga doir aniq savol berib, ko‘pchilikdan qisqa javob olishingiz dargumon. Nima bilan shug‘ullanishi haqida so‘zlab berishni so‘rash esa, insonning hikoyasini eshitishga qiziqish bildirayotganingizdan dalolat beradi. O‘zi haqida gapirishdan voz kechadiganlar juda kam.

Kareramning ilk bosqichida tibbiyot sohasida tadqiqot o‘tkazganman va bu men uchun mutlaqo qiziq emasligini anglab yetganman. Men ko‘proq pul topish va biznesga "sho‘ng‘ish"ni xohlaganman. U paytlar San-Frantsisko texnologiya bozorida ishlar u qadar silliq kechmayotgandi. To‘qqiz oy davomida rezyume yozib, salohiyatli ish beruvchilarni o‘rganganman - bu natija bermagan. Men bundan boshlashim kerak bo‘lmagan aslida.

Bir kuni kechqurun qo‘shnim ziyofatga borishni taklif qildi. Men u yerda hech kimni tanimasam-da, taklifni qabul qildim. Mehmondorchilikda sevimli ichimligimni qidirib muzlatgich yoniga borganimda bir yigitni ko‘rib qoldim, shu bahona tanishib oldik va biroz suhbatlashdik. Shundan so‘ng men undan nima bilan shug‘ullanishini so‘radim va u biotexnologiyalar sohasida faoliyat yuritishini aytdi. Men gap orasida shu yo‘nalishda ish izlayotganimni aytib o‘tdim. Ma'lum bo‘lishicha, uning kompaniyasida shu yo‘nalishda vakansiyalar bo‘lgan. Natijada mening hujjatlarim to‘g‘ri kadrlar bo‘limiga yetkazilgan, ikki haftadan keyin suhbatga chaqirishgan va meni ishga olishgan.

Boyishning million xil usuli mavjud. Shu bilan birga atrofimizda - qandaydir yo‘llar bilan boyib ketgan xudbin, nodon va g‘araz niyatli kimsalar ham yo‘q emas. Turli sohalarda ishlab ko‘rganingda bir muddat barcha badavlat kishilar shundaydek tuyuladi. Biroq bunday emas. Shunchaki yomon hodisa va vaziyatlar xotiraga mahkamroq o‘rnashib oladi.

Hayotda muvaffaqiyatga erishgan kishilar orasida insoniy fazilatlarni qadrlamayliganlar bo‘lmasa kerak.

Shunday ekan, qanday qilib tezroq boyish mumkin?

Tug‘ma yetakchilar uchun tavsiyalar

  1. O‘qing, o‘qing va yana o‘qing! Kitoblar mutolaa qiling, ayniqsa muvaffaqiyat sirlaridan so‘zlovchi kitoblarni tanlang, ular donolik, zarur muloqot ko‘nikmalari va shunchaki foydali insoniy fazilatlarni rivojlantirishga o‘rgatadi. Omadli kishilarning tarjimai holi bilan tanishib chiqing. Masalan, Mark Kyuban o‘z tarjimai holida biznes haqidagi har qanday kitobni erinmay o‘qigani, unga sarflangan 15 dollar orttirilgan bilimni qoplagani haqida yozgan. Dropbox'dan Dryu Xyuston har dam olish kunlari biznes, savdo-sotiq va marketingga oid kitoblarni o‘qiganini ta'kidlagan.
     
  2. Odamlar bilan muloqot qiling. Buni o‘rganish qiyin emas - zero hech kim mukammal ishbilarmon bo‘lib dunyoga kelmaydi. Albatta, shunday kishilar borki, ularga zarur ko‘nikmalarni orttirish osonroq kechadi. Biroq siz ham ularning darajasiga yetishingiz mumkin - o‘qing, o‘rganing, tahlil qiling va amalda qo‘llang. Muntazam ravishda! Ko‘pincha bir qarashda qobiliyatli kishilar katta muvaffaqiyatga erishishmaydi, chunki ular boshidanoq barchasiga oson erishishgan va natijada o‘z ustilarida ishlamay qo‘yishgan bo‘ladi. Tinimsiz o‘z ustida ishlaydiganlar esa, hech qachon to‘xtab qolishmaydi. Bundaylar bir kuni o‘z orzu-niyatlariga yetishganini anglashadi.
     
  3. Mehnatsevar bo‘ling. Har qanday ish beruvchi sizga professional etika naqadar zarur ekanini ta'kidlaydi. Buning uchun mo‘maygina pul to‘lashga ham tayyor bo‘lishadi. Shunday ekan, xudbinlik va bir zumda boyib ketish haqidagi orzularni bir chetga surib, ishga sho‘ng‘ing - mana ko‘rasiz, bu harakatlaringiz albatta o‘zini oqlaydi.
     
  4. Tavakkal qilishdan qo‘rqmang. Gap o‘tmishda qo‘lga kiritilgan barcha yutuqlarni xavf ostiga qo‘yish haqida emas. Yangi imkoniyatlarga yo‘l ochuvchi yaxshi o‘ylangan tavakkalga qo‘l urilsa, arziydi. To‘g‘ri, har doim ham g‘olib bo‘lishning iloji yo‘q, lekin har qanday holatda ham qimmatli tajribani qo‘lga kiritasiz va atrofdagilarning hurmatiga sazovor bo‘lasiz.

Oddiy odamlar uchun tavsiyalar

  1. Tez pul ishlash va yangi imkoniyatlarni tutishga yo‘l beruvchi istiqbolli sohada ishga joylashing. Shunday gap bor: "to‘lqinlar barcha qayiqlarni ko‘tarib tashlaydi". Agar siz ko‘p narsa va'da qiluvchi sohani tanlagan bo‘lsangiz, demak, vaqtingiz keldi.
     
  2. Eng mashhur, nufuzli kompaniyaga ishga joylashing. Reytingingiz tezda ko‘tariladi. Ularda kichik lavozimlardan boshlash ham mumkin - baribir yutasiz, yangi imkoniyatlar o‘zini kuttirib qo‘ymaydi.
     
  3. Ekspertga aylaning. Tanlangan sohada o‘z o‘rningizni belgilab oling va uni har tomonlama o‘rganing. Quora'da maqolalar yozing, mavzuiy blog yuriting, boshqa ekspertlar bilan aloqa o‘rnating. Tez orada o‘z sohasini yaxshi bilish barcha yo‘llarni ochishini anglab yetasiz.
     
  4. Daromadning bir necha manbaiga ega bo‘ling. Yozing, maslahat bering, seminarlar tashkillashtiring - asosiy faoliyatingizga tutash mashg‘ulot toping va uning ketidan pul ishlang. Tez orada sizga bu ham kamdek ko‘rina boshlaydi. Yo‘li bitta: harakatlarni ikki karra ko‘paytirish. Trening va konsultatsiyalar o‘tkazish konsalting firma ochish yoki marketingga doir kitob yozishga turtki berishi mumkin.
     
  5. O‘zingizga mashg‘ulot toping va pullarni bejiz sarflashga chek qo‘ying. Pul yetishmovchiligini his qilyapsizmi? Ertangi kunga pul yig‘ib qo‘yishning iloji bo‘lmayaptimi? Biror mashg‘ulot toping - ish, o‘qish, muloqot, konsultatsiya, yangi loyihalar, qo‘shimcha daromad manbai. Siz kamroq pul sarflayotganingizni seza boshlaysiz.
     
  6. Nihoyat, o‘z kompaniyangizni oching. Keling, o‘z biznesiga ega bo‘lmagan milliarderlarni yodga olaylik. Umuman olganda, shundaylar ham bo‘lgan, biroq oxir-oqibat ular o‘zlari ishlagan firma boshqaruviga yetib kelishgan (masalan, Sheril Sendberg, Stiv Balmer, Erik Shmidt). Kompaniyaga asos solish qiyin va hatto noreal ishdek tuyuladi. Biroq siz avvalgi punktlarni bajarib, keraklicha tayyorgarlik ko‘rsangiz, bu yagona mantiqiy natija bo‘ladi. Muvaffaqiyat qozongan firmalar avval boshdanoq 50 xodim va 10 million dollar daromadga ega bo‘lmagan - ular hammasini noldan boshlashgan: yotoqxonada, otasining garajida yoki do‘stining boloxonasida. Masalan, Maykl Dell ham kompyuterlarni yotoqxonada sotishdan boshlagan. Wal-mart Arkanzas shtatidagi Nyuportda joylashgan kichik do‘konchadan boshlagan. Richard Brenson musiqiy yozuvlarni pochta orqali yo‘llagan. Badavlat kishilar erishgan natijalarga qaramang - bu yo‘ldan adashtirishi mumkin. Yaxshisi, ular nimadan boshlaganiga qarang, shunda ilojsiz narsaning o‘zi yo‘qligini anglab yetasiz.
Ko‘proq yangiliklar: