Ta'lim va tarbiyada tanaffus bO‘lmaydi

Jamiyat 10:48 / 07.06.2017 14741

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, bugun dunyo bo‘yicha 260 million bola maktabga borish imkoniyatiga ega emas. Yana 400 milliondan ortig‘i na yozish, na o‘qishni biladi. Agar bu holatga qarshi zarur chora-tadbirlar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib, yosh avlod vakillarining 800 millionga yaqini ishga joylashish uchun o‘tkaziladigan suhbatlarda oddiygina savollarga ham javob berolmaydigan darajaga tushishi mumkin.

Albatta, yuqoridagi raqamlar hammani chuqur mushohadaga chorlaydi. Zero, inson bilim, ko‘nikma va kasbu korga ega bo‘libgina qadr topishi, e'zozlanishi mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, yurtimiz aholisini savodli qilish, zamon uchun kerakli mutaxassis sifatida shakllanishiga ko‘maklashish, salohiyatini keng namoyish etishiga imkoniyat yaratish davlatimiz yuritayotgan siyosatning tub mazmun-mohiyatini tashkil qiladi. Konstitutsiyamizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi...” yoki 64-moddadagi “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” degan jumlalar zamirida farzandlarimiz kamoloti, baxtini ko‘rishdek ezgu g‘oya mujassam.

Mutaxassislarning aytishicha, bolaga maktabga chiqqunicha bo‘lgan davrda ta'lim-tarbiya berish uning kelgusidagi rivojlanishida mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. Inson o‘z umri davomida egallaydigan barcha ma'lumotning 70 foizini 5 yoshgacha davrida olishi haqidagi xulosa ham ko‘p yillik tadqiqot natijasidir. Shu ma'noda, yurtimizda ta'lim-tarbiyaning muhim bo‘g‘ini hisoblangan bog‘chalar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qancha sa'y-harakatlar olib borilmoqda. 1997 yilda kuchga kirgan “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasida “Maktabgacha ta'lim bola shaxsini sog‘lom va yetuk, maktabda o‘qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi. Bu ta'lim olti-yetti yoshgacha oilada, bolalar bog‘chasida va mulk shaklidan qat'i nazar, boshqa ta'lim muassasalarida olib boriladi” deb yozilganida ham bolalarga, ya'ni ertangi kunimiz davomchilariga ko‘rsatilgan ulkan mehr hamda g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Tafovutga nima sabab?

Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotlariga qaraganda, respublikamiz bo‘yicha jami 4916 ta maktabgacha ta'lim muassasasida qariyb 668,5 ming nafar bolalar tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 194 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularda 12 ming nafarga yaqin tarbiyalanuvchilar qamrab olingan. Xo‘sh, bu raqamlar “Yurtimizdagi bog‘cha yoshidagi o‘g‘il-qizlarning barchasi maktabgacha ta'lim muassasalariga qatnaydimi?” degan savolga qanchalik javob bera oladi?! Afsuski, aytadigan raqamimiz hech birimizni qanoatlantirmasligi turgan gap. Chunki hozirgi paytda respublikamiz bo‘yicha maktabgacha ta'lim sohasida bolalarni qamrab olish 27 foizni tashkil qilayapti. Demak, yetmish foizdan ko‘proq o‘g‘il-qizlar tarbiyani, asosan, oilada, ota-onasidan olmoqda. Psixologiya fanlari nomzodi Feruza Akramovaning ta'kidlashicha, bog‘chaga chiqmay, maktabga qatnagan bola fanlarni o‘zlashtirishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch keladi. Tengdoshlariga nisbatan har jihatdan sust ishtirok etadi. Aksincha, maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnab, boshlang‘ich ­sinfga qadam qo‘ygan o‘g‘il-­qizlarning ko‘rsatkichlari birmuncha yaxshi bo‘ladi.

Ayni paytda mazkur dolzarb masalaga to‘g‘ri yechim topishda davlat ham, keng jamoatchilik ham jiddiy bosh qotirayapti. Chunonchi, Prezidentimiz tomonidan 2016 yilning 29 dekabrida imzolangan “2017 — 2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror maktabgacha ta'lim sifatini tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy hamda ilg‘or tajribalarni joriy etishda dasturilamal bo‘layotir. Xususan, yurtimiz bo‘yicha maktabgacha ta'lim muassasalarida 6100 ta qisqa muddatli guruh tashkil etilishi reja­lashtirilgan. Bunday guruhlar bolalarni maktab ta'limiga tayyorlashning samarali shakli bo‘lib qoladi.

Bolaga nimalarni aytib berayapmiz?

Endi bir masala haqida fikr yuritsak. Bugun yurtimizda shunday hududlar borki, u yerlarda bolalar bog‘chalari umuman faoliyat yuritmaydi. Misol uchun, ayrim ovullar, tog‘li manzillarda maktabgacha ta'lim muassasalari mavjud emas. Shu bois u yerlarda farzandlar dastlabki bilimlarni oilasidan oladi. Lekin mazkur jarayonda aksar ota-onalar o‘g‘il-qizlariga aynan nimani o‘rgatish zarurligi haqida qiyinchiliklarga duch kelishlari bor gap. Bilganlari “Zumrad va Qimmat” yoki “Ur to‘qmoq”ni aytib bersa, yana birlari o‘ngacha sanashni o‘rgatadi, xolos. Sodda qilib aytganda, “Mulla bilganini o‘qiydi” naqlidagidek ish tutiladi. Ana shu holatda savol tug‘iladi: bog‘chaga qatnamaydigan farzandga ota-ona nimani o‘rgatgani ma'qul? Murg‘ak qalb egasi qaysi ma'lumotni to‘g‘ri qabul qiladiyu qaysi biriga qiynaladi?

Maktabgacha ta'limga qo‘yiladigan davlat talablarida aynan bolaning rivojlanishi va ta'lim olishi yo‘nalishlari xususida aniq bayon qilingan. Unga ko‘ra, jismoniy rivojlanish, o‘z-o‘ziga xizmat hamda ozodagarchilik, ijtimoiy-hissiy rivojlanish, nutq, o‘qish hamda savodga tayyorgarlik, bilish jarayoni va atrof-muhit to‘g‘risidagi bilimlarga ega bo‘lish bolaning rivojlanishi hamda ta'lim olishida eng kerakli vositalar hisoblanadi.

Yaqinda yurtimizda yana bir xayrli tashabbusga qo‘l urildiki, bu farzandini bog‘chaga berolmayotgan ota-onalar uchun muhim yangilikdir. Gap shundaki, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta'limni rivojlantirish” loyihasiga ko‘ra, qishloq hududlarida yashaydigan 3 — 6 yoshdagi farzandlari maktabgacha ta'lim tizimiga qamrab olinmagan oilalar bolalariga o‘qib berishi uchun bepul kitoblar yaratildi.

Oilaning o‘rni va mas'uliyati oshadi

Ayni paytda ota-onalar qo‘liga bepul yetib borayotgan ushbu qo‘llanmalarda bolalarni maktabga tayyorlash uchun asqatadigan, nihoyatda zarur ma'lumotlar ­rangli illyustratsiyali, qiziqarli tarzda bayon etilgan.

— Yetti nomdagi mazkur kitob­lar to‘plami ota-onalarga mo‘ljallangan qo‘llanma hamda bolalarga o‘qib berish uchun ertak va she'rlardan iborat badiiy adabiyotni o‘z ichiga oladi, — deydi Xalq ta'limi vazirligining yuqorida nomi keltirilgan loyiha konsultanti Mavluda Nishonova. — Jumladan, 1-kitob “Oilada mutolaa qilamiz” deb nomlanib, u aynan ota-onalarga farzandlariga nimani o‘rgatish kerakligi to‘g‘risidagi qo‘llanmadir. Unga oilada kitob o‘qishni tashkil etish borasida uslubiy tavsiyalar hamda maktabgacha ta'limga qo‘yilgan davlat talablariga muvofiq, bolalarning badiiy adabiyot bo‘yicha egallashi lozim bo‘lgan minimal bilim va malakalar kiritilgan.

Keyingi kitoblarni ham varaqlab ko‘zdan kechiramiz. “Kitob­lar olamiga ilk sayohatim” deb nomlangan 2-kitob 3 — 5 yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan. 3-kitob “Mening sevimli kitobim”, 4-kitob 5 — 7 yoshdagi bolalarga atalib, “Kitoblar — mening do‘stlarim” deb nomlanadi. 5-kitob “Salom, maktabim” deb atalgan. Ularning barchasida shu yoshga mo‘ljallangan turli ertaklar, she'rlar jamlangan. “Olamni o‘rganamiz” nomli 6-kitobda esa maktabgacha yoshdagi bolalarning atrof-muhit, tabiat to‘g‘risidagi hamda elementar matematik tushunchalarni rivojlantiruvchi asarlar kiritilgan. “Jahon ­xalqlari ertaklari”ni aytib ­berish uchun 7-kitob juda qo‘l ­keladi.

Kitoblarni qanday olish mumkin?

Har bir asar o‘zbek va rus tillarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa o‘zbek, rus hamda qoraqalpoq tillarida chop etilgan. Ertak, rivoyat va she'rdan so‘ng asar mazmuni bo‘yicha savol hamda topshiriqlar berilgan bo‘lib, bu kichkintoylarning asar g‘oyasini yanada chuqurroq anglashiga, undagi voqea-hodisalar haqida mulohaza yuritib, fikrini erkin ayta olishi, mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradi.

Loyiha doirasida kitoblar to‘plamini ota-onalarga tarqatish uchun tavsiyanoma ishlab chiqildi. Unga muvofiq, “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo‘linmalari va viloyat xalq ta'lim boshqarmalari tomonidan 3 — 6 yoshdagi farzandlari bog‘chalarga qamrab olinmagan oilalarning ro‘yxati shakl­lantirildi.

Mazkur tavsiyanomada oilalarni tanlab olish mezonlari belgilangan bo‘lib, kitob tarqatiladigan oilalar maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnamaydigan 3 — 6 yoshdagi farzandlari soni, jami 7 yoshgacha bo‘lgan farzandlari soni, mahallaning tuman markazidan uzoqligi, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha tanlab olindi.

Kitoblar to‘plamini tarqatish ikki bosqichda amalga oshirilib, dastavval 200 ming oila, keyin esa 153 ming oila bu qo‘llanmalarga ega bo‘ladi.

Demak, ota-onalar ushbu qo‘llanmalardan foydalanib, farzandini aqliy, jismoniy, ruhiy jihatdan chiniqtirishi mumkin. Turli rasmlar, qiziqarli she'ru hikoyalar orqali bolalarning, avvalo, bilim olishga qiziqish hamda ishtiyoqi uyg‘onadi, diqqatni jamlash, xotirani mustahkamlash mashqlarida tafakkuri toblanadi. ­Qisqacha aytganda, endilikda yurtimizda bolalar maktabga o‘z fikrini to‘g‘ri va to‘liq ifodalay oladigan, o‘qish hamda yozishni biladigan bo‘lib qadam qo‘yadi.

Omonulla Fayziyev,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: