Fors ko‘rfazi inqirozi fonida neft narxi tusha boshladi

Iqtisodiyot 11:00 / 06.06.2017 7924

Seshanba kuni jahon bozorida neft narxi 3 hafta oldingi minimum darajaga tushdi. Bunga Fors ko‘rfazida ro‘y bergan vaziyat tufayli neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha kelishuv amalga oshishi borasidagi xavotirlar sabab bo‘lmoqda.

5 iyun kuni ayni vaziyat tufayli narx ko‘tarilgandi. Toshkent vaqti bilan soat 10:09da Londondagi ICE Futures birjasida avgust oyi fyuchersi uchun Brent markali neftning bir barreli 0,21 dollarga arzonlashib (0,42 foiz tushish) 49,26 dollarni tashkil qilmoqda.

Nyu-York xom ashyo birjasi (NYMEX) elektron savdolarida iyul oyi fyuchersi uchun WTI markali neftning bir barreli 0,23 dollarga arzonlashib (0,49 foiz), bir barreli 47,17 dollarni tashkil etgan.

Bozor shu tariqa Qatar va arab davlatlaridagi munosabatlar holatiga munosabat bildirmoqda. Avvaliga narxlar mahsulotlarning yetkazib berilishida muammolar yuzaga kelishi xavfi ostida ko‘tarilib ketgandi. Endi esa ekspertlar voqealarning bunday rivoji ro‘y bermasligini prognoz qilishi ortidan narxlar tushmoqda. Bundan tashqari, bir qator iqtisodchilar siyosiy ziddiyatlar tufayli OPeK a'zolari o‘rtasida o‘tgan oyda tuzilgan, neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha kelishuv bajarilmasligi mumkinligini aytishmoqda.

Dushanba kuni Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bu davlatlar rasmiy Dohani terrorchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashda hamda Yaqin Sharqdagi vaziyatni beqarorlashtirishda aybladi. Kun davomida Liviya, Yaman, Maldiv va Mavrikiy ham Qatar bilan aloqalarni to‘xtatdi.

Qatar OPeKda nisbatan eng kam ulushga ega mamlakat hisoblanadi, ammo kartel ichidagi tang vaziyat neft qazib olish bo‘yicha kelishuvning bajarilmasligiga olib kelishi mumkin.

OPeK va boshqa neft qazib oluvchi davlatlar 2016 yil oxirida neft qazib olishni kuniga 1,8 million barrelda (oktabr oyi darajasida) saqlab qolish bo‘yicha kelishgandi. Bu kelishuv 2017 yilning may oyi oxirida imzolandi va bu kelishuv 2018 yilning martigacha amal qiladigan bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: