Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Hindiston erkin savdo zonasi haqidagi kelishuvni imzolash bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshladi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi xabar bergan.
Ta'kidlanishicha, Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi vaqtida muzokaralarni boshlash haqida qo‘shma bayonot imzolangan.
«YeOII va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi bosqichi boshlanmoqda. U savdoni kengaytirish va o‘zaro sarmoyalarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Bizda hamkorlikni sifatli rivojlantirish uchun imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Mahsulotlarimizning bozordagi raqobatbardoshligini oshirish uchun kerakli sharoitlar, kooperatsiyani kuchaytirish, iqtisodiyotning barcha sohalarida biznes-muloqotni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin», - deya qayd etgan YeIK kollegiyasi a'zosi Veronika Nikishina.
Savdo rejimini erkinlashtirish YeOII barcha davlatlari va Hindiston YaIMning qisqa muddatli istiqbolda o‘sishiga olib keladi. Ekspertlarga ko‘ra, tovar aylanmasi 30-40 foizga qadar oshishi mumkin.
YeIKning taxminicha, kelishuv kuchga kirganidan so‘ng YeOII mamlakatlaridan Hindistonga qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti ko‘payadi.