ShHTning Ostona sammitida qanday muhim voqealar yuz berishi kutilmoqda?

Jahon 21:34 / 05.06.2017 20481

Shanxay hamkorlik tashkilotining o‘tgan yili iyul oyining 23–24 sanalarida Toshkentda bo‘lib o‘tgan 21-sammit yakunida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi prezidenti Islom Karimov ShHTga a'zo davlat rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi 2017 yil iyun oyining boshida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tishini ta'kidlagan edi.

Bugun «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Axborot» informatsiion dasturi orqali ma'lum qilinishicha, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 8–9 iyun kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHT davlat rahbarlari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi.

ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari tashkilotning joriy faoliyati va istiqboldagi vazifalarini muhokama etib, ayni paytda dolzarb bo‘lib turgan mintaqavaiy va xalqaro muammolar bo‘yicha fikr almashadilar. Shuningdek, 2017–2018 yillarda tashkilotga rahbarlik qiluvchi davlat haqidagi masalani o‘rganib chiqadilar.

Ostona shahrida ShHTning Toshkent sammitida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish doirasida Hindiston va Pokistonni a'zo-davlatlar sifatida tashkilotga qabul qilish jarayoni nihoyasiga yetkaziladi.

Shuningdek, Ostonada garchi Tojikiston Respublikasi qarshi bo‘lib turgan esa-da, Rossiya tomonidan qo‘llanilayotgan, Eronning ham tashkilotga a'zo bo‘lish masalasi ham muhokama etilishi ehtimoli bor.

Shavkat Mirziyoyev Ostona sammiti doirasida o‘tkaziladigan Expo-2017 maxsus ko‘rgazmasi ochilishida ham ishtirok etadi va u yerda bir qator xorijiy delegatsiyalar rahbarlari, jumladan, Chexiya prezidenti Milosh Zeman bilan ikkitomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti 1996 yilda «Shanxay beshligi» nomi ostida tashkil etilgan va unga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston asos solishgan. 2001 yilda tashkilotga O‘zbekiston ham a'zo bo‘lgach, uning nomi «Shanxay hamkorlik tashkiloti» deb o‘zgartirilgan. O‘zbekiston uch bor — 2004, 2010 va 2016 yillarda tashkilot sammitiga mezbonlik qilgan.

2017 yildan unga Hindiston va Pokiston to‘laqonli a'zo bo‘lib qabul qilingach, tashkilotga a'zo davlatlar soni 8 taga yetadi.

Ayni paytda to‘rt davlat tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. Bular: Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston. Kuzatuvchilik maqomiga erishish uchun ariza bergan yana uch davlat bor: Suriya, Misr va Bangladesh.

Muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar: Ozarboyjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya, Shri-Lanka.

Ko‘proq yangiliklar: