Maltadagi saylovlarda korrupsiyada ayblangan bosh vazir yutib chiqdi

Jahon 23:30 / 05.06.2017 4568

Maltada korrupsiyada ayblangandan so‘ng o‘zi belgilagan muddatdan avvalgi parlament saylovlarida mamlakat bosh vaziri Jozef Muskat g‘olib bo‘ldi. Bosh vazirning o‘zi, uning oilasi va hamkasblari korrupsiyada ayblangandi. 

Muskat g‘alabasini e'lon qilish vaqtida tarafdorlariga odamlar uning muvaffaqiyatli iqtisodiy siyosati davom etishiga ovoz berishganini aytdi. Uning Milliy partiyadan raqibi Saymon Busuttil mag‘lubiyatini tan oldi.

Muskat va uning rafiqasi Ozarboyjonning hukmron oilasidan to‘lovlar olib turilgan Panamadagi offshor kompaniyaga egalik qilishda ayblangandi. Muskat bu ayblovlarni rad etgan. Saylovlar oldidan bosh vazir partiyasi o‘z yetakchisining korrupsiyada ayblanishi "mamlakat iqtisodiyotiga putur yetkazishi" mumkinligini aytgandi.

Ta'kidlash joiz, ayni vaqtda Malta Yevropa Ittifoqi kengashida rotatsiya asosida bir davlatdan ikkinchi davlatga o‘tuvchi raislik lavozimini egallamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: