Avstraliyalik juftlik Fransiyadagi tarixiy saroyni tiklamoqda

Light 16:40 / 05.06.2017 12700

Avstraliyaning Pertida yashovchi Karina va Kreyg Uoterslar ikki farzandi maktabni tugallaganidan keyin Fransiyaga ko‘p sayohat qila boshlashdi va oxir-oqibat bu mamlakatda shaxsiy ko‘chmas mulk xarid qilish haqida o‘ylab qolishdi. Navbatdagi sayohatdan bir necha kun oldin ular internetda 1741 yilgi saroy sotuviga doir e'longa duch kelishdi va borib, shu uyni ko‘rishga qaror qilishdi. TJ shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi. 

Karinaning so‘zlariga ko‘ra, u uyni ilk marta ko‘rganida o‘zini Jyeyn Ostin romanlarining birida yurgandek his qilgan. Juftlik faqat birinchi qavatdagi to‘rt xonani ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan, qolgan 90 xona ko‘rishga yaroqli bo‘lmagan. 

Uy qachonlardir "Pirneylar qiroli" nomini olgan Lui Gaspar de Salga tegishli bo‘lgan, biroq 300 yil o‘tib, bino kapital restavratsiyaga muhtoj bo‘lgan. Devorlar, to‘siqlar hamda ba'zi ustunlarga ziyon yetgan va zax tortgan, uy ichida va uning tomida daraxtlar o‘sgan, binoda na elektr energiyasi va na suv quvuri bo‘lmagan. 

Shunday bo‘lsa-da, juftlik shu eski uyga "tushuntirib bo‘lmas yaqinlik"ni his qilgan va ikki yillik muzokaralardan so‘ng, 2013 yilda uni 280 ming funtga sotib olgan. 

Hatto eng kichik ta'mirlash ishlarini ham mutaxassislar bilan muvofiqlashtirishga to‘g‘ri kelmoqda, chunki bino tarixiy yodgorlik hisoblanadi. Quruvchilar ta'mirlov ishlari jarayonida kutilmagan topilmalarga duch kelishmoqda - jag‘ suyagi fragmenti yoki qishloqqa olib chiquvchi tunnelning bir qismi bo‘lishi mumkin bo‘lgan yerosti yo‘llari va boshqalar.

Uoterslar oilasi saroyni muzeyga aylantirmoqchi emas, ular "dam olish, xotirjam muhitda erkin nafas olish" mumkin bo‘lgan maskan barpo qilishmoqchi. Shu bilan birga bino 2017 yilda mehmonxona sifatida ochilishi ham mumkin, bir yil o‘tib esa, juftlik uyning restavratsiyasi haqida kitob chiqarmoqchi. 

Uyni ta'mirlash ishlari bilan asosan Karina shug‘ullanmoqda, chunki Kreyg Pertda ishlaydi, ularning farzandlari ham o‘sha yerda ta'lim olishni davom ettirishmoqda. Ayol turli ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochib, yuzlab folloverlarga ta'mirlash ishlarining qanday borayotgani va "jonlanayotgan" uyda o‘tayotgan kunlar haqida so‘zlab beradi. 

Ko‘proq yangiliklar: