YeChL finali oldidan: mutaxassislar kimni favorit deb bilishmoqda?

Sport 18:10 / 03.06.2017 14576

Bugun Kardiffdagi «Millenium» stadionida Italiyaning «Yuventus» va Ispaniyaning «Real» (Madrid) klublari o‘rtasida final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Final o‘yini Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi va yurtimizda Uzreport-TV orqali jonli efirda namoyish etiladi.

Germaniyalik hakam Feliks Brix tomonidan boshqarilib boruvchi, Yevropada yilning eng muhim o‘yini juda ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Muxlislar va mutaxassislar har ikki jamoaning finalda g‘g‘alaba qozonish imkoniyatlarini bab-barava sanashmoqda.

Ushbu finalning boshqa yildagilaridan ajratib turuvchi intrigalik jihatlari ham ko‘proq:

  • Zidan sobiq jamoasi «Yuventus»ga qarshi.
  • Iguainmi yoki Benzema?
  • Buffon, nihoyat, shu sovrinini yuta oladimi?
  • «Yuventus» so‘nggi 4 YeChL finalni boy bergan, «Real» esa hech qachon finallarda yutqazmagan — an'ana buzilarmikan?
  • Birdan ortiq jamoa bilan 4 marta YeChL g‘olibligi birinchi marta kimga nasib etadi: Ronaldugami yo Dani Alveshga?
  • «Real» YeChLni ketma-ket 2 marta yutgan ilk jamoa bo‘la oladimi?
  • Krishtianu Ronaldu YeChLning uch finalida gol urgan ilk futbolchi bo‘la oladimi?

Keling, jahon tan olgan mutaxassislarning fikrlari bilan ham tanishaylik.

Mattyeus: «Real» kuchli, lekin «Yuventus» yanada kuchliroq

Myunxenning «Bavariya» klubi va GFR terma jamoasi sobiq futbolchisi Lotar Matteus o‘zining «The Sun» gazetasidagi kolonkasida bugungi finalda nega «Yuventus» favorit hisoblanishini tushuntirib o‘tgan.

«Yuventus»–«Real» YeChL finaliga xos va mos o‘yinlardan biri, ikki buyuk klub uchrashuvidir. Menga «Yuventus» favorit bo‘lib ko‘rinmoqda, chunki turinliklar «Real»ga nisbatan ancha uddaburon jamoa.

«Barselona» va «Monako»ga qarshi o‘yinlarda turinliklar o‘yinga nisbatan yondashuvni o‘zgartira olishlarini isbotalgan edi. Boz ustiga, Kellini, Bonuchchi, Bartsali va hukmdor Buffondan iborat ularning himoya chizig‘i turnirdagi eng yaxshisi hisoblanadi. «Yuventus» 12 uchrashuvda 3 gol o‘tkazgan xolos, bu fenomenal natija!

«Yuventus» nafaqat himoyasi bilan matansa arziydi. Bu jamoa hujumni ham uyushqoqlik bilan tashkillashtiradi. Turinliklar madridliklarga nisbatan ancha ixcham harakat qilishadi. «Yuventus» maydonda bitta organizmdek o‘ylaydi va o‘ynaydi. Albatta, «Real» kuchli, lekin «Yuventus» yanada kuchliroq, — deb yozgan Matteus.

 

Shevchenko: Buffondek futbolchi YeChLni yutishini istardim

2003 yili «Milan» tarkibida YeChLni qo‘lga kiritgan sobiq futbolchi va ayni damda Ukraina milliy terma jamoasi murabbiyi Andrey Shevchenko final borasida quyidagicha fikrlarni bildirib o‘tdi:

«Chempionlar ligasi finalini albatta ko‘raman. Ko‘nglimning tub-tubidan Buffondek buyuk futbolchi YeChLni qo‘lga kiritishini istar edim. Shu sababli ko‘proq «Yuventus»ga muxlislik qilsam kerak».

 

Zeyedorf: Finalda shoda-shoda gollarni kutish yaramaydi

Chempionlar ligasining to‘rt karra sohibi bo‘lgan bu sobiq yulduz ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

«Qandaydir mushakbozlikni kutmayapman. Bu final, har ikki jamoa ham biladiki, bunday o‘yinlarda birgina vaziyat uchrashuv taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Hech kim tavakkal qilishni istamaydi. Fikrimcha, bu taktik va murakkab o‘yin bo‘ladi, shoda-shoda gollarni kutish yaramaydi. Har ikki jamoa biri birini erkin hududlar va qarshi hujum uyushtirish imkoniyatidan mahrum etishni eplay olishadi, shuningdek o‘sha, yuqorida tilga olingan, hamma narsani hal qiluvchi yagona vaziyatdan ham foydalana olishadi», deya Zeyedorfning so‘zlarini keltiradi UYeFA rasmiy sayti.

 

Salgado: «Real» YeChLni ketma-ket ikki bor yutgan ilk jamoa bo‘ladi

«Real»ning sobiq himoyachisi Michel Salgado ham o‘yin borasidagi o‘z taxmini bilan o‘rtoqlashdi.

«Mening taxminimcha, hisob «Real» foydasiga 2:1 bo‘ladi. O‘yin murakkab bo‘ladi, lekin alal-oqbiatda «Real» g‘alaba qozonishiga ishonaman va bu turnirni ikki marta ketma-ket yutgan ilk jamoaga aylanadi», — degan Salgado UYeFA matbuot xizmatiga.

Ko‘proq yangiliklar: