Janubiy Koreyada korrupsiya mojarosiga sabab bo‘lgan ayolning qizi ushlandi

Jahon 10:34 / 31.05.2017 5742

Janubiy Koreyada sobiq davlat rahbari Pak Kin Xening lavozimidan chetlashtirilishiga sabab bo‘lgan korrupsiya mojarosi bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.  Ushbu mojaro sababchisining qizi Chon Yu Ra Seulga uchib kelayotgan samolyotda hibsga olingan, deb xabar qilmoqda Yonxap agentligi.

Janubiy Koreya prokurorlarining ishonishlaricha, 21 yoshli qizni so‘roq qilish uning onasi, sobiq prezident Pak Kin Xening yaqin dugonasi Tsoy Sun Sil tashkil etgan korrupsiya tarmog‘iga oydinlik kiritishda yordam beradi. Xususan, prokuraturaning jiddiy taxminlariga ko‘ra, sobiq prezidentning siyosiy qo‘llab-quvvatloviga erishgan Samsung korporatsiyasi Tsoy Sun Sil kompaniyasiga 18 million dollar mablag‘ ajratgan. Bu esa Chon Yu Raning ot sporti bo‘yicha tahsil olishi, ushbu sport turi anjomlari va otlar xarid qilishga sarflangan. Bundan tashqari, Janubiy Koreyadagi obro‘li universitetga kirishida ham korrupsiya aralashganiga doir ehtimollar mavjud. 

Daniya 2 yanvar kuni Chon Yu Rani o‘z hududida noqonuniy bo‘lib turgani uchun hibsga olgan edi. Daniya hukumati Janubiy Koreya prokuraturasi so‘roviga ko‘ra, Chon Yu Rani ekstraditsiya qilish qarorini aprel oyida qabul qildi. 

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil oktabr oyida Janubiy Koreyada yirik korrupsiya mojarosi avj oldi. O‘shanda, mahalliy matbuotda mamlakatdagi yirik korporatsiyalar, xususan, Samsung Tsoy Sun Sil tashkil etgan fondlarga yirik pul o‘tkazmalari evaziga hukumatning qo‘llab-quvvatlashiga erishgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Tsoy Sun Sil davlat lavozimiga ega bo‘lmasa-da, prezident ma'muriyati ishlariga aralashgan va prezident bilan dugonaligidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalangan.

Umuman, ushbu ish bo‘yicha 30 kishiga ayblov ilgari surildi. Ular orasida Samsung vitse-prezidenti Li Chje Yon ham bor. Pak Kin Xe esa 10 mart kuni Konstitutsiyaviy sud tomonidan davlat boshqaruvidan chetlashtirildi. 9 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida Mun Chje In davlat rahbarligiga saylandi. 

Ko‘proq yangiliklar: