Gumonli va shubhali bank operatsiyalari mezonlari aniqlashtirildi

Jamiyat 11:38 / 31.05.2017 18117

Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazoratning yangi qoidalari tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Qoidalar terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarning ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarini to‘xtatib turish, pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkini muzlatish to‘g‘risidagi qator normalar bilan to‘ldirilgan.

Qator yangiliklar mijozlarni lozim darajada tekshirish bilan bog‘liq. Xususan, banklar quyidagi holatlarda tekshiruv o‘tkazishga majbur bo‘ladi:

•  EKIHning 100 baravariga (ilgari – EKIHning 25 barobari) teng yoki undan oshgan summada jismoniy shaxslar tomonidan naqd chet el valyutasining maydalanishida, almashtirilishida va (yoki) boshqa chet el valyutasiga ayirboshlanishida (konversiya);

•  jismoniy shaxslardan EKIHning 100 baravariga teng yoki undan oshgan summada naqd chet el valyutasining inkassoga va (yoki) ekspertiza uchun qabul qilinishida;

•  EKIHning 300 baravariga teng yoki undan oshgan summada jismoniy shaxslar tomonidan tijorat bankida joylashgan terminallar orqali plastik kartalardan foydalanilgan holda operatsiyalar (naqd mablag‘lar yechish, tovar va xizmatlarga to‘lovlar) amalga oshirilganda (kommunal va aloqa xizmati, byudjyet, byudjyetdan tashqari jamg‘armalarga to‘lovlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar bundan mustasno);

•  EKIHning 100 baravariga teng yoki undan oshgan summada mijozlar tomonidan bank kassalaridan boshqa banklar tomonidan emissiya qilingan plastik kartalar orqali naqd chet el valyutasi olinishida.

Bundan tashqari, alohida holatlarda banklar mijozlarni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan choralarini qo‘llashga haqli:

•  mijoz haqida ochiq manbalar va ma'lumotlar bazalaridan qo‘shimcha tasdiqlangan ma'lumotlarni to‘plash va qayd etish;

•  mijozdan u tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalar bo‘yicha pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning manbalari haqidagi ma'lumotlarni olish;

•  mazkur mijoz tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoki o‘tkazilgan operatsiyalarning maqsadlarini o‘rganish;

•  ushbu mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalar ustidan doimiy monitoring yuritish.

Gumonli va shubhali operatsiyalar mezonlari va alomatlariga ham tuzatishlar kiritildi. Gumonli operatsiyalarga qo‘shimcha ravishda quyidagilar kiritildi:

•  mijozning tashabbusi bilan barcha mablag‘larni yechib olish yoki ularni boshqa tijorat banklariga o‘tkazish orqali amaliy ish munosabatlarini asossiz va (yoki) muddatidan oldin to‘xtatilishi;

•  tijorat bank tomonidan mijozga nisbatan Qoidalarda ko‘rsatilgan choralar asosli qo‘llanilganida (mijozlarni lozim darajada tekshirish, gumonli va shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha choralar, tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholash nazarda tutilmoqda), mijoz tashabbusi bilan darhol amaliy ish munosabatlarining to‘xtatilishi;

•  jismoniy shaxsning hisobvarag‘idan operatsiyani amalga oshirish kunida belgilangan EKIHning 500 baravari miqdoriga teng yoki undan oshadigan summadagi pul mablag‘larining naqd ko‘rinishda yechilishi;

•  mijoz tomonidan uning hisobvarag‘iga kelib tushgan mablag‘lardan EKIHning 100 baravari miqdoriga teng yoki undan oshadigan summadagi pul mablag‘larining naqd ko‘rinishda yechish uchun mazkur mablag‘lar kelib tushgan paytdan 3 bank kuni ichida murojaat qilishi.

Quyidagi operatsiyalar ham banklarning gumoniga sabab bo‘lishi kerak:

•  pul mablag‘larini O‘zbekiston hududidan tashqariga, oluvchi ro‘yxatdan o‘tgan joydan farqlanuvchi offshor hududda ro‘yxatga olingan bankda ochilgan oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazilishi;

•  faol jangovar harakatlar olib borilayotgan yoki terroristik tashkilotlar tomonidan nazorat qilinayotgan yoxud ular bilan chegaradosh bo‘lgan hududlarda 30 kun davomida bank plastik kartasi orqali EKIHning 100 baravariga teng bo‘lgan yoki undan oshadigan umumiy summada naqd pullarni yechilishi yoki mahsulotlar (xizmatlar) uchun pul to‘lanishi;

•  pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkdan foydalanish ruxsati berilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiya, jumladan uni o‘tkazishga urinib ko‘rishi.

Markaziy bank tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan hisobotlar asosida ichki nazorat qoidalariga rioya qilinishi ustidan masofali monitoring olib boradi.

Hujjat Qonun hujjatlari to‘plamining 29.05.2017 yildagi 22 (781)-sonida e'lon qilingandan keyin 3 oydan so‘ng kuchga kiradi. Qoidalarning  amaldagi tahriri ham o‘sha kundan boshlab o‘z kuchini yo‘qotadi.

Ko‘proq yangiliklar: