Dunyoning eng qimmat futbol klubi ma'lum qilindi

Sport 09:52 / 31.05.2017 32438

Angliyaning "Manchester Yunayted"i KPMG auditorlik kompaniyasi talqiniga ko‘ra, dunyoning eng qimmat futbol klubi, deb e'tirof etildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.

Kompaniya ma'lumotiga ko‘ra, ingliz klubi qiymati 3,186 mlrd yevroga baholangan. "Manchester Yunayted" kompaniyaning o‘tgan yilgi hisobotida birinchi o‘rinni bo‘lishib turgan Ispaniyaning "Real" (€3,057 mlrd) jamoasini ortda qoldirdi. Reytingning uchinchi o‘rnidan esa Ispaniyaning yana bir klubi "Barselona" joy oldi, uning qiymati 2,8 mlrd yevroga baholandi.

Ro‘yxatning qolgan o‘rinlaridan Germaniyaning "Bavariya"si (€2,5 mlrd), Angliyaning "Manchester Siti" (2,04), "Arsenal" (2,02), "Chelsi" (1,7), "Liverpul" (1,4) jamoalari, Italiyaning "Yuventus"i (1,3) va Angliyaning "Tottenhem" klublari (1,04) joy oldi. Jadvalga Fransiyaning "Marsel" jamoasi yakun yasab berdi – uning qiymati 196 mln yevroga baholandi. Kompaniya hisobotida ta'kidlanishicha, reytingdan joy olgan 32 klubning umumiy qiymati 29,9 mlrd yevroni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi reytingdagi 32 klub umumiy qiymatidan 14 foizga ko‘proq.

Tadqiqotga Yevropaning 32 eng yaxshi futbol klubining 2014/15 va 2015/16 yilgi mavsumlar va 2017 yilning 1 yanvar holatigacha bo‘lgan moliyaviy ahvoli haqidagi ma'lumot tahlili asos qilib olindi. Reyting besh mezon asosida tuzildi: rentabellik, mashhurlik, stadiondan daromad, teletranslyatsiyalardan daromad va sport salohiyati. Ushbu reytingda klublarning 2016/17 yilgi mavsumdagi sport va biznes natijalari hisobga olinmagan. 

Eslatib o‘tamiz, reytingda birinchi o‘rinni egallagan "Manchester Yunayted" Angliya chempionatida 2015/16 yilgi mavsumda beshinchi o‘rinni egallagan va Angliya kubogini qo‘lga kiritgandi. Yakunlangan mavsumda esa klub milliy birinchilikda oltinchi pog‘onani band etdi, biroq Angliya superkubogi, Angliya liga kubogi va Yevropa ligasida zafar quchdi.

 

Ko‘proq yangiliklar: