Mirzo Ulug‘bek haqidagi hujjatli film Italiyadagi kinofestivallarda namoyish etiladi

Jamiyat 18:10 / 30.05.2017 14047

O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili Lola Karimova-Tillayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev O‘rta asrlar buyuk allomasi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek hayoti va ilmiy merosi haqida hikoya qiluvchi “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli hujjatli film yaratilishida kinoprodyuser sifatida ishtirok etishdi. Film rejissyori Bahodir Yuldashev ushbu kinokartinada XV asrning buyuk astronomi hamda Movarounnahr hukmdori hayotidagi fojialar, mushkulotlar va zafarlarni aks ettirishga harakat qildi. Bu haqida Lola Karimova-Tillayeva o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali xabar berdi.

“Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” hujjatli filmi yaqin orada Iskya va Venetsiyada (Italiya) bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro kinofestivallarda ishtirok etishi rejalashtirilgan. 

“Bu ulug‘ inson haqida film yaratish g‘oyasi menda ko‘p yillar avval paydo bo‘lgandi. Ta'bir joiz bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek shaxsi bolalagimdan meni o‘ziga maftun etgan. U nainki qomusiy bilimlar egasi, yetuk olim va sulhparvar hukmdor, balki o‘z davri uchun favqulodda sanalgan xislatlar sohibi ham edi. Sirasini aytganda, Ulug‘bek zamon va makon sarhadlarini oshib o‘tgan umrboqiy siymodir”, – deya ta'kidlaydi Lola Karimova-Tillyayeva. 

“Ushbu kinokartinani O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, mavzuni teran his etadigan ijodkor yaratishi kerak edi. Bu jihatdan, Bahodir filmni suratga olish haqidagi taklifimizni mamnuniyat bilan qabul qilganidan xursandman. U ko‘z ochib yumguncha ulug‘ olim va hukmdor yashagan davrga sho‘ng‘ib ketdi”.

Sohibqiron Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulug‘bek dunyo ilm-fanida o‘chmas iz qoldirgan. Samarqand uning hukmronligi davrida astronomiya sohasida tadqiqotlar o‘tkaziladigan xalqaro markazga aylangan. Ulug‘bek bunyod ettirgan muazzam rasadxonada o‘z davrining peshqadam olimu fuzalolari jam bo‘lgan edi. Alloma tartib bergan astronomiya jadvalida 1118 ta yulduzning holati va joylashuvi mufassal bayon etilgan. U hisoblab chiqqan yil uzunligi natijalari esa zamonaviy hisob-kitoblardan atigi 25 soniyaga farqlanadi. Buyuk olim, shuningdek, Yer sayyorasi o‘qining og‘ish burchagi 23,52 gradusni tashkil etishini aniqladi, ushbu ilmiy natija ham hozirga qadar eng aniq ko‘rsatkich deya e'tirof etiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: