Ernesto Valverde kim? «Barselona» nima uchun uni tanladi?

Sport 12:00 / 30.05.2017 39353

Luis Enrikedan bo‘shab qolgan «Barselona» bosh murabbiyi lavozimini Ernesto Valverde egalladi. Murabbiyni rasman tanishtirish marosimi 1 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Valverdening klub ruliga kelayotgani haqidagi xabar bir hafta muqaddam chiqib bo‘lgan, mutaxassisning o‘zi Bilbaoning «Atletik» klubini tark etgandi. «Barselona» Ispaniya kubogida zafar quchib, Luis Enrike klub bilan xayrlashgach, jamoa prezidenti Xosep Mariya Bartomeu maxsus matbuot anjumanida Valverdening tashrifi haqida rasman ma'lum qildi.

«Barselona» yana bir sobiq futbolchisini murabbiy qildi

«Barselona» eng kam muhokama qilingan variantni tanladi. Muxlislar Sampaolining kelishiga intiq bo‘lishdi, futbolchilar Luis Enrikening yordamchisi – Xuan Karlos Unsue nomzodini istashdi, ammo uchinchi nom tanlandi. U o‘z klubida tinchgina ishlab kelmoqda edi. Luchoning o‘rnini qattiqqo‘l bask Ernesto Valverde egalladi, holbuki Ispaniyadan tashqarida uni deyarli tanishmaydi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmasligi aniq.

Bundan hech kim xafa bo‘layotgani yo‘q. Enrikening konspektlari yaxshi — ammo uning assistenti nima yangilik bera olardi? Sampaolining hujumkor o‘yinga fanatlarcha ishtiyoqi – ahamiyatli, ammo Enrike ham bir necha marta hujumdagi rang-barang sxemalari bilan undan kam joyi yo‘qligini ko‘rsatib bermaganmidi? U qo‘llaydigan sxemalar «Barsa»ning muammolarini bartaraf eta olarmidi? Ha, Sampaoli kelsa, jamoa o‘yinida hujumda yangi variantlar paydo bo‘lardi, bundan ortiq yana nima? Jamoaning muammosi to‘p bilan harakat vaqtida emas, to‘psiz harakatlanganda paydo bo‘ladi-ku.

Valverde Kruiffning shogirdi

Valverdening «Atletik»i momaqaldiroq bo‘lib pressing qiladi. Bu «Barsa» uchun juda mos o‘yin uslubi. Luis Enrike davrida klub tez-tez qoqilardi, basklarga qarshi Superkubok uchrashuvini eslang. Raqib «Sevilya»ga qarshi o‘yinda toliqqan kataloniyaliklarning og‘riqli nuqtalariga bosim o‘tkazgandi. Valverde to‘p olib qo‘yilgach, kataloniyaliklarning himoyadagi 3 futbolchisiga qarshi basklarning 4 futbolchisi chiqib boradigan markazdan hujum uslubini qo‘llagandi (2015-16 yilgi mavsumda o‘sha o‘yinlarning birinchisida basklar 4:0 hisobida g‘alaba qilgan, ikkinchi uchrashuvda 1:1 - tahr). Yakunlangan mavsumda u kataloniyaliklarga qarshi navbatdagi o‘yin oldidan shunday degandi: «Biz «Barselona»ga qarshi yuqori darajadagi pressing qo‘llaymiz, biz hamisha shunday qilamiz, axir bu ularga qarshi turishning eng to‘g‘ri yo‘li».

Pressing bu mavsumdagi o‘yinlarda ham o‘z samarasini berdi, basklar pressingi katalonlarni arvoh kabi ta'qib etdi, Serxio Buskets uchun bu qo‘rqinchli tushga aylandi, raqib avvaliga uning pasini to‘sib qo‘yadi, ko‘p o‘tmasdan uning ortida paydo bo‘ladi. Tayanch yarim himoyachisi, goh oldinga chopadi, goh ortga, ammo bosimdan qutulishning imkoni bo‘lmaydi... 

Uning sxemasi test-sinovlarida yaxshi natijalar keltirmagan bo‘lishi mumkin. Nima qilmoq kerak? Bu savolni to‘psiz harakatlanish bo‘yicha La Ligadagi eng yaxshi murabbiyning o‘ziga bermoq kerak. Uning uslubini chuqur himoyaviy o‘yin deb atash to‘g‘ri emas. Aksincha, bask raqibga moslashuvchan o‘yin tuzadi. «Barselona»ga aynan shunday bo‘lish kerak.

O‘z faoliyati davomida Valverde shunday yo‘lni bosib o‘tdiki, unga endi yangi klub kerak. U futbolchiligida Yoxan Kruiffning falsafasi bilan «sug‘orilgan», ikki mavsum uning rahbarligida jamoada o‘ynagach, jarohat tufayli klubni tark etgan. U Gvardiola, Kuman, Laudrup, Eusebio, Serxi Barxuan, Unsue, Lopetegi qatorida Kruiff maktabini o‘tagan. Murabbiylik faoliyatining ilk yillarida uning jamoasi o‘zgacha uslub bilan farqlanishi kerakligini maqsad qilib oldi. Uning kumiri Niderlandiya terma jamoasini 1974 yilda Yevropa chempioni qilgan, «Barselona» tarixidagi eng kuchli jamoani tuzgan va afsonaga aylangandi.

Valverde - murabbiy

Valverde avvaliga «Espanol»da o‘z imzosini qoldirishga harakat qildi. «Raqiblardan bir maromda ochkolar olish uchun, shunday o‘yin ko‘rsatish kerak: raqibga ilk daqiqalardanoq shafqatsiz bo‘lish», – degandi bask o‘z jamoasi o‘yin uslubi haqida. Uning uslublari samara berdi: 2007 yili UYeFA Kubogi finali, finalda «Sevilya»ga qarshi chiqqan basklar penaltilar seriyasidagina mag‘lub bo‘ldi. U o‘z uslubini Gretsiyaning abadiy chempioni «Olimpiakos»da ham qo‘lladi. Ernesto bu jamoada ikki marta ishladi (2008/09, 2010/11, 2011/12 yillarda u jamoa bilan chempion bo‘ldi, ikki marta Kubok sohibi -2009, 2012), bu raqibga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘z o‘yiningni tuzish uslubi edi.

Ammo u «Vilyarreal»da muvaffaqiyatga erishmadi, Valverde vaqtida (2009-2010) jamoa juda ko‘p hujum qilar, to‘pga egalik qilar, ammo birinchi qarshi hujumdayoq gol o‘tkazib yuborardi. Natijada uni mavsum o‘rtasida ishdan bo‘shatishdi, u jamoani qabul qilib olganida jamoa to‘qqizinchi o‘rinda edi, unga jamoani inqirozdan olib chiqish talabi qo‘yildi, jamoa yakunda yettinchi o‘rinni oldi.

«Ernesto bor e'tiborini ishga qaratdi. U tunu-kun ishladi, ammo biz u kabi jonkuyarlik qilmadik va to‘liq kuch bilan o‘ynamadik. Nimadir o‘xshamagandi», – deya tan olgandi o‘shanda jamoa himoyachisi Joan Kapdevila. 

«Valensiya»da krash-tekst o‘zini oqladi: 2012-13 yilgi mavsumda Karlo Anchelotti boshqaruvidagi «PSJ»ga qarshi YeChL nimchorak finalidagi ikki ajoyib o‘yin (1:2, 0:2). Valverde jamoada qarshi hujumlarga qarshi harakatlanishda barqarorlik yetishmayotganini qayd etdi va yechim izladi. Intervyularda u bor e'tiborini himoyani kuchaytirishga qaratishini aytardi.

Valverde - «Atletik» uchun «Cho‘qintirgan ota»

«Atletik»da uning taktikasi muvaffaqiyatga erishdi: 4-2-3-1 sxemasi to‘pni olib qo‘yib, hujumga o‘tish uchun eng yaxshi uslub bo‘lib chiqdi, «kvadrat» himoyasi (4 kishi bir raqib atrofida, odatdagi kabi 3ga 1 emas) raqib har qancha texnik mahoratli bo‘lmasin, uning o‘tib ketishiga imkon bermasdi.

Valverde bilan «Atletik» 16 yil ichida ilk marta Chempionlar ligasida o‘ynadi. U bilan klub oxirgi 30 yil ichidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi, 2 yil muqaddam Ispaniya Superkubogida ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra «Barselona» 5:1 hisobida mag‘lub etildi. Aynan Ernesto «Atletik» boshqaruvida o‘tkazilgan o‘yinlar bo‘yicha rekordchi - 305 o‘yin.

U «Barselona»dan ketgach, 1990-1996 yillar davomida «Atletik»da o‘ynadi, 1996-97 yilgi mavsumni «Malorka»da o‘tkazib, keyin faoliyatini yakunladi. Murabbiylik faoliyatini «Atletik»da murabbiy yordamchiligidan boshladi (2001-2003), 2003 yilda jamoa bosh murabbiyiga aylandi. 2006 yilda u jamoani tark etishga majbur bo‘ldi, chunki o‘shanda uning homiysi bo‘lgan prezident vafot etgan, yangi prezident esa uni maoshi miqdorini kamaytirish sharti bilan olib qolishi mumkinligini aytgandi. Holbuki, o‘shanda Valverde Ispaniya Primerasida eng kam maosh oluvchi murabbiy edi. Uning o‘rniga Xose Luis Mendilibar tayinlandi va atigi 9 hafta ishladi. Keyingi ikki yilda jamoada 4 murabbiy almashdi.

«Barselona»ga qarshi o‘yinlardan biridan keyin u shunday degandi:«Birinchi bo‘lim zo‘r o‘tdi, ikkinchi bo‘limda esa biz o‘zimizning yuqori pressingimiz uchun jazolandik», – degandi Ernesto ko‘k-anorranglilarga 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin. U o‘yinga ispanlarga xos bo‘lmagan darajada sovuqqonlik bilan qaraydi, u g‘alabaga ham, mag‘lubiyatga ham hissiyot bilan reaksiya qilmaydi. Uning o‘yin tuzishi ham ispanlarga xos emas, o‘yin boshidanoq rejasini oshkor etmaydi, o‘yin jarayonidan, raqibning kuchidan kelib chiqqan holda mos uslubni qo‘llaydi. Bu esa ayni vaqtda «Barselona»ga yetishmay turgan jihatdir - raqibga qarab o‘yin tashkil etish. Barchasini yangi murabbiy o‘zgartirishi mumkin.

Sky Sports eksperti Gilem Balage Valverde mudofaa chizig‘idagi muammolarni hal etishda omilkor ekanini qayd etib o‘tdi. Marselo Belsa boshqaruvidagi oxirgi mavsumda «Atletik» 65 gol o‘tkazgandi, keyingi mavsumda Valverdening qaytishi bilan bu boradagi ko‘rsatkich keskin yaxshilandi – 39, turnir jadvalidagi o‘rin ham 12dan 4ga o‘zgardi. 2013/14 yilgi mavsumda esa jamoa 26ta gol o‘tkazdi va sakkizinchi o‘rin.

Valverde Emerik Laporteni grand jamoalar nazariga tushgan markaziy himoyachiga aylantirdi. Ehtimol Ernestoning «Barselona»ga kelishi nihoyat ushbu fransiyalik yosh futbolchining Kataloniyaga transfer bo‘lishiga olib kelar. Valverde murabbiyligida Oskar de Markos haqiqiy universalga aylandi, u faoliyatini markaziy yarim himoyachi sifatida boshlagan, endi u klassik fullbek. «Atletik»ning boshqa bir futbolchisi Mikel San Xose Valverdeni Visente Del Boskega o‘xshatadi, u bu ikki shaxsni ham «jamoaga o‘yinni nazorat qilish xarakterini singdiruvchi» sifatida ta'riflaydi.

Himoyada qolgan holda o‘yinni nazorat qilish qanday ustunlik keltirishini «Yuventus» isbotlamoqda.

Valverde - ijodkor

Valverdening jamoasi ko‘p hujum qilmasada, ko‘p gol uradi. Uning hobbisi fotografiya, shunday ekan, uni  pragmatik deyishga ham shoshilmaslik kerak. U futboldan bo‘sh vaqtida oq-qora rangli fotografiya bilan shug‘ullanadi. Ispaniyalik tasviriy-san'at bilimdoni Bernardo Atchaga uning ishlariga baho bergan: «Ernesto Valverde olgan suratlar – bir vaqtning o‘zida ham nazokatli ham o‘zida qahrni ifodalaydi. Bu xuddi bir insonda ikki sifat borligiday».

2012 yilda Afinada Valverdening «Tanaffus» nomidagi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda u murabbiylikdan qisqa vaqtga tanaffusga chiqqandi. Ammo Ernesto futbolga qaytdi. Bu qisqa metrajli «Cho‘qintirgan ota»ni eslatadigan qaytish bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: