Ramazon oyida O‘zbekistondagi 1000 ga yaqin masjidda xatmi Qur'on tadbirlari o‘tkaziladi

O‘zbekiston 17:01 / 26.05.2017 14706

Mana, oylar sultoni Ramazoni sharif ham eshik qoqib turibdi. Halimlik, go‘zallik va barakalarga to‘la bu oyda yurtimiz bo‘ylab qanday xayrli ishlar amalga oshiriladi, ana shu haqda, muslim.uz muxbiri Davron Nurmuhammad O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi Jaloliddin Nuriddinov bilan suhbatlashdi.

— Assalomu alaykum. Ustoz, hademay muborak Ramazon oyi boshlanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi avvalgi yillardan farqli o‘laroq ushbu mavsumga qanday tuhfalar hozirladi?

— Bismillahir rohmanir rohim. Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘am­barimizga salovotu salomlar bo‘lsin. Har bir mo‘min muborak Ramazon boshlanishini sog‘inib, katta tayyorgarlik bilan kutib oladi. Diniy idoramiz tomonidan Ramazonga tayyorgarlik ham ana shunday shukuh bilan ado etildi.

Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “2017 yilgi Ramazon oyi va hayiti munosabati bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. 2017 yil 18 may kuni “O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarda muborak Ramazon oyini munosib kutib olish, ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, ibodat qiluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va imom-xatiblarda mas'uliyat hissini yanada oshirish maqsadida” maxsus buyruq ishlab chiqildi. Unda musulmonlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, joylarda iftorlik va saharliklarni ixcham, dabdabasiz shaklda o‘tkazilishini e'tiborga olish, saxovatpesha kishilarni xayriya tadbirlariga jalb qilishga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish kabi masalalar belgilab berildi. Masjidlarda tozalik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, unda masjidlar xonaqo, ayvon, tahoratxonalariga e'tibor berilib, namozxonlar uchun yetarli sharoitlar yaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyrug‘iga asosan diniy idora tasarrufidagi bilim yurtlari va Imom Buxoriy xalqaro markazida Ramazon oyini munosib kutib olish uchun tayyorgarlik ishlariga jiddiy e'tibor qaratildi. Ramazon oyi davomida pedagog-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, talabalar va markaz tinglovchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, saharlik va iftorlik dasturxonlarini sifatli hamda o‘z vaqtida tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

— Yurtimizdagi nechta masjidda xatmi Qur'on o‘qilishi kutilmoqda?

— Ma'lumki, Mustaqilligimizning dastlabki yillari malakali diniy kadrlar, imomlar, xususan hofizi Kalomilloh bo‘lgan qorilar yetishmasligi sababli, qator qiyinchiliklarga duch kelinar edi. Ramazon kunlari taroveh namozida xatm 5-6 kunda o‘qilib, namozxonlarga muayyan qiyinchiliklar tug‘ilar edi. Bugungi kunda, alhamdulillah, qorilarimiz yetarli.

O‘tgan yili Ramazonda 900 ga yaqin masjidda xatm qilingan bo‘lsa, bu yil 1000 ga yaqin masjidda xatmi Qur'on tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarga yurtimizdan yetishib chiqqan qorilar jalb qilinadi.

— O‘tgan yillari o‘zbekistonlik qorilar boshqa davlatlarda ham Qur'oni karim xatmida qatnashgandi. Bu yil ham o‘zbekistonlik qorilar chet-elga yuboriladimi?

— Albatta, bu an'ana joriy yilda ham davom ettiriladi. Bu yilgi Ramazon oyida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina musulmonlari va diniy idoralarning rasmiy iltimoslariga ko‘ra, xatmi-Qur'on va diniy marosimlarni o‘tkazish uchun yurtimiz qorilari ushbu mamlakatlarga safarbar etiladilar.

— Yurtimiz ulamolarining muborak Ramazon oylarida masjidlarni ziyorat qilib, mav'iza bilan ishtirok etishlari bu oy tarovatiga o‘zgacha fayz baxsh etadi. Bu yil ham masjidlarni ziyorat qilish rejalashtirilganmi?

— Bu yilgi Ramazonda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Abdulhamid Tursunov, masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar Qayumov va idoramizning boshqa xodimlari Toshkent shahri va viloyatlardagi masjidlarga borib, musulmonlarni tabriklab, 10-15 daqiqalik mav'izalar qilishlari rejalashtirilgan.  

Muborak Ramazon oyi barcha Yurtdosh­larimizga xayrli, barakotli kelsin. Alloh taolo bu oyning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin. 

Ko‘proq yangiliklar: