Pul to‘la yerto‘lalar, qimmatbaho avtomobillar va xorijdan uylar. Tojikistonda korrupsiya boshqarmasi korrupsiyaga botdi

Jahon 18:54 / 20.05.2017 58793

Tojikistonda Davlat moliyaviy nazorat va korrupsiyaga qarshi kurash agentligi xodimiga tegishli pullar, oltinlar, boshqa qimmatbaho boyliklar hamda 6ta avtomobil yashirib qo‘yilgan bunker aniqlandi. Avvalroq, huquq-tartibot idoralari yashirin joydan 35 mln dollar topishgan. Mamlakatda ko‘pchilikni qamrab olgan korrupsiya haqida deyarli har qadamda so‘z yuritishmoqda. 

Yaqinda Tojikiston parlamenti “Hukumat to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga tuzatishlarni ma'qulladi. Unga ko‘ra, hukumat mulozimlari va ularning a'zolari  har yili daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risidagi ma'lumotni oshkor etishlari kerak. Ayrim ekspertlarning fikricha, Dushanbe bu bilan jamiyatdagi mazkur salbiy ko‘rinishga qarshi kurash borasida xalqaro majburiyatini bajarmoqda. 

Respublika yuqori lavozimli mulozimlari orasida korrupsiyaga qarshi kurash esa haqiqiy blokbasterga o‘xshab ketadi. Xususan, 16 may kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Davlat moliyaviy nazorat va korrupsiyaga qarshi kurash agentligi katta tergovchisi Firdavs Niyozbadalovning So‘g‘d viloyati Bo‘ston tumanidagi uyida tintuv o‘tkazildi. Mulozimning o‘zi bir necha kun avval hibs etilgandi. Bu haqda Tojikistonning «Axbor» nashri xabar qildi. 

Niyozbadalovning uyidagi yashirin yerto‘ladan dollar, oltin va qimmatbaho toshlar to‘ldirilgan bir nechta qop topilgan. Bundan tashqari, 6ta yo‘ltanlamas borligi aniqlangan. Qoplar muhrlanib boshqarmaga olib ketilgan. Nashrning qayd etishicha, Firdavs Niyozbadalov Tojikiston milliy xavfsizlik kengashi sobiq kotibining kuyovi, uning otasi So‘g‘d viloyati prokurorining sobiq o‘rinbosaridir. Ta'kidlanishicha, huquq idoralari Firdavs Niyozbadalovni to‘satdan aniqlashmagan, balki akasi, Xo‘jand shahar prokuraturasi tergovchisi Alisher Niyozbadalovning ko‘rsatmasi asosida kelishgan. Uning uyida ham tintuvdan keyin katta miqdordagi boyliklar musodara qilingan edi. 

Xabarlarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi idora mulozimlarini hibsga olish va vazifalaridan ozod etish aprel oyi oxirlarida boshlangan. Birinchi bo‘lib agentlik tergov boshqarmasi rahbari Firuz Xolmurodzoda nishonga aylangan. Uning uyidan 1,3 mln dollar va 6 kg oltin topilgan. Bundan tashqari, Dushanbe shahrida 31 ta xonadon, poytaxtning Chortut mavzesida ikkita hovli, Avstriyada turarjoy, Varzob darasida dala hovli ham unga tegishli ekani aniqlangan. Tintuv chog‘ida, shuningdek, bir nechta bank kartochkalari va 9ta soxta pasport aniqlangan. 

Biroq, bu borada eng yirik natija Xayrzoda oilasi uyida qo‘lga kiritildi. Agentlik direktori o‘rinbosari Davlatbek Xayrzoda respublikani tark etishga urinish chog‘ida qo‘lga olindi. Uning Romitdagi ota-onasi istiqomat qiladigan uy oshxonasining poli ostida betonli yerto‘la aniqlandi. U yerdan operativ xodimlar 35 mln dollar pulni olib chiqishdi. 

«Pullardan kolumbiyalik narkobaron Pablo Eskobar haqidagi filmda bo‘lgani kabi devor barpo qilishdi. Men bu qadar ko‘p pulni hech qachon ko‘rmaganman», – degan «Axbor» suhbatdoshi.

Bugungi kunga kelib, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining 17 nafar xodimi qo‘lga olingan. Ular mansabini suiiste'mol qilish, korrupsiya, hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanmoqda. Boshqa xabarlarga ko‘ra, ushbu idoraning turli darajadagi va turli bo‘limlarining jami 40 mulozimi ushlangan. Boshqarmaning o‘zi deyarli yo‘q qilingan. Birgina Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga qarindoshchiligi bo‘lgan (Rahmonning katta akasining kuyovi) bo‘lim boshliqlaridan biri Safar Jobirzoda boshqa boshqarmaga o‘tkazilgan. 

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi esa, xodimlarining ushlanishini izohlashdaan bosh tortgani holda, ular Bosh prokuratura va MXDQ hamkorligida o‘tkazilayotgan amaliyot boshlanishidan avvalroq ishdan bo‘shatilganini ta'kidlamoqda. Shu bilan birga, hibsga olinganlar qayerda saqlanayotgani, musodara qilingan tovar-moddiy boyliklar davlat budjetiga kiritiladimi yoki boshqa maqsadlarda foydalaniladimi, noma'lum.

Ayni vaqtda, ekspertlar va jamoatchilik Tojikistondagi korrupsiyaga qarshi kurash xususida turlicha fikrlarni bildirishmoqda. Ayrimlari hukumat korrupsiyaga qarshi jiddiy kurashishga qaror qilganini ta'kidlashsa, boshqalari «hokimiyatni boshqarayotgan to‘dalar bir-birini yeb bitirayotgani»ni aytishmoqda.

Yuridik fanlari doktori Shokir Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, «Tojikiston xalqaro institutlar qarshisida korrupsiyaga qarshi kurash majburiyatini ko‘ngilli ravishda oldi». «Shunday ekan, endilikda, hokimiyat jamiyat va davlat boshqaruv organlaridagi ushbu illatga qarshi kurash bo‘yicha siyosiy istak borligini namoyish etishi kerak. Bu xorijiy investitsiyalarni jalb etishga to‘siq bo‘lmoqda. Shu bilan birga, aytish mumkinki, bu aksiya vaqtinchalik mazmunga ega bo‘lib, respublika tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslovning YeI mamlakatlariga tashrifi arafasida ijobiy fikr uyg‘otishga qaratilgandi», – deb hisoblamoqda Hakimov.

Haqiqatdan ham Tojikiston TIV rahbari Bryusselda «Dushanbe korrupsiyaga qarshi kurashni faollashtirgani» to‘g‘risida bayonot berdi. Ma'lumki, Tojikiston dunyoning eng korrupsiyalashgan mamlakatlaridan biridir. Xalqaro Transparency International tashkiloti har yilgi hisobotida 176 mamlakat orasida Tojikistonni 151-o‘ringa munosib ko‘rgan, respublika 2016 yilgi ko‘rsatkichdan 15 o‘ringa tushib ketgandi. 

«Hech kimga sir emaski, korrupsiya dunyoning barcha mamlakatlarida bor, biroq bizning mamlakatimizda bu holatga qarshi kurash faollashtirildi. Respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash uchun ta'magir mansabdorlarga qarshi eng keskin choralar ko‘riladi. Aytishim mumkinki, biz bu borada sezilarli natijalarga erishdik», – degan Aslov.

Ammo, Hakimovga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi jiddiy kurashish uchun mamlakatda parlament nazoratini va umuman parlament faoliyatini kuchaytirish kerak. «Ijroiya hokimiyati tomonidan nazorat qilinuvchi, parlament va sud tizimi, mavjud kadrlar siyosati, mahalliychilik saqlanib qolar ekan – korrupsiyaga qarshi samarali kurashib bo‘lmaydi», – deydi fan doktori. Uning fikricha, bu o‘rinda OAV o‘rnini ham kuchaytirish kerak va ulardagi tanqidiy maqolalar hokimiyatning mas'ul idoralari tomonidan jiddiy tekshiruvlarga olib kelishi kerak. 

Rossiyalik huquqshunos Sharbatullo Sodiqovning fikricha, Tojikistonda korrupsiyaga qarshi kurashning yangi davri boshlangan. «Agar ilgarilari quyi darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashilgan, ilgari nari borsa DAN xodimi va qishloq kengashi raisini korrupsiyada ayblashgan bo‘lsa, bugungi kunda yuqori lavozimli mulozimlar orasida tozalash ishlari boshlandi. 

O‘ylaymanki, korrupsiyaga aralashib qolgan yuqori lavozimli davlat mulozimlariga qarshi kurash ijobiy tendensiyadir. Bu kurash respublikaga yangi bosh prokuror sifatida Yusuf Rahmon Ahmadzoda tayinlanganidan keyin boshlandi. Qayd etish o‘rinliki, barcha hibsga olishlar Bosh prokuratura tomonidan jiddiy ravishda tergov qilinganidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Ushlanganlar esa, tergov bilan hamkorlik qilmoqda», – degan Sodiqov «NG» nashriga. Uning ta'kidlashicha, bu hukumatning korrupsiyaga qarshi haqiqiy kurash boshlaganini anglatadi. Bu, o‘z navbatida, aholi uchun ijobiy ishoradir. 

Ko‘proq yangiliklar: