Vengerning taqdiri qachon hal bo‘lishi ma'lum

Sport 18:24 / 19.05.2017 7280

Arsen Vengerning «Arsenal» jamoasi bosh murabbiyligida qolish-qolmasligi masalasi jamoaning Angliya Kubogi finalidagi uchrashuvidan keyin hal bo‘ladi.

«Arsenal» bosh murabbiyi «Chelsi»ga qarshi kechadigan final uchrashuvi arafasida bir qancha savollarga javob qaytargan.

«Yo‘q, men o‘zimning kelajak uchun rejalarimni oshkor eta olmayman. Hozir eng muhimi – Angliya Kubogi finalida munosib o‘yin ko‘rsatish. Shu o‘yindan keyingina biz oldindagi rejalarni e'lon qilishimiz mumkin. Istalgan holatda men «Arsenal» uchun xizmat qilaman.

«Chelsi» bilan o‘yindan keyin direktorlar kengashi majlisi chaqiriladi, unda biz ba'zi futbolchilar masalasini muhokama qilamiz. Shuningdek, mening masalamni ham. Bu futbolchilar Sanches va O‘zilmi? Bu yerda men sizga hech narsa demasligim kerak. Ehtimol, qachondir men shu kunlarda aslida qanday ishlar bo‘layotganini jurnalistlarga aytarman. Men hozir futbolchilar boshqa narsaga chalg‘imasligini istayman. Siz o‘zingiz ko‘rib turibsizki, Mesut va Aleksis o‘z ishini qilishda davom etmoqda. Ular o‘zlarini «Arsenal»ni shu yozda tark etadigan kabi tutishmayapti», – deya Vengerning so‘zlarini keltirgan Sky Sports.

Bundan avvalroq «kanonirlar» himoyachisi Nacho Monreal klub fransiyalik murabbiyga yangi shartnoma taklif etgani haqida xabar bergandi.

OAVda yozilishicha, Sanchas va O‘zil maoshlarini oshirish shartini qo‘ymoqda. Shu bilan birgalikda ularning ikkisi ham Venger klubda ishlashda davom etsagina, shartnomani uzaytirishlarini ma'lum qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: