Braziliyaning korrupsiyada ayblanayotgan sobiq prezidenti so‘roq qilindi

Jahon 10:51 / 11.05.2017 3609

Braziliyaning sobiq prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvani so‘roq qilish 5 soat davom etdi. U korrupsiyada ayblanmoqda. Globo telekanalining xabar qilishicha, sobiq davlat rahbari mamlakat janubidagi Kuritiba shahri sud binosini tark etgan. U bu yerda federal sudya Serjiu Moro savollariga javob qaytargan.

Shu munosabat bilan shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Avvalroq, Lula da Silva tarafdorlari va raqiblari uning so‘roq qilinadigan kunida namoyishlar tashkil etishlarini bildirgan edi. 

Xususan, sobiq prezident tarafdorlarining mitingida yana bir sobiq davlat rahbari, Dilma Russeff ham qatnashgan. Eslatib o‘tamiz, Lula da Silvani o‘zining ma'naviy rahbari deb biluvchi Russeffning o‘zi ham korrupsiyada ayblanmoqda. 

Silva Guaruja kurort shahrida joylashgan 3 qavatli xonadon ishi bo‘yicha tergov doirasida so‘roq qilingan. 2016 yil sentabrida sobiq prezidentga 3,7 mln real (o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha 1,1 mln dollar)ni noqonuniy o‘tkazganlik aybi ilgari surildi. Tergovchilarning xulosasiga ko‘ra, Lula da Silva hashamatli ko‘chmas mulkning haqiqiy egasidir. Bu xonadon, tergovchilarning fikricha, siyosatchiga Petrobras davlat neft kompaniyasi bilan bog‘liq bo‘lgan OAS qurilish kompaniyasi tomonidan hadya qilingan.

Ayni vaqtda, Lula da Silva korrupsiya bilan bog‘liq 5ta jinoiy ishda asosiy ayblanuvchi hisoblanadi. Braziliya qonunchiligiga binoan, agar sobiq prezident ikkinchi instansiyadagi sud tomonidan yuqoridagi holatlarning birortasida aybdor deb topilsa, saylovlarga nomzodini qo‘yish huquqidan mahrum bo‘ladi. 

Siyosatchining o‘zi aybini inkor etar ekan, barcha jinoiy ishlarni "siyosiy ta'qib" deb baholagan. U, shu bilan birga, sud jarayonlari nomzodini ilgari surishga xalaqit bermasa, 2018 yilgi prezidentlik saylovida da'vogarlardan biri bo‘lishini bildirdi. Datafolha ijtimoiy fikrni o‘rganish tashkilotiga ko‘ra, Lula da Silva uchun saylovchilarning 29-31 foizi ovoz berishga tayyor. 

"Men tirikman va yana bir bor ushbu mamlakatning prezidenti bo‘lishga tayyorlanayapman. Bundan avval, hozirgidek, prezident bo‘lishni juda ham xohlamaganman", - deya Silva so‘zlarini keltiradi UOL internet portali. 

"Agar men aybdor bo‘lganimda va biror narsani yashirganimda sizlarning muhabbatingizga loyiq bo‘lmagan bo‘lardim. Agar sizlarga yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam, ushbu mamlakat ko‘chalaridan birida meni avtobus bosib keta qolsin", - degan Silva o‘z tarafdorlari mitingida. 

Ko‘proq yangiliklar: