Rossiyada kam farzandlilik uchun soliq joriy etilishi mumkin

Jamiyat 11:47 / 10.05.2017 14558

Bugun rus oilalarining 6,5 foizi – ko‘p farzandli. Shu bilan birga, ular mamlakatdagi bolalarning qariyb 20 foizini voyaga yetkazmoqda. Rossiya demografiya, migratsiya va mintaqaviy rivojlanish instituti direktori Yuriy Krupnov ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga “Ko‘p farzandli oilalar maqomi to‘g‘risida”gi federal qonun konsepsiyasi loyihasini taqdim etmoqchi. Hujjat bolalarni tarbiyalash bo‘yicha faoliyatni mehnat stajiga tenglashtirish, kommunikatsiyalarga ega yer hududini bepul berish, shuningdek, Rossiyada kam farzandlilik uchun soliq kiritishni nazarda tutgan, deb yozmoqda «Izvestiya» nashri.

Qonun loyihasida ko‘p farzandli oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasi bor. Hujjat ekspertlik hamjamiyati bilan birgalikda ishlab chiqildi. Yuriy Krupnovning «Izvestiya»ga aytishicha, qonun loyihasi maqsadi – Rossiyada ko‘p farzandli oilalar maqomini o‘zgartirish va oshirish, hamda shu orqali demografiyadagi muammolarni 2030 yilga kelib hal qilishdan iborat.

Krupnovning so‘zlariga ko‘ra, qonun kelajakda mehnat resurslari va mamlakat mudofaa imkoniyati bilan bog‘liq muammolarni yechishga ko‘mak berishi lozim.

Qonun konsepsiyasi ko‘p farzandli oilalarni uch toifaga bo‘lishni nazarda tutadi: kam ta'minlanganlar (davlat ta'minotida), o‘ziga to‘qlar (qisman davlat ta'minotida) va badavlatlar. Bu qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni differentsiyalash va ularni maksimal tarzda manzilli qilish imkonini beradi. 

To‘lanadigan pul mablag‘lari hajmini bolalar soniga qarab belgilash taklif etilmoqda: uch-to‘rt nafar farzandi bor oilalarga 25 ming, besh-o‘nta bola bo‘lgan oilalarga – 45 ming, sakkiz va undan ortiq farzandi bo‘lganlarga – 100 ming rubl.

Shuningdek, aniq buyumlar yoki xizmatlarni taqdim etish orqali ham qo‘llab-quvvatlash taklif etilmoqda (musiqa asbobi, konservatoriya yoki fitnes-klubga abonement, turistik yo‘llanma). Shu bilan birga, bolalarga qarash bo‘yicha faoliyat umumiy mehnat stajiga kiritilishi kerak. 

Uy-joy bilan bog‘liq masalada ham qator chora-tadbirlar bor. Qonun loyihasi mualliflari ko‘p farzandli oilalarga hayot sifati nuqtai nazaridan ancha rivojlangan aholi punktlari – demografik kelajak shaharchalariga ko‘chib o‘tish huquqini berishni taklif etishmoqda. 

Bundan tashqari, kam farzandlilik uchun maxsus soliq kiritish ham taklifda bor (tibbiy xulosaga ko‘ra, farzand ko‘rishi mumkin bo‘lgan holda buni istamaydiganlar va bir farzandli oilalar uchun) – uning hajmi hozircha belgilanmadi.

Biroq, qator mutaxassislar fikricha, bunday soliq yaxshi natija bermaydi va bu g‘oyani hayotga tatbiq etish deyarli imkonsiz. Ma'lumotlarga ko‘ra, bu farzandi yo‘q insonlarni qonunga qarshi qilib qo‘yadi. Ekspertlarning aytishicha, bu soliqning o‘rniga boshqa uslubni qo‘llash kerak – masalan, uy-joy bilan bog‘liq muammolarni hal qilish. 

 

Ko‘proq yangiliklar: