Achchiq mevalar: Farg‘onadagi ikki mudhish qotillik tafsiloti

Jamiyat 14:58 / 10.05.2017 39144

Sherg‘ozi Muhsinov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) davlat idoralaridan birining rahbari. Rafiqasi shifokor. To‘ng‘ich qizi Aqidaxon universitetni bitirib, maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars bera boshladi. Sevib-sevilib turmush qurdi. O‘rtanchi o‘g‘li Asliddin muhandislikda o‘qimoqda edi. Sherg‘ozi ishdan ortib, o‘g‘li bilan bafurja gaplashishga vaqt topmas, “O‘qishing qalay? Bobongdan xabar oldingmi, taekvondo to‘garagiga qatnayapsanmi? Mashg‘ulotlarni qoldirma” kabi savol-javobdan nari o‘tmasdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Kechki payt xotini telefon qildi.

-  Bandman, - deya Sherg‘ozi gapni qisqa qildi. Qo‘ng‘iroq yana jiringladi.

-  Ishlagani qo‘yasanmi? Nima? Vahima qilma! Borib, surishtiraman...

Shahar IIB navbatchisi qo‘ng‘iroq qildi. Yarim soat o‘tmay yetib bordi.

-  Birovning yengil mashinasini minib qochishgan, - dedi IIB boshlig‘i o‘rinbosari. – Ikki kishi. Ikkalasiniyam kayfi taroq. Bir falokat bo‘lmasdan, vaqtida shahardan chiqaverishda, to‘xtatib qolingan.

-  Qanaqasiga? Mashinani eshigini qanday ocha oladi?

-  Qulflanmagan ekan. Egasi besh daqiqaga kiramanu chiqaman, deb berkitmabdi. Sizday odamning bolasi...

-  Qonuniy chora ko‘ring, tavbasiga tayantiring...

Uyda xotini xunob qildi. Bu unga og‘ir botdi.

-  Sen taltaytirgansan, - deya unga o‘shqirdi. – Aralashmayman. Burniga suv kirsin.

Birinchi bor huquqbuzarlik qilgan Asliddin va sherigi afv etildi. Yigitcha tavba-tazarru qilib, otasidan qayta-qayta uzr so‘radi. “Spirtli ichimlik ichmayman. Darslarni, mashg‘ulotlarni qoldirmayman”, deya va'da berdi.

-  Dada diplomni yuvyapmiz. Kursdoshlar pul yig‘ib, o‘tirish qilyapmiz.

-  Tag‘in bir baloni boshlaysanmi? Bormaysan.

-  O‘rtoqlarimdan ajralib qolmay.

O‘tirish qiziganda ko‘z ostiga olib yurgan kursdoshi Zamiraga Akbar tegajog‘lik qilaverdi. Asliddin unga yuzlandi.

-  Tashqariga chiqaylik.

-  Chiqsak chiqaveramiz, - dedi Akbar iljayib. – Ishqilib, dadajoningga arz qilmaysanmi?

Asliddinning g‘azabi qaynadi. Bexos uni urib yiqitdi. Boshiga, bo‘yniga, duch kelgan joyiga tepaverdi. Bir zumda, ajratib qo‘ygunlaricha Akbar qonga belanib, xirillab qoldi. Shifokorlarning muolajalari besamar ketdi. Akbar hayotdan ko‘z yumdi.

“Mening unaqa bolam yo‘q”. Sherg‘ozi sudga bormadi. Bolasi timsolida o‘ziga o‘qilgan hukm qaddini dol qildi.

***

“Qizi onasini pichoqlabdi”. Shum xabar tez tarqaladi. O‘tgan yil sentabr oyining o‘rtalarida, Farg‘ona shahrining Qirguli dahasida sud-tergov amaliyotida kamdan-kam uchraydigan, hech kimni befarq qoldirmagan fojia yuz berdi. Katta xonadon boshiga og‘ir musibat tushdi.

Qo‘shtepalik Mavlonjon rafiqasi Mahbubaxon bilan to‘rt qiz, ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazishgan. Bir o‘g‘ilni uylantirib, ikki qizlarini turmushga uzatishgan. Biroq o‘rtancha qizining ro‘zg‘ori buzilgan. Turmushidan ajragan qizi, turmushga chiqmagan qizlari va kenja o‘g‘il bilan Qirgulidagi ko‘pqavatli binoda, ijarada olingan xonadonda yashab kelishgan.

Sog‘lig‘ini yo‘qotgan Mavlonjon ishlamaydi, turmush o‘rtog‘i uy bekasi. Farzandlarining doimiy ish joyi yo‘q, bir martalik ish bilan tirikchiliklarini o‘tkazishadi. Kenja, erka qiz Sanamxon qo‘lini sovuq suvga urmaydi, darsliklardan boshqa kitob mutolaa qilishga, badiiy asarlarni o‘qishga hushi yo‘q. Ovunchog‘i – video, bo‘sh qoldi deguncha, turli videofilmlarni tomosha qiladi. Voqeasidan ham ko‘ra turfa xil jihozlari, liboslari, taqinchoqlariga mahliyo bo‘ladi. Buyumparastlik shuuriga singib boradi.

2013 yilning dekabrida Sanamxonga qarindoshlari sovchi qo‘yishadi. U xorijda yashovchi qarindoshiga tegishga ko‘nmaydi. Biroq ota-onasining “Yigirma to‘rtga kirib qolding. Boshqa birov so‘ramay qo‘ydi, qariqiz bo‘lib o‘tirmagin”, degan nasihatlari tufayli rozilik bildiradi. Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi qarindoshlarining o‘g‘liga turmushga chiqadi. Biroq eri va qaynonasi bilan o‘zaro kelishmovchiliklar tufayli ota-onasining uyiga qaytib keladi. Ko‘ch-ko‘roni esa qaynonasining uyida qolib ketadi.

-  Siz meni badbaxt qildingiz! Qariqiz bo‘lib o‘tirganim yaxshi edi, - deb onasining dilini xufton qilishi odat tusiga kiradi. – Ko‘chimni olib kelib beringlar. Boshqa ijara uyda, alohida turaveraman, - deya janjallashaveradi.

- Narsalaringni olib kelish qochmaydi. Hali yarashib ham olarsizlar. Harqalay, begona emas, qarindosh, - degan nasihatlarini qulog‘iga olmaydi.

Mojarolar ota-onasining sog‘lig‘ini yemirayotganini xayoliga keltirmaydi, ko‘ch-ko‘roni sobiq erining uyida qolib ketganigina buyumparast qizning ich-etini kemiradi. Onaizorning “hay bolam, narsa topiladi, dadangni ayagin”, degan gaplariga “sizlar menga nima qilib qo‘ydilaring. Uyda yeb-ichib yotishdan boshqa narsaga yaramaysizlar”, deya battar betgachoparlik qilaveradi.

Shu tariqa gazaklab borgan yara oxir-oqibat yorildi. 2016 yil 13 sentabr kuni kechki payt dasturxon tuzashdi. Mahbubaxon ovqatni dasturxonga qo‘ydi.

-  Siz pishirgan oshni ichmayman, - deya Sanamxon oshxonadan kartoshka olib chiqib archa boshladi. Ona-bola g‘ijillashib qolishdi. Gap yana uning ko‘ch-ko‘roniga taqaldi.

-  Kelinlik kiyimlarim qarindoshingiznikida qolib ketdi. Boshqa atlas ko‘ylak olib beraman, deb meni yana aldadingiz, - Sanamxonning og‘zidan tupuk sachradi.

-  Iloyo o‘sha narsalaring bilan qo‘shmozor bo‘l! Yer yutsin sani!

-  Meni emas, seni yutadi, - Sanam shunday deb pichoqni onasining bo‘yniga tiqdi. Otasi ajratishga uringanida esa “mana senlarga” deya onasiga yana pichoq sanchdi. Otasi chaqirgan qo‘shnilar kirganida u qo‘shni xonadagi televizor qarshisida tosh qotib o‘tirgan edi. Qo‘shnilarni ko‘rdi-yu, ko‘chaga yugurdi. Mahbubaxon shifoxonada jon berdi. Nima qilsa ham baribir jigar ekan, sud majlisida ota qotil qiziga yengillik berishni so‘radi. Ko‘zi ochiq bo‘lsa-da, dili so‘qir Sanam Ilyosova uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Ko‘proq yangiliklar: