Jizzaxda o‘z otasini o‘ldirgan shaxs 17 yilga qamaldi

Jamiyat 12:45 / 04.05.2017 25257

Ota degan nomni har qancha ulug‘lasak oz. Ota farzandini komil inson qilib tarbiyalash uchun borini beradi. Xo‘sh, farzandlar ulg‘ayganda, ota-onaning xizmatlarini ado etishlari, e'zozlashlari kerak emasmi?! Ota rozi – Xudo rozi, deydi dono xalqimiz. Ammo, otaga qo‘l ko‘targan farzandni odamlar to‘y-yu ma'rakalariga aytmay qo‘yishadi, uni odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Otasini o‘ldirgan esa padarkush, deb ataladi. Insoniylik qiyofasini yo‘qotgan bunday kimsalarning yaqiniga ham yo‘lashmaydi, ularga “Allohning o‘zi jazosini bersin”, deyishadi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, sudning qora kursisida o‘tirgan O‘tkir Kunarov ham o‘z otasini o‘ldirib, elu yurtning qarg‘ishiga qoldi, padarkush nomini oldi. Mirzacho‘l tumani, “Yangidala” qishloq fuqarolar yig‘inida doimiy ro‘yxatda turib, tumanning “Azim Suyun” fermer xo‘jaligi hududidagi dala shiyponida oila a'zolari bilan yashab kelgan O‘tkirning fe'l-atvorini ko‘pchilik mirzacho‘lliklar ham yaxshi tushunishmasdi. U ko‘pincha o‘zini voyaga yetkazgan otasi bilan aytishib, gap talashib qolar, uning qilgan ishlaridan ko‘ngli to‘lmasdi. 2016 yil 18 sentabr kuni otasi Anvar Xalilov Jizzax shahridan yashash uyiga isitish moslamalari va metall trubalar xarid qilib kelganda O‘tkir uni savolga tutdi.

-  Qanchadan oldingiz bularni?

Yo‘l yurib qiynalib kelgan otaga yordam berish o‘rniga gerdayib turgan o‘g‘ilning so‘rog‘i Anvar akaga yoqmadi.

-  So‘roqlaguncha qarashsang bo‘lmaydimi?! Senga hisobot berishim shart emas.

Bu gaplar O‘tkirga yoqmadi. U otasi bilan bozorga borgan qo‘shnilaridan isitish va metall moslamalarining narxini surishtirdi. Otasi bilan birga borgan usta G‘.Xo‘bbimovdan bu haqda so‘raganida, “900 ming yoki 1 mln. so‘mga oldik”, degan javobni eshitdi. Usta yana otasi oldindan 100 ming so‘m, keyin yana 300 ming so‘m usta haqi berganligini ham aytdi. O‘tkirning shubhalari bu bilan tugamadi. 

Otasi uyning mehmonxonasiga kirib, qurilish materiallaridan ortib qolgan 200 ming so‘mni xontaxta ustiga qo‘ydi-da, dam olish uchun yonboshladi. Uzoq yo‘lda toliqqani bois, tezda uxlab qoldi. Jahl bilan xonaga kirgan O‘tkirning ko‘zi xontaxtadagi pulga tushdi. Pulni sekingina yoniga urdi. 1,5 litrlik pivoni ichdi. Kayfi oshgach, otasi o‘zi pul topmasa-da, o‘ylamay xarajat qilishi, u bilan maslahatlashmasligi kino lentasidek ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Ming afsuski, ota oldidagi qarzi, burchlari emas, qahr va g‘azab ustun keldi. Uxlab yotgan otaga tashlangan o‘g‘il uning boshiga temir bolta bilan uch marta urdi. Keyin esa og‘aynisinikiga to‘yga ketdi. U yerda spirtli ichimlik ichdi. Otasini o‘ldirib qo‘yganini esa ertasi kuni ertalab ammasining chinqirig‘idan bildi. Ammasi uyga kirganda ota qonga belanib yotardi...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va O‘tkir Kunarovga 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  

Ko‘proq yangiliklar: