Korrupsiyaga oid axborot bergan shaxslar himoyasi ta'minlanadi

O‘zbekiston 17:24 / 04.05.2017 26819

4 may kuni Toshkent shahridagi "City Palace" mehmonxonasining anjumanlar zalida "Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish masalalari" mavzuida respublika anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" xodimiga ko‘ra, unda bugungi kunda korrupsiya dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi dolzarb muammolardan biri ekanligi ta'kidlangan. Korrupsiya chegara bilmaydi, u jamiyat hayotining barcha jabhalariga, qadriyatlar tizimiga kirib borib, odob-axloq me'yorlarini buzadi, erkinlik va demokratiya tamoyillariga, fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi, davlatning iqtisodiy rivojiga to‘sqinlik qiladi. Shunday ekan, korrupsiya holatlarini bartaraf etmay, jamiyatning barqaror rivojlanishi qiyin. 

Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning I choragida bosh prokuraturaga korrupsiya holatlari bo‘yicha kelib tushgan jami murojaatlar soni 171 tadan iborat bo‘lib, ularning qonuniy hal etilishi ta'minlangan. Bu toifadagi murojaatlarning 12 tasi qanoatlantirilgan, 96 tasiga tushuntirish ishlari olib borilgan va 28 tasi hal qilingan, 22 ta murojaat muayyan sabablarga ko‘ra ko‘rmasdan qoldirilgan va 13 tasi ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur murojaatlar bo‘yicha 8 jinoiy ish qo‘zg‘atilishi ta'minlangan.

Anjumanda qayd etilganidek, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat qaror toptirish o‘ta dolzarb masala bo‘lib, garchi ularni bajarish doirasida mas'ul idorlar belgilangan bo‘lsa-da, uning to‘laqonli ro‘yobga chiqishi uchun har bir fuqaro o‘zida mas'uliyat his qilsagina, qo‘yilgan maqsad va muddaolarga erishiladi. 

Har birimiz qayerda, qanday muammoga duch kelsak, uning hal etilishida mas'ullarning mas'uliyatsizligi yoki ta'magirligiga guvoh bo‘lganda sharoitga bo‘ysunish, indamay ketaverish yoki chidash o‘rniga bu haqida bong urishimiz kerak. Adolatsizlik va mas'uliyatsizlikka nisbatan murosasizlikni o‘zimizdan boshlashimiz darkor. Shundagina mudrayotgan mansabdor shaxslar uyg‘onadi va zimmasida qanday mas'uliyat borligini his qiladi. 

"Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonunda fuqarolarning bu boradagi huquqlari kafolatlangan. Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlari to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi. 

Korrupsiyaga oid axborot bergan shaxslarning himoya qilinishi ta'minlanadi. 

O‘zbekiston Prezidentining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida "2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi" tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idorlararo komissiyasi tuzildi. Ushbu komissiya korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: