Ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat

O‘zbekiston 22:08 / 27.04.2017 29477

O‘zbekistonning ahil qo‘shnichilik muhitini, ya'ni “farovonlik kamari”ni shakllantirish borasidagi tashabbusining amaliy ifodasidir.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p, boy tabiiy resurslarga ega va geografik jihatdan qulay joylashgan mamlakati bo‘lib, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Shuning uchun ham davlatimiz olib boradigan tashqi siyosat, qo‘shni mamlakatlar bilan munosabati qariyb 70 millionlik aholisi bo‘lgan butun mintaqa taqdiriga daxldorligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro ekspertlar, jahon ommaviy axborot vositalari asosiy e'tiborini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mintaqa davlatlari bilan olib borayotgan tashqi siyosatiga qaratayotganining boisi ham aslida shunda.

Qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari o‘tgan yili 8 sentabr kuni parlament palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta'minlashda Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanishini alohida ta'kidlagan edi. “Biz o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz”, degandi Shavkat Mirziyoyev.

Qo‘shnini tanlab bo‘lmaydi
Bu — hayotiy haqiqat. Lekin har qanday holatda ham qo‘shnilar bilan til topishish, ular bilan do‘stona munosabatni yo‘lga qo‘yish juda muhim va zarurdir. Bunday ezgu maqsad 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan. Ushbu dasturilamal hujjatda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Unda davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini, ya'ni “farovonlik kamari”ni shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Xalqaro press-klubning yaqinda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan ilk majlisida qayd etishicha, yurtimiz tashqi siyosati, avvalambor, xalqimizning xavfsizligi va osoyishtaligi yo‘lida barcha siyosiy va diplomatik imkoniyatlardan samarali foydalanishni nazarda tutadi. Ya'ni bunda O‘zbekiston atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirishning ahamiyati nihoyatda kattadir. So‘nggi paytlarda atrofdagi mamlakatlar bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik munosabatlari shakllangani ham ana shunday yondashuvning amaliy natijasi sanaladi. 

Eng muhimi, tashqi siyosatimiz shunchaki balandparvoz va quruq gap emas, balki odamlarimiz, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qilishi lozim. Qolaversa, tashqi siyosatning asosiy vazifasi xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ayni paytda yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishdir. Bularning barchasi qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Natija niyatga yarasha
Yurtimiz uchun qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar ustuvor ekanligini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ilk davlat tashrifi Turkmanistonga bo‘lganidan ham anglash mumkin. Ekspertlarning ta'kidlashicha, ushbu safar, avvalo, davlat tashrifi maqomiga ega edi. Bunday tashriflar muayyan davlatga nisbatan bir marta amalga oshiriladi. Ikkinchidan, kun tartibiga kiritilgan masalalar, erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ahamiyati hamda ko‘lamidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu, haqiqatan ham, tarixiy tashrif bo‘ldi. Chunki ushbu voqea arafasida va tashrif paytida ko‘pchilikda “O‘zbekiston Prezidentining birinchi tashrifi nega Turkmanistonga bo‘ldi?” -degan savol tug‘ildi. Bunga bir necha sabablar bor.

Avvalambor, bu O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga to‘liq javob beradi. Ushbu hujjatda qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Tashrif doirasida davlat rahbarlari qardosh xalqlar o‘rtasidagi tarixan shakllangan do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani imzoladilar. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlar barqaror, ishonchli va uzoq muddat davom etishining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur davlat tashrifining yana bir ahamiyati, ikki mamlakat rahbarlari darajasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch, tushunish hamkorlikning yangi istiqbollari uchun ham tamal toshi bo‘ladi.

Davlatimiz rahbarining Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi ham O‘zbekiston atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri, deyish mumkin. Sababi, Qozog‘iston hududi jihatidan Markaziy Osiyoning eng yirik davlati bo‘lsa, O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha yetakchi mamlakat hisoblanadi. Bu davlatlarning o‘zaro munosabati mintaqa ravnaqiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Tashrif davomida imzolangan 2017 — 2019 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini izchil amalga oshirish iqtisodiyotning turli sohalarida hamjihatlikni mustahkamlashga va o‘zaro tovar aylanmasini 2020 yilgacha 5 milliard AQSh dollariga ko‘tarishga turtki bergan holda, ikki tomonlama manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Agar 2016 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarni tashkil qilganini inobatga olsak, bu ham “farovonlik kamari”ni barpo etish yo‘lida erishilgan dastlabki muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a emas.

Shuni alohida qayd etish kerakki, bunday hamkorlik aloqalari Qirg‘iziston va Tojikiston bilan jadal olib borilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning bildirishicha, xususan, Qirg‘iziston bilan chegaralarimizni demarkatsiya va delimitatsiya qilish singari murakkab, o‘ta nozik masalada ham kelishuvga erishilayotir. Bugun qariyb ming kilometr chegara aniq belgilanib, tegishli shartnoma tayyorlanmoqda. Ushbu tarixiy hujjat Qirg‘iziston rahbarining yurtimizga tashrifi doirasida imzolanishi kutilayapti. Eng muhimi, O‘zbekiston ham, azaliy sheriklarimiz ham har qanday muzokaralarda bunday nozik masalalar yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va tomonlar manfaatlarini tan olish prinsiplari asosida olib borilishi kerakligini yaxshi tushunmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aytish mumkinki, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda, avvalambor, sobiq ittifoq parchalanganidan so‘ng, shu bilan birga, turli obektiv va sub'yektiv sabablarga ko‘ra, to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga tayyorligini namoyon etmoqda. Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham Xalqaro-press klub majlisida buni alohida qayd etib, qo‘shnilar bilan munosabatlar eng muhim yo‘nalish ekanligini ta'kidladi. Muloqotga tayyorlik ham bunday ustuvorlikning amaliy jihatidir. Qo‘shnilar bilan munosabatlarda manfaatlar to‘qnash kelishi tabiiy jarayon. “Masalalarni muhokama qilishdan qochmasdan, oqilona kelishuvlarga erishish, o‘ylaymanki, O‘zbekiston rahbariyatining tashqi siyosatdagi birinchi va asosiy jihatidir”, dedi u.

«Xalq diplomatiyasi»ning hayotiy in'ikosi
Ma'lumki, Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida “xalq diplomatiyasi”ni faollashtirish ko‘rsatib o‘tilgan. “Farovonlik kamari”ni shakllantirishning muhim omillaridan yana biri, shubhasiz, qo‘shnilar bilan madaniy va gumanitar hamkorlikni, odamlarning o‘zaro bordi-keldisini kengaytirish hisoblanadi. Ana shu tamoyilni hayotga tatbiq etish maqsadida qo‘shni davlatlarga chegaradosh viloyatlarimiz jamoatchiligi ishtirokida ushbu mamlakatlarga “xalq diplomatiyasi” ko‘rinishidagi safarlar uyushtirildi. 

Masalan, o‘zbek va qozoq xalqlari azaldan yonma-yon yashagan, qavmu qarindosh bo‘lgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarga keng yo‘l ochilgani hamkorligimizni yanada mustahkamlamoqda. O‘zbekistondan Qozog‘istonga, Qozog‘istondan O‘zbekistonga turli darajadagi delegatsiyalar tashrif buyurdi. Joriy yil Toshkent viloyati delegatsiyasi Qozog‘istonda, Qizilo‘rda, Sharqiy Qozog‘iston va Janubiy Qozog‘iston viloyatlari delegatsiyalari O‘zbekistonda bo‘ldi. Bunday tashriflar nafaqat chegara hududlarida yashayotgan aholini, balki butun mintaqa vakillarini quvontirdi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyada Tomonlar bundan buyon ham ikki davlat hududida istiqomat qilayotgan o‘zbek va qozoq diasporalari uchun ona tili, milliy madaniyati, an'ana va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirish masalalarida qulay sharoitlar yaratib berishni o‘z zimmasiga oldilar. 

Bunday ahdlashuvga Turkmanistonga tashrif doirasida ham erishildi. Binobarin, joriy yil 4-5 fevral kunlari Buxoro va Xorazm viloyatlari delegatsiyalarining Turkmanistonning Lebap hamda Toshhovuz viloyatlariga tashriflari ham tegishli hududlar ma'muriyatlari rahbarlari, ishbilarmon va jamoatchilik doiralarining vakillari ishtirokidagi muzokaralarga boy bo‘ldi. Tashrif qatnashchilari qardosh mamlakat hamda xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan bunday munosabatlarning yuqori darajasidan alohida qoniqish bildirdilar. Shuningdek, mintaqalararo darajadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda yaqin sheriklik aloqalarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish muhim ekanligi qayd etildi. Shuni ta'kidlash o‘rinliki, bugungi kunda O‘zbekistonning turli viloyatlarida qariyb 189 ming nafar turkman qardoshlarimiz istiqomat qiladi. Bu millat farzandlari turkman tili o‘qitiladigan 47 ta maktabda tahsil olishayapti. 

Bunday tashriflar boshqa qo‘shni mamlakatlar bilan ham amalga oshirilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytganda, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan munosabati do‘stona, yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatlarni tan olish hamda har qanday masalani hal qilish uchun muloqotga tayyorlik prinsipiga asoslanadi. Bunday yondashuv, ya'ni yurtimiz atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirish esa pirovardida mintaqada barqarorlikni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda mamlakatlarning barqaror sur'atlarda rivojlanishiga xizmat qiladi.

Qobil XIDIROV, 
«Xalq so‘zi» muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: