Kun.uzda yoritilgan propiska muammolaridan biri ijobiy yakun topdi

Jamiyat 21:59 / 27.04.2017 26001

20 aprel kuni saytimizda «Og‘riqli propiska muammosi qachondir ijobiy hal etiladimi: vaziyat va mulohazalar» sarlavhasi tahririyatimizga o‘zlarini qiynayotgan propiska muammosi bilan poytaxt va Toshkent viloyatida yashayotgan ikki fuqaroning murojaatlari ostida maqola e'lon qilingan edi.

Murojaatchilardan biri — Olmazor tumanida yashovchi Sh.Hamroyeva 7 yil turmush qurganiga qaramasdan asli jizzaxlik bo‘lgan turmush o‘rtog‘ini u yashayotgan uyga propiska qilinishini mutasaddilar paysalga solib kelishayotganidan shikoyat qilgan edi.

Mushtariyimizning bugun tahririyatga telefon qilib bildirishicha, uning oilasini ko‘p yildan buyon qiynab kelayotgan muammo ijobiy yakun topish arafasida. Olmazor tumanining yangi hokimi A.To‘xtayev sayyor qabulxonasida uning shikoyatini atroflicha o‘rganib chiqqan. 

Hokimlik yuristi shu vaqtgacha uning murojaatlariga umumiy javob berish bilan cheklangani tanqid ostiga olingan. Shu holatda ham, Sh.Hamroyeva yashayotgan manzil kelajakda buzilish rejasiga kiritilgani uchun, garchi qonunchilikda bu holat nazarda tutilmagan bo‘lsa ham, yurist sayyor uchrashuvda Sh.Hamroyevning turmush o‘rtog‘iga propiska taqdim etishga qarshilik bildirgan. Tuman hokimi oilaning 7 yillik turmushini inobatga olish, vaziyat bir oilaning buzilib ketishiga sabab bo‘lishi, oila yaqinda farzand kutayotganini, Sh.Hamroyevaning turmush o‘rtog‘ining propiska qilinishi uchun qonunchilikda hech bir to‘siq yo‘qligini aytib, yuristga zudlik bilan hokimlik qarorini chiqarish vazifasini topshirgan.

«Muammoim yuzasidan javob xatini Toshkent shahar IIBga jo‘natish uchun qo‘ng‘iroq qilganimda, murojaatim Kun.uz internet-saytida chiqqani uchun «internetga ochiqdan-ochiq chiqarib yuboribsiz, o‘zingizni bosib yuring, gapingizni o‘ylab gapiring, o‘zingizga ehtiyot bo‘lib yuring», deya qo‘rsroq javob berishganidan kayfiyatim biroz tushganini hisobga olmasam, ko‘p yillik muammoim hal bo‘layotgani uchun barcha mutasaddilardan xursandman, tahririyat xodimlariga esa beminnat yordami uchun tashakkur bildiraman», — dedi Sh.Hamroyeva.

Tahririyatdan: Albatta, shiori xalq manfaatlarini himoya qilish bo‘lgan organ xodimlarining fuqarolarga yordam berish o‘rniga, turli vajlarni ro‘kach qilib, fuqaroning muammosini hal qilib bermasligi, ming teshikka bosh urgan fuqaro haqini talab qilib, to‘rtinchi hokimiyatga murojaat qilgandan so‘ng unga nisbatan bunday qo‘rs muomalada bo‘lish, boz ustiga, tahdid qilish kurakda turmaydigan holat.

Ko‘proq yangiliklar: