Ijtimoiy tarmoqda Makronning rafiqasi muhokama qilinmoqda

Jahon 23:12 / 27.04.2017 35740

Xitoyliklar uchun Fransiya prezidentligiga asosiy nomzod Emmanuel Makronning rafiqasi uning saylovoldi kampaniyasidan ham ko‘ra ko‘proq qiziqish uyg‘otgan. Bu haqda The South China Morning Post xabar yozgan.

Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, Brijit Makron haqida WeChat ijtimoiy tarmog‘ida tinimsiz muhokamalar o‘tkazilgan. Ulardan biri shunday yozgan: «Makron: uning sevgi yo‘li uning prezidentlikka yo‘lidan ham qiziqarliroq».

Xitoyliklar bu er va xotinning yoshlari orasidagi farq kattaligidan hayron bo‘lishmoqda. Siyosatchining yoshi 39da, Brijit xonim esa 64 yoshda. Internet foydalanuvchilari Makronning 30 yoshida nabirali bo‘lganiga ham e'tibor qaratishgan (Brijit Makronning avvalgi turmushidan bo‘lgan farzandi farzandli bo‘lgan).

Nashrning qayd etishicha, xitoyliklar Makronning bunday nikoh qurishini Xitoydagi «Xalq nomi bilan» nomli serialdagi voqealarga qiyoslashgan. Ushbu serial aksilkorrupsiya ruhida bo‘lib, uning syujyetiga ko‘ra bosh qahramon Tsi Tunvey o‘zidan 10 yosh katta bo‘lgan ayolga, nufuzli amaldorning qiziga uylanadi.

Ko‘plab foydalanuvchilar Makronni yoqlashgan. Ular 51 yoshli qo‘shiqchi Aaron Kvok 29 yoshli ayolga uylanganini eslatib o‘tishgan.

«Agar oila baxtli bo‘lsa, yoshning nima farqi bor», — deya yozgan WeChat foydalanuvchilaridan biri.

Fransiyada prezidentlik saylovining ikkinchi turi 7 may kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi turga Makron bilan birga o‘ta o‘ng kuchlar vakili Marin Le Pen ham o‘tgan.

Progressiv qarashlari tufayli Emmanuel Makronni “fransuzlar Obamasi” deya atay boshlashgan. Brijit Makron maktab o‘qituvchisi bo‘lib, u turmush o‘rtog‘idan 24 yosh katta.

Brijit Mari-Klod Makron Amen shahrida 1953 yilning 13 aprelida tug‘ilgan. Brijit oilada eng kichik farzand bo‘lgan, uning oilasi konditer mahsulotlari ishlab chiqishi bilan shug‘ullangan.

21 yoshida, 1974 yili Brijit bankir Andre Lui Ozerga turmushga chiqqan va undan 3 farzand ko‘rgan. Brijit Ozer Amendagi diniy maktabda fransuz va lotin tillaridan saboq bergan. U aynan shu yerda Emmanuel Makron bilan tanishgan.

15 yoshli Makronga Brijit adabiyot va teatr darsida saboq beradi. 17 yoshida Makronni tahsilni davom ettirishi uchun Parijga yuborishadi. U ketishdan oldin o‘qituvchisining oldiga keladi va albatta qaytishini hamda unga uylanishini aytadi. 2006 yili Brijit Andre Lui Ozer bilan ajrashadi hamda 2007 yilda Makron bilan turmush quradi.

Bu vaqtda Brijit 54 yoshda edi va bu juftlikning o‘z farzandi bo‘lmasligi ayon edi. Makron rafiqasining birinchi nikohidan bo‘lgan 3 o‘g‘ilga otalik qilishda davom etadi va ayni vaqtda mehr bilan nabiralar tarbiyalamoqda.

Eri siyosiy karera qilayotganida Brijit hokimiyatga intilmagan. U hamisha maktab o‘qituvchisi bo‘lib qoldi. U ayni vaqtda Parijdagi maktablardan birida ishlaydi.

Shu bilan birgalikda Brijit rafiqining eng yaqin maslahatchisi bo‘lib, uning yangi harakat ochishiga ilhom bergan. Uning hamrohligida Emmanuel oddiy davlat xizmatchisiligidan iqtisodiyot vaziri darajasiga ko‘tarildi va Fransua Ollandning yaqin odamiga aylandi.

Ko‘plab fransuzlar Brijit Makronning hayot tarzini tanqid qilishadi. Frantsuz jamoatchiligi u haddan tashqari ko‘p quyoshda qorayganiga e'tibor qaratib, uning baland poshnali oyoq kiyimda yurishiga tanqid ko‘zi bilan qaraydi. Ularga Fransiya prezidentligiga asosiy nomzod va rafiqasi Christian Dior va Louis Vuitton brendlari uyushtirgan shoularga kelgani ham yoqmagan.

Emmanuel Makron va uning rafiqasi o‘rtasidagi munosabatlar saylovoldi kampaniyasi davrida unga qo‘l keldi. Mart oyi boshida Fransiya prezidentligiga nomzodlardan biri Fransua Fiyon oilasi bilan bog‘liq mojaro tufayli prokuraturaga chaqirildi. Le Canard nashri ushbu siyosatchi davlat amalida ishlagan vaqtida o‘z rafiqasi uchun "soxta ish o‘rni" orqali 15 yil davomida davlat xazinasidan 680 ming yevro undirgani haqida yozdi. Shundan so‘ng uning obro‘si keskin tushib ketdi.

Makronning prezidentlik uchun kurashdagi asosiy raqibi Marin Le Pen esa ikki marta ajrashgan, uning hozirgi turmush o‘rtog‘i Lui Aleo uning rahbarligidagi "Milliy front" partiyasida vitse-prezident lavozimida hamda Yevropa parlamenti a'zosi hisoblanadi.

Emmanuel Makron esa saylovda g‘alaba qozonsa va Fransiya prezidentiga aylansa, rafiqasi mamlakatning birinchi xonimi sifatida maosh olmasligini va'da qilgan. Bu fikrni Brijit Makron ham qo‘llab-quvvatlagan.

 

 

Ko‘proq yangiliklar: