Trampning faoliyatini amerikaliklarning yarmidan ko‘pi ma'qullamayapti

Jahon 20:22 / 23.04.2017 10595

AQShda 23 aprelda chop etilgan jamoatchilik fikri so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning yarmidan ko‘prog‘i AQSh prezidenti Donald Trampning faoliyatini ma'qullamayaptilar.

NBC va Wall Street Journal o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, Trampning prezident lavozimidagi faoliyatini 40 foiz amerikaliklar maqullamoqda, 54 foizi esa ma'qullamayapti. Bundan tashqari, 35 foiz respondentlar Trampning ish boshlashini yaxshi yoki juda yaxshi deb, 64 foizi esa o‘rta yoki yomon deb baholagan. So‘rovnoma 17-20 aprel kunlari o‘tkazilgan, statistik xato 3,3 foizni tashkil qiladi.  

Deyarli xuddi shunday natijalar ABC/Washington Post so‘ronomasida ham qayd qilindi: respondentlarning 42 foizi Tramp ishini ma'qullamoqdalar, 53 foizi ma'qullamayaptilar. Ushbu so‘rovnoma ham 17-20 aprel kunlari o‘tkazilgan.

Tramp faoliyatini ma'qullash reytingi uning AQSh prezidenti lavozimini egallab kelayotgan ilk 100 kuni ichida 1945 yildan beri eng past darajada bo‘ldi. 

Trampning bu boradagi ko‘rsatkichlari avvalgi prezidentlarnikidan ancha yomonroqdir. Misol uchun, undan avvalgi prezident Barak Obama faoliyatini uning prezidentligining birinchi oylari 69 foiz amerikaliklar qo‘llab-quvvatlagandilar.

Shu bilan birga, Trampning ba'zi sohalarda olib borayotgan ishi yuqori baholangan. Misol uchun, prezidentning yangi ish o‘rinlari yaratishdagi siyosatini 73 foiz so‘ralganlar qo‘llab-quvvatlaganlar. Biroq bu yo‘nalishda ham Obama Trampni ortda qoldirdi, uning bu faoliyatini o‘z vaqtida 77 foiz amerikaliklar qo‘llab-quvvatlaganlar.   

Trampga ovoz berganlarning 2 foizi o‘z qarorlaridan afsuslanmoqdalar, 96 foiz saylovchilar esa o‘z qarorlarini o‘zgartirmagan bo‘lishlarini aytganlar.

So‘rovnomaning ko‘rsatishicha, ko‘pchilik amerikaliklar (61 foiz) Trampning kuyovi Jared Kushnerning uning maslahatchisi etib tayinlanishi, qizi Ivankaga norasmiy maslahatchi maqomida siyosiy qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish imkoniyati berilganini ma'qullamayaptilar.

Ushbu so‘rovnoma ingliz va ispan tillarida o‘tkazilgan. Tadqiqotda 1004 respondent ishtirok etgan.

Ko‘proq yangiliklar: