Venesuelada hukumatga qarshi chiqqan 470 nafar namoyish ishtirokchisi qo‘lga olindi

Jahon 13:57 / 16.04.2017 3449

Venesuelada 4-15 aprel kunlari muxolifat tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishlarida kamida 470 nafar ishtirokchi qo‘lga olindi. Bu haqida "Venesuela jinoiy forumi" nodavlat tashkiloti advokati Alfredo Romero xabar berdi. U taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, taxminan 188 kishi hanuz mamlakat poytaxti Karakas va Lara shtatidagi qamoqxonalarda saqlanmoqda.

Janubiy Amerika mamlakatining turli mintaqalarida hukumatga qarshi bo‘lib o‘tgan manifestatsiyalar nafaqat politsiya bilan to‘qnashuvlarga, balki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga ham sabab bo‘ldi. Savdo va xizmatlar bo‘yicha milliy kengash bayonotida ma'lum qilinishicha, turli hududlarda joylashgan 50 tacha do‘kondagi mahsulotlar o‘g‘irlab ketilgan. Ishbilarmonlar hukumatni xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirishdi. 

Norozilik aksiyalarining bosh sabablaridan biri siyosiy inqirozning chuqurlashuvi bo‘ldi. Oliy sudning prezident Nikolas Maduroga parlament roziligisiz harakat qilish vakolatini berishi to‘g‘risidagi qarori xalqda norozilik uyg‘otdi. Muxolifat yetakchilaridan biri Miranda shtati gubernatori Enrike Kaprilesuga 15 yil davomida saylovlarda ishtirok etishning taqiqlanishi esa mamlakatdagi vaziyatni yanada qiyinlashtirdi. 

Muxolifat vakillarining ta'kidlashicha, politsiya bilan  to‘qnashuvlar natijasida jabrlanganlar talaygina, bir necha kishi halok bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: