So‘rovnoma: Qancha fuqaro hokimiyatning ijroiya organlari faoliyatidan rozi emasligi ma'lum

Jamiyat 13:59 / 08.04.2017 14673

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining navbatdagi so‘rovnomasi O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mazmun-mohiyatidan fuqarolarning xabardorlik darajasiga bag‘ishlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

So‘rovnomada ishtirok etgan aksariyat fuqarolar Harakatlar strategiyasi xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilash va mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim hujjat, deb hisoblaydi. 

79,9 foiz respondentlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini yaxshi bilishini ta'kidlagan. 

“O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida qabul qilingan hujjat, deb hisoblaysizmi?” degan savolga ishtirokchilarning aksariyati (83,5 foiz) ijobiy javob bergan. 

«Sizni o‘ylantirayotgan muammolar Harakatlar strategiyasining qaysi ustuvor yo‘nalishlarida o‘z aksini topgan?» degan savolga respondentlarning ko‘pchiligi Strategiyadagi barcha yo‘nalishlar davlat va jamiyat hayotida yangi rivojlanish bosqichini boshlab beradi, o‘zlarini qiynayotgan muammolarni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi. 

Davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligi va oshkoraligi bo‘yicha respondentlarning fikri o‘rganildi. 

Fuqarolar hokimiyatning ijroiya organlari faoliyatidan turli darajada qoniqishi so‘rovnoma natijalarida aks etgan. Har ikkinchi respondent hokimiyat ijroiya organlari ishidan mamnun, har uchinchisi – qisman rozi, 12,1 foizi – rozi emas. 

Ishtirokchilar hokimiyat ijroiya organlari rahbarlari faoliyatining fuqarolarga ochiqligini ham turlicha baholagan. 40,7 foiz respondentga ko‘ra, barcha ma'lumotlar ochiq va yetarli. Qatnashchilarning 33,9 foizi hamma fuqarolar uchun ham ma'lumotlar oshkora emas, deb hisoblaydi. 

So‘rovnomada ishtirok etganlar yaxshi maoshli ish topish, oylik maoshni vaqtida olish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishda qator qulayliklar yaratilganini, pensionerlar, nogironlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ijtimoiy himoya qilish, aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlash xizmatlari yuqori darajaga ko‘tarilganini ma'lum qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: