Halima enam allalaridan Ahmad qachon o‘lganigacha. Koreyaga ishchilar kerakmi yoki professorlar?

O‘zbekiston 16:01 / 02.04.2017 63938

1 aprel kuni o‘n minglab o‘zbekistonliklar Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiy saytida Bandlikka ruxsat berish tizimida imtihon qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlar Janubiy Koreyaga ishlash uchun borish istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirligi tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan o‘tib bo‘lmas to‘siqlarga duch kelayotgani tufayli norozilik ohangidagi munosabat bilan to‘lib-toshdi.

Imtihonda ishtirok etgan yuzlab manbalarning guvohlik berishicha, bu jarayon har qanday mantiqqa zid kechgan. Qoidaga ko‘ra, koreys tilidan bilim darajani aniqlash uchun koreys tilidan savol-javob bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘rinda, o‘zbek tilida tarix, adabiyot, ona tili, kimyo, fizika, huquq, geografiya, biologiya kabi fanlardan bir-biridan murakkab, bir-biridan mantiqsiz va kulgili, chala-yarim savollar berila boshlangan. 20ta savol uchun 10 daqiqa berilgan bo‘lsa, bu vaqt savollar bo‘yicha teng taqsimlanmagan. Ayrim savollarga 45 soniya, ba'zilariga 10 soniya vaqt berilgan. Quyida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan shunday namunalar va bunga munosabatlar keltiriladi.

Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketayotgan kishilardan oliy o‘quv yurtlariga kirish vaqtida abituriyentlarga beriladigan savollardan ham murakkabroq savollar berilgan. Xususan, ulardan "Sirdaryo viloyati aholisining qancha qismi chuchuk suv ichishi", "Mo‘g‘ul xoni Xitoyda qachon qaysi sulolaga asos solganiyu", "Mitti yulduz" kitobi kimniki ekani, "Halima enam allalari" she'riy to‘plami muallifi kimligiyu, "Chustda qachon qo‘zg‘alon bo‘lgani"dan tortib, qaysidir Ahmad qachon vafot etganigacha so‘ralgan.

"Koreyaga ishlashga kelayotgan odamga soch haqida yozilgan she'rning nima aloqasi bor ekan?", deya hayronligini bildirgan tvitter foydalanuvchilaridan biri.

O‘zi Koreyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik "bunday bema'ni savollar bilan odamlarni qiynashayotganida Janubiy Koreyaga boshqa davlatlardan odamlar yopirilib kelib ishlashayotgani" haqida eslatib o‘tadi.

Unga qo‘shilgan boshqa tvitter foydalanuvchisi "Menimcha Koreyaga oddiy ishchi emas, bo‘lajak senatorlar kerak" deya kinoya qiladi.

"Koreyaga ishchilar kerakmi yoki professorlar?", deya xitob qilinadi yana bir akkauntda.

Bundan tashqari, savollar tuzilishida ko‘pdan-ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Test savollari imloviy xatoliklar, so‘z jumlalari tushib qolishi va keltirilgan javoblar variantlarida to‘g‘ri javobning o‘zi yo‘qligi shular jumlasidandir. Quyida misollar keltirilgan:
Savol: Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini moliyaviy ta'min.......
Javoblar:
1.        3      67
2.        3      65
3.        3      61
4.        3      6

Avvalo savol to‘liq emas. Yuqoridagi so‘zlar konstitutsiyaning 60-moddasida keltirilgan. Bu esa javob variantida yo‘q.

Savol: Ahmad nechanchi yilda vafot etgan? 
Javoblar:
1.        86
2.        862
3.        865
4.        864

Qaysi Ahmad? U kimligini bilib bo‘lmaydi. Qolaversa, javoblarning birinchisida bitta son tushib qolgan.

Savol: III bob nechta moddadan iborat? 
1.         3
2.         4
3.         29
4.         5

Gap nimaning necha bobdan iboratligiga aniqlik kiritilmagan. Bu savol qarshisidagi kishi gap nima haqida ketayotganini anglay olmaydi.  Bu o‘rinda Konstitutsiya, Mehnat, Jinoyat yoki boshqa kodekslardan qay birini tushunish kerak bo‘ladi? Agar konstitutsiya deb tushunilsa, III bob 2 moddadan iborat: 15-16 moddalar. Lekin javob variantida 2 raqami yo‘q. Bu vaziyatda test yechayotgan inson nima qilishi kerak? 

Sayt o‘quvchisi kuyunib maktub yozadi.
"Asabing buziladi... Test tuzuvchilar shunchalik e'tiborsizmi yoki omi? So‘zning ma'no-mazmunini bilmaydigan insonlar?... Yaxshi niyatlar bilan qilingan xatti-harakatlaring, ushbu imtihonga ajratgan qimmatli vaqting, sog‘liging, asabing ayrim mas'uliyatsiz kishilar tufayli behudaga sarf bo‘lsa? Ular yuzlab, minglab fuqarolarning ustidan kulish, kalaka qilish, imtihondan yiqitish maqsadida o‘tirishibdimi? Ularni tartibga keltiradigan, nazorat qiladigan mutasaddi tashkilot yoki rahbar bormikin?

Hurmatli tahririyat xodimlari! Ushbu maktubimni yaqin insonlarim, tanishlarim (barcha imtihonda ushbu muammoga duch kelgan fuqarolar desam qarshi bo‘lishmasa kerak) nomidan ta'sirlanib yozmoqdaman. Kun.uz sayti hozirgi kunda yurtimizda №1 axborot portali desam adashmagan bo‘laman. Aholi ushbu sayt orqali eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lmoqda. Sizlardan iltimos, ushbu kuzatilgan holatlarni yoriting va nohaqliklarga barham berishda amaliy yordam ko‘rsating. Oldindan rahmat", deydi shikoyatchi.

 

Ko‘proq yangiliklar: