Germaniyada robotlar yordamida pitssa tashish yo‘lga qo‘yiladi

Fan-texnika 18:08 / 29.03.2017 2563

Domino’s Pizza kompaniyasi Starship Technologies bilan yozgi mavsumda robotlar yordamida pitssa tashishni boshlashga kelishib oldi. Hozircha kelishuv faqat Germaniyaning Gamburg restoranlariga taalluqli, biroq agar g‘oyaga talab paydo bo‘lsa, kurer-mashinalar Niderlandiya va Yevropaning boshqa shaharlarida ham xizmatga jalb etiladi. Bu haqida TechCrunch xabar berdi. 

Starship Technologies'ning roverslarga o‘xshash olti g‘ildirakli robotlarining vazni - 18 kilogramm, ularning tezligi - soatiga 6 kilometr, robotlar taxminan 1,5 kilometr radiusda faoliyat ko‘rsatadi. 

Robot avtonom rejimda ishlaydi va 18 kilogrammgacha bo‘lgan yukni tashiy oladi. Bir necha mashina bir operator tomonidan boshqariladi, biroq robot yo‘ldan mustaqil ravishda o‘tishi, to‘siqlarni chetlab o‘tishi va yo‘lda GPS yordamida mo‘ljal olishi mumkin. Hozircha mashinalar zinadan yoki eskalatorlardan ko‘tarila olishmaydi. 

Xaridorlar robotning harakatlanishini smartfondagi ilova orqali kuzatishlari mumkin. Buyurtma egasiga yetkazilganidan keyin robot o‘z batareyasini zaryadlash uchun mustaqil ravishda bazaga qaytadi. 

Starship Technologies kompaniyasiga 2015 yilda Skype'ning ikki hammuassisi tomonidan asos solingan. Ular robotlarni yaratishda boshqa ishlab chiqaruvchilar, jumladan Boston Dynamics bilan raqobatlashmoqchi. Har bir mashina bir necha ming dollar turadi, shu bois Domino’s Pizza kompaniya bilan pitssa yetkazish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. 

Bundan tashqari, Domino’s Pizza Yangi Zelandiyada uchuvchisiz qurilmalar yordamida pitssa yetkazish rejalari haqida ma'lum qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: