Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrifini yakunladi

O‘zbekiston 18:28 / 23.03.2017 33976

O‘zbekiston prezidenti Nursulton Nazarboyev hamrohligida «Nazarboyev universiteti» va MEGA Silk Way savdo markazini borib ko‘rdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Universitetga ilk talabalar 2010 yilda qabul qilingan. Uning tarkibida 8 maktab, bir markaz va kutubxona bor. Ta'lim xalqaro andozalar asosida olib boriladi. Har yili 440dan ortiq bakalavr va 170dan ziyod magistr kadrlar tayyorlanadi. 

O‘zbekiston rahbari universitetning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qo‘ydi. 

MEGA Silk Way savdo markazida savdo do‘konlari, sport va ko‘ngilochar shoxobchalar, turli ofislar joylashgan. Ushbu markaz shu yil 10 iyundan 10 avgustgacha Ostona shahrida o‘tkaziladigan «EKSPO – 2017» xalqaro ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladigan me'moriy ansamblning muhim qismi hisoblanadi. 

Bu yerda o‘zbek va qozoq xalqlarining ashula va raqslari, milliy hunarmandlik mahsulotlari namoyish etildi. 

Prezidentlar «EKSPO – 2017» xalqaro ko‘rgazma maydonining «Nur olam» paviloniga tashrif buyurishdi. 

Shavkat Mirziyoyev «EKSPO – 2017» ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va korxonalari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli kelishuvlarga erishish yo‘lida muhim tadbir bo‘lishini ta'kidladi. 

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum ham bo‘lib o‘tdi. 

Shu bilan O‘zbekiston prezidentining Ostonaga tashrifi yakunlandi, Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev kuzatib qo‘ydi. 

Ko‘proq yangiliklar: