Sirdaryoda haydovchining loqaydligi egri niyatli kimsalarga qo‘lga keldi

Jamiyat 17:20 / 21.03.2017 11393

Nasriddin afandi qo‘shnisi bilan suhbatlashib turgan ekan, qo‘shni to‘satdan ko‘zi tushib qolgan tomonga qarab debdi:

– Afandi qarang, mahallada begona odam qo‘y etaklab kelyapti.

Afandi beparvolik bilan javob beribdi:

– Menga nima?

Notanish mehmonni kuzatib turgan qo‘shni davom etibdi:

– Iya, u qo‘yni sizning uyingizga olib boryapti-ku! 

Shunda Afandi gapni qisqa qilibdi: 

– Senga nima?

Loqaydlik, o‘z manfaati yo‘lidagi beparvolik azaldan jamiyatning eng og‘riqli muammosi bo‘lib kelganligi ushbu latifada ham o‘z isbotini topgan.

Sirdaryolik Sardor va Sharofiddin (ismlar o‘zgartirildi) o‘ziga naf kelsa har qanday qing‘ir ishga ham ko‘z yumadigan, yosh umri zavol topayotgan o‘spirinning jinoyat botqog‘iga borgan sari botib ketayotganini beparvolik bilan kuzatib turadiganlar xilidan ekan, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Hali voyaga etmagan bo‘lsa-da, bir necha bor jinoyatga qo‘l urgan Farhod uchun hayotning mazmuni shu kunni kayf-safoda o‘tkazish, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, oson pul topishdan iborat bo‘lib qolgandi. Qadamini qanday bosayotganini surishtirish, nazoratga olish uchun uyida hech kim o‘zini mas'ul sezmagani etmagandek, ko‘chada ham «qulog‘ini cho‘zib qo‘yishi» kerak bo‘lgan «aka»lari uning o‘g‘irlik ortidan topgan «nasibasi»ga ko‘zni chirt yumib sherik bo‘lishi Farhodning ko‘nglida ba'zida uyg‘onadigan nadomat uchqunlarining ustiga tuproq separdi.

Ana shunday hayot tarziga o‘rganib qolgan Farhod navbatdagi «o‘ljasi»ni topish ilinjida dehqon bozori yaqinida atrofni diqqat bilan kuzatardi. Bozor atrofi hamisha gavjum bo‘ladi. Ayniqsa, dam olish kunlari. Ana shu izdihomni bir chekkada kuzatib turgan Farhodning e'tiborini yo‘l chetiga kelib to‘xtagan yuk mashinasi tortdi. Shoshilayotgani harakatlaridan shundoqqina sezilib turgan haydovchining mashina eshigini naridan-beri yopgani uning ko‘nglida umid uyg‘otdi. Bir muddat atrofni kuzatgach, mashinaga yaqinlashdi. Boya uyg‘ongan umid endi aniq va qisqa rejaga aylandi. Chunki avtoulov egasi shoshilinchda mashina eshiklaridan birini qulflashni unutgandi. Eshikni ochib, ichkariga bosh suqqan Farhod o‘z mashinasida unutib qoldirgan narsasini izlayotgan kishiday tezlik bilan hamma yoqni ko‘zdan kechira boshladi. O‘lja ham o‘zini uzoq kuttirmadi. Ko‘zdan pana qilib o‘rindiq ostiga yashirilgan dasta-dasta pullarni ko‘rgan Farhodning ko‘zlari chaqnab ketdi. Pullarni betartib tarzda duch kelgan cho‘ntagiga, kiyimining ichiga solib, shu yaqin o‘rtada mijoz kutib turgan kirakash mashinalardan biriga o‘zini urdi-da, o‘g‘irlagan pullarni ko‘ngilxushliklarga sarflash niyatida Sharofiddinning uy manzilini aytdi...

Sharofiddin Farhodning navbatdagi «o‘ljasi» ancha salmoqli bo‘lganini bilgach, darhol Sardorga qo‘ng‘iroq qildi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Sardor ham etib keldi. «Uzumini yengu, bog‘ini so‘ramang» naqliga qat'iy amal qiladigan ikki «aka» buncha pulni sarflash uchun shahri azim Toshkentga borish kerak, degan xulosaga kelishdi. Uchovlon darhol safar tadorigini ko‘rib, yo‘lga chiqdi. 

Toshkentdan kunni kech qilib qaytgan «uch og‘ayni botirlar» oqshomgi ko‘ngilxushlikni o‘zlarining qadrdon kabobxonalarida davom ettirishar ekan, bazmu jamshid uchun keyingi kunlarning rejasini maslahatlashib o‘tirishdi. Ammo bu safar rejalarni yakunlash ularga nasib etmadi. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida hamtovoqlar qo‘lga olinib, qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keldi.

Ko‘proq yangiliklar: