Maktablarga biriktirilgan yangi "Kamolot"chilar tartibsiz va dars qoldiruvchi o‘quvchilar ro‘yxatini tuzadi

O‘zbekiston 00:53 / 15.03.2017 9318

14 mart kuni Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shahardagi maktablar va o‘rta maxsus ta'lim muassasalaridagi o‘quvchilar davomati va o‘quv jarayoni muhokama qilindi.

Unda shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, IIBB, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta'limi boshqarmasi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, "Kamolot" YoIH shahar kengashi hamkorligida qabul qilingan "2016-2017 yilgi o‘quv yilida umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘quvchilar davomatini to‘liq ta'minlash, 9-sinf bitiruvchilarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalariga o‘qishga qamrab olishni amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qo‘shma qarorning mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tildi.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistondagi maktablarda 1 mart kunidan boshlab "Kamolot" tarbiyachisi lavozimi paydo bo‘lgan. Bunday tarbiyachining asosiy vazifasi o‘quvchilarga darslarni o‘zlashtirishda yordam ko‘rsatish hamda ularning dars qoldirmasligini ta'minlash bo‘ladi.

"Kamolot" tarbiyachilarining vazifalari quyidagilardan iborat: 

- Yetakchilar maktab ma'muriyati bilan birga 10 kun ichida doimiy ravishda darslarni qoldirayotgan o‘quvchi va talabalar ro‘yxatini tuzishadi;
- bir hafta davomida barcha ta'lim muassasalaridagi real davomatni aniqlaydi;
- mahalla profilaktika inspektorlarini ta'lim muassasalariga biriktiradi.

Profilaktika inspektorlari sababsiz dars qoldirayotgan, ta'lim muassasasi ichki tartiblariga rioya qilmaydigan o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlab, farzandlari tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lgan kishilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishadi.

Ko‘proq yangiliklar: