Germaniyadagi do‘kon «Xitoylikni yeb, itni saqlab qol» yozuvli futbolkalarni sotishda davom etmoqda

Jamiyat 15:26 / 14.03.2017 7812

Xitoyning Berlindagi elchixonasi va internet foydalanuvchilarining e'tirozlariga qaramasdan Germaniyadagi Spreadshirt internet do‘konida «Xitoylikni yeb, itni saqlab qol» va «Xitoylikni yeb, akulani saqlab qol» yozuvlari tushirilgan futbolkalarni sotishda davom etmoqda.

Feysbuk foydalanuvchilari Spreadshirt vakillarini irqchilikda ayblagan.

Do‘kon rahbariyati esa foydalanuvchilar tomonidan o‘ylab topilgan printlar uchun mas'uliyatni zimmasiga olmasliklari, ish ochiq platformalar tamoyilida olib borilishini aytishgan. Bu tamoyilga ko‘ra, har bir foydalanuvchi o‘zining shaxsiy dizayni orqali futbolkani boshqa xaridorga taklif etishi mumkin bo‘ladi.

Internet do‘konining ijtimoiy tarmoqdagi obunachilari rahbariyatning bu bayonotini qabul qilishmagan. Ulardan biri "Bunday print xitoyliklardan boshqa millat haqida bo‘lganida ham sotuvda qoldirilarmidi?" deb so‘ragan. Spreadshirt rahbariyatidagilar esa bunga javoban hech kimni ranjitishni istamasligini bildirgan.

"Biz kimnidir xafa qilishni istamagandik va biz printdagi yozuvlar kimni haqoratlagan bo‘lsa, ularning barchasidan uzr so‘raymiz. Bizning butun dunyoda 70 mingga yaqin hamkorlarimiz bor, jumladan rassomlar, musiqachilar, brendlar, korporatsiyalar, notijoriy tashkilotlar va siyosiy birlashmalar", deyilgan bayonotda.

Internet foydalanuvchilari bu bayonotni qabul qilishmagan va millatni haqoratlovchi futbolkalarni sotuvdan olib tashlashni talab etishda davom etishgan.

«Siz xato qaror qabul qildingiz va endi irqchilikni rag‘batlantiryapsizmi? Jiddiy aytaman, bu yaxshi ish emas. Men o‘zim uchun boshqa joyda futbolka buyurtma qilaman. O‘z hamyonim orqali ovoz beraman»

«Dizayner, menejyer, prodyuser va kompaniyadagi boshqalar, iltimos maktabga boshqatdan boring va zamonaviy jamiyatda yaxshi inson qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganing. Ota-onangizdan ham sizlarni qaytadan tarbiyalashlarini so‘rang. O‘zi yoshlaringiz nechada? 12 yoshli bolalarmisiz?»

«Siz Xitoy xalqidan uzr so‘rashingiz kerak! Yaponlar har yili ko‘plab akulalarni o‘ldirishadi, xitoyliklar esa yo‘q. Biz it yemaymiz, sizning dizayn esa rasvo!»

Bunday futbolkalarni sotishni to‘xtatishni so‘rab, Xitoyning Berlindagi elchixonasi ham murojaat qilgan.

«Biz nemis hamkorlarimizdan kompaniya va sayt faoliyatini nazorat qilishni hamda ikki xalq orasidagi do‘stona munosabatlarni buzmaslikka e'tibor qaratishni so‘raymiz», deyilgan ushbu murojaatda. 

Internet foydalanuvchilari futbolkalarni sotuvdan olib tashlash so‘ralgan petitsiya ham boshlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: