O‘zbekiston elchixonasi Saratov yaqinidagi YTHda halok bo‘lganlar shaxsini aniqlashga urinmoqda

Jahon 18:52 / 20.02.2017 12349

O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi konsullik bo‘limi Saratov viloyatida ro‘y bergan YTH oqibatida to‘rt nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lganini tasdiqlamoqda, ayni damda ularning shaxsi aniqlanmoqda, deb xabar berdi RIA Novosti Moskvadagi elchixona vakiliga asosan.

Avvalroq Rossiyaning Saratov viloyatida ikkita yengil avtomobilning to‘qnashib ketishi oqibatida 6 kishi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berilgan edi. YTH mahalliy vaqt bilan tonggi soat 6:00 atrofida ro‘y bergan. Ma'lumotlarga ko‘ra, 90-mintaqa davlat raqamiga ega Kia Rio rusumli avtomobil qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketgan va 163-mintaqa davlat raqamiga ega bo‘lgan Nissan Almera mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda ikki haydovchi va Kia avtomashinasidagi 4 nafar yo‘lovchi hayotdan ko‘z yumgan. Viloyat prokuraturasining aniqlik kiritishicha, YTH oqibatida O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosi va bir nafar Tojikiston fuqarosi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lgan oltinchi shaxs esa Petrovsk shahrida yashagan. Politsiya hodisa yuzasidan tekshiruv olib bormoqda, uni viloyat prokuraturasi nazorat ostiga olgan. 

"Bizning konsullik bo‘limimiz ayni damda ushbu masala ustida ishlamoqda. Halok bo‘lganlarning shaxsi FVV, mahalliy o‘zbeklar yordamida aniqlanmoqda. Konsullik bo‘limi ushbu hodisa yuzasidan barcha Rossiya tuzilmalari bilan aloqada", - deya aytib o‘tgan agentlik suhbatdoshi.

Agentlik Tojikiston elchixonasi ushbu YTH oqibatida respublikaning bir nafar fuqarosi borligini tasdiqlagani haqida ham xabar berdi. "Ha, halok bo‘lganlar orasida Tojikistonning 1984 yilda tug‘ilgan fuqarosi bor. Ayni damda elchixona va bizning xizmatlarimiz bu masala bilan shug‘ullanishmoqda, biroq hozircha rasmiy ma'lumot olmadik, barcha detallarni bilmaymiz", - deya ta'kidlab o‘tishgan elchixonada.

Ko‘proq yangiliklar: