2016 yilda Xalq ta'limi vazirligiga eng ko‘p shikoyatlar qaysi masalada kelib tushgan?

Jamiyat 12:28 / 18.02.2017 31000

Ma'lumki, O‘zbekistonda Mustaqillik yillarida ta'lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish, ertangi kunning munosib davomchilarini kamolga yetkazishning mustahkam tashkiliy-huquqiy mexanizmi yaratildi. Sohaga oid qabul qilingan qator davlat dasturlariga binoan ko‘plab ta'lim muassasalari yangidan qurildi, zamonaviy o‘quv anjomlari bilan ta'minlandi.

“Xalq so‘zi” muxbiri xalq ta'limi tizimi oldiga qo‘yilayotgan vazifalarni to‘laqonli ­bajarish, amaliy natijalarni yanada mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan  ishlar xususida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri ­Ulug‘bek Inoyatov bilan suhbatlashdi.

Vazirning ma'lum qilishicha, bugungi kunda xalq ta'limi tizimida 4916 ta maktabgacha ta'lim muassasasi, 9692 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi, 301  bolalar musiqa va san'at maktabi, 211 ­“Barkamol avlod” markazi, 225 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, 4 ta davlat ­pedagogika ­instituti ­faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tizimda rahbar va pedagog kadrlarning masofadan malaka oshirishi bo‘yicha esa zamonaviy metodlar joriy etilgan. 2016 yilda 93 mingdan ortiq rahbar va pedagoglar 140 ta ­malaka toifasi asosida o‘z ­mahoratini oshirgan.

Hozirgi kunda esa O‘zbekistondagi umumta'lim maktablarida 389 ming 740 nafar pedagog fao­liyat yuritadi. Pedagog kadr­lar tarkibi muntazam o‘rganilib, ularning bilimi, mahorati attestatsiya va sinovlardan o‘tkazib ­borilmoqda. Jumladan, vazirning so‘zlariga ko‘ra, shu yilning 3 — 12 yanvar kunlari ­ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy mahorati hamda bilim darajasini o‘rganish bo‘yicha ­sinovlar o‘tkazildi. Jami 20 ming 119 nafar o‘qituvchidan 17250 (89,5 foizi) nafari sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Qolgan 2869 nafar o‘qituvchining nav­batdan tashqari malaka oshirish kurslaridan o‘tishi rejalashtirildi.

Shuningdek Inoyatovning aytishicha, o‘tgan yillarda o‘quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish maqsadida xalqaro hamda milliy tajribalardan kelib chiqqan holda, sohaviy yondashuvga asoslangan 18 ta umumta'lim fani bo‘yicha uzluksiz ta'lim tizimining davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlari loyihalari tayyorlanib, 75 ta maktab, 39 ta kasb-hunar kolleji hamda 28 ta akademik ­litseyda tajriba-sinovdan ­o‘tkazilgan. Shu asosda yangi davlat ta'lim standart­lari va o‘quv dasturlari ­loyihasi ham tayyorlandi.

Qayd etilishicha, Xalq ta'limi vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, hamyurtlarimizning sohaga oid taklif, mulohaza hamda arizalarini zudlik bilan ko‘rib chiqish, tizimda olib borilayotgan islohotlar borasida jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida 10-06 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”dan tashqari, 2016 yilning 28 noyabridan xalq ta'limi vazirining virtual qabulxonasi ishga tushirildi.

Vazirning aytishicha, 2016 yilda vazirlikka fuqarolardan 5,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ularning mazmuni tahlil etilib, eng ko‘p ariza, shikoyat va takliflar kelib tushayotgan masalalar — ish bilan ta'minlash, ta'lim muassasasiga o‘qishga kirish va joylashtirish, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati, ta'lim-tarbiya mazmunini takomillashtirish, maktablarda dars taqsimoti bo‘yicha muammolarning oldini olish choralari ko‘rilayotgani aytildi. Shuningdek, murojaatlar nisbatan ko‘p kelib tushayotgan hududlarda qabul kunlari, ochiq eshiklar kuni o‘tkazilayapti.

Bundan tashqari, Prezidentning yaqinda “2017 — 2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2017 — 2021 yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli kompleks tadbirlardan iborat das­tur zamirida ham  bolalarni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitni ­yaratish maqsadi mujassamdir. Dasturga binoan, 2 ming 200 ta maktabgacha ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qishloq joylarda maktabgacha ta'lim muassasalarini yangidan qurish, zarur inventar, jihozlar, o‘quv-metodik qo‘llanma va multimediali vositalar bilan ta'minlash rejalashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu sa'y-harakatlarning amalga oshirilishi natijasida bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish 1,5 barobar ­ortadi. 2021 yilga borib, respublikamizda maktabgacha ta'lim muassasalari 1 million 109 ming nafardan ortiq bolalarni qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Dasturda tarbiyachi-pedagoglar salohiyati, malakasi va tajribasini oshirishga ham e'tibor qaratilgan. Maktabgacha ta'lim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash hamda ular malakasini oshirishda, birinchi navbatda, o‘quv reja va dasturlar ilg‘or pedagogik texnologiya hamda metodlarni inobatga olgan holda takomillashtiriladi. Bugungi kunda tizimda faoliyat olib borayotgan 55 mingdan ziyod pedagog xodimlarning malakasi zamonaviy o‘quv reja va ­dasturlar asosida bosqichma-­bosqich oshiriladi.

Vazirning aytishicha, ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasidan foydalanib, 2017 yilda maktabgacha ta'lim-tarbiya tizimi uchun muqobil dasturlarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq qilinadi. Yangilangan dasturlar bolalarni maktabga yanada sifatli tayyorlash, ularning intellektual qobiliyati va man­tiqiy fikrlash salohiyatini yuksaltirish, oldingidan farqli o‘laroq, yozish hamda o‘qishni jadal o‘rganishiga xizmat qiladi.

Inoyatovning ta'kidlashicha, bugungi kunda bolalar chet tillarni shu sohaga oid yangi davlat ­ta'lim standartlari hamda o‘quv ­dasturlariga mos darsliklar asosida katta qiziqish bilan o‘rganmoqda ekan. Ayni paytda 1 — 4-sinf o‘quvchilari uchun zamonaviy darslik-majmualar ishlab chiqilib, o‘quvchi va o‘qituvchilar darsliklar bilan yuz foiz bepul ta'minlangani aytildi. Chet tili ta'limi samaradorligini oshirish maqsadida maktablarga barcha zarur jihoz va inventar yetkazib berilgan.

“Kids’ English” darsligi boshlang‘ich sinflar uchun yagona ­kontseptual metodika hamda tamoyil­lar asosida yaratilgan. Chet tillar bo‘yicha yangi davlat ta'lim standartlari asosida ta'lim olayotgan 4-sinf o‘quvchilari 2017/2018 o‘quv yilida 5-sinfda o‘qishni davom ettiradi. Bu ­jarayon bilan bog‘liq ravishda amaldagi ingliz, fransuz va nemis tili darsliklari ham yangi talablar asosida, 1-4-sinf chet tili darsliklarining mantiqiy davomi sifatida qayta ishlanmoqda. Ayni paytda majmualar joylardagi bir nechta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. 2013 — 2016 yillar davomida chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida oliy ta'lim muassasalarining shu yo‘nalishda tahsil olgan 6 ming 133 nafar bitiruvchisi umumta'lim maktablariga ishga jalb qilingan. Joriy o‘quv yilida esa chet tili o‘qituvchilarini tayyorlovchi 18 ta oliy ta'lim muassasasining 1 ming 421 nafar bitiruvchisi ishga qabul qilingan.

Shuningdek vazir bugungi kunda 9 ming 576 ta maktab kutubxonasi hamda axborot-­resurs markazi faoliyat ko‘rsatayotgani aytdi. Shuningdek, tizimda 12 viloyat va 199 tuman ­(shahar) axborot-resurs markazlari ham mavjud. Ushbu muassasalardagi kitob fondi 23 milliondan oshgan. Ya'ni 4,8 million o‘quvchining har biriga o‘rtacha 4,7 donadan kitob to‘g‘ri keladi.

Soha mutaxassislarining xulosasiga ko‘ra, kutubxonalar fondi har yili kamida 15 — 20 nomdagi yangi adabiyotlar bilan to‘ldirilishi maqsadga muvofiq ekan. Vazirlik tomonidan maktab kutubxonalari fondini bolalar badiiy adabiyotlari bilan ­boyitish maqsadida 2014/2015 o‘quv yilida 1 — 4-sinf o‘quvchilari uchun byudjyet mablag‘lari hisobidan 5,6 milliard so‘mlik 27 nomdagi badiiy adabiyotlar yetkazib berilgani aytildi. Joriy o‘quv ­yilida esa maktab kutubxonalari 5-9-sinf o‘quvchilari uchun
7,6 milliard so‘mlik 28 nomdagi badiiy adabiyotlar bilan ­ta'minlanayotgani ma'lum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: